18:45 / 10.10.2021
23325

Britaniyaga evakuatsiya qilingan afg‘on qochqinlari ortga qaytarishlarini so‘rashmoqda

Britaniyaga olib chiqilgan afg‘on qochqinlari vatanlariga qaytishni istashmoqda. Ular Britaniyadagi mehmonxonalarda yashash sharoitlaridan, tibbiy xizmat yo‘qligidan va qabul qiluvchi tomonning ularga bepisand munosabatidan shikoyat qilishmoqda.

Foto: Reuters

Ma'lumotlarga ko‘ra, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallagandan keyin olib chiqilgan 7 mingga yaqin qochqin Britaniyadagi eng past darajali mehmonxonalarga joylashtirilgan va ularga tez orada vaqtinchalik boshpana berishga va'da qilingan. Endi esa Britaniya ichki ishlar vazirligida qochqinlardan aksariyati mehmonxonalarda bir necha oygacha qolishi aytilmoqda. Afg‘onlar ularga taqdim qilingan sharoitlardan norozilik bildirishmoqda.

“Men bunga boshqa chiday olmayman. Men qandoq bo‘lmasin, bu yerdan chiqib ketishim kerak”, deb aytgan 67 yoshli afg‘on qochqini.

Britaniyada siyosatchilar va jamoatchilik qochqinlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatidan xavotir bildirishmoqda.

Xelen Bamber nomidagi jamg‘armaning yetakchi shifokori, 650 nafar qochqin bilan ishlayotgan Jill O'Lirining aytishicha, afg‘onlarni mehmonxonalarga joylashtirish bilan bog‘liq vaziyat “juda chalkash” bo‘lib, mehmonxonalar egalari qochqinlarga shifokor ro‘yxatidan o‘tishda yordam berishlari va ularning huquqlarini tushuntirishlari kerakligidan hamon bexabar.

Ekspertlarning baholashicha, yuzaga kelgan vaziyat Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning afg‘onlarni qabul qilish bo‘yicha tashabbusi - “Iliq qabul” dasturining muvaffaqiyatini shubha ostiga qo‘ymoqda. Dasturdan maqsad esa afg‘on qochqinlariga o‘zga yurtda o‘z turmushlarini qayta izga qo‘yish, ish topish, mahalliy jamiyatga qo‘shilib ketishda yordam ko‘rsatishdan iborat.

Londonning Grinvich tumanidagi maslahatchi Denni Torpning ta'kidlashicha, qochqinlarga ko‘mak ko‘rsatishda davlat tomonidan uyushgan yordam yo‘qligi kechirib bo‘lmas kamchilikdir. Uning aytishicha, bu yerga keltirilgan afg‘onlarda tez orada hattoki sovun tugaydi.

“Bu hukumat to‘qnash kelgan eng katta muvaffaqiyatsizliklardan biridir. Bu odamlarni qo‘llab-quvvatlashda yuqori mansabdor siyosatchilarning aytayotgan so‘zlari bilan amaldagi ishlari o‘rtasida ulkan tafovut bor”, deb aytgan Torp.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top