15:06 / 10.10.2021
12661

Tataristonda parashyutchilar samolyoti qulab tushdi. Faqat olti kishi tirik qoldi

Rossiya tarkibidagi Tatariston Respublikasining Menzelinsk shahrida L-410 rusumli yengil motorli samolyot qulab tushishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Bortda jami 22 kishi bo‘lgan.

Foto: Rossiya FVV

Tatariston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, shifoxonaga olti nafar jabrlanuvchi yotqizilgan, ulardan biri o‘ta og‘ir ahvolda.

Dastlabki xabarlarda yetti kishi halokatdan omon qolgani aytilgandi. Keyinroq sog‘liqni saqlash vazirligidagilar tibbiy yordamga muhtoj holda keltirilgan bemorlarning biri samolyot bortida bo‘lmagani, u qulash hududida avariyadan keyin o‘zini yomon his qilib shifokorlarga murojaat qilgani aytildi.

Halokat ro‘y bergan joyga 50dan ortiq qutqaruvchi va 17ta texnika jalb etilgan. Voqea joyiga Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov ham yetib kelgan.

Chexiyada ishlab chiqarilgan L-410 yengil motorli samolyoti Menzelinskda halokatga uchragani haqidagi xabar mahalliy vaqt bilan soat 9:11da kelib tushgan.

TASS agentligi manbasiga ko‘ra, samolyot aerodromdan uchib chiqishidan ko‘p o‘tmay qulab tushgan. Qulash chog‘ida uning fyuzelyaji (korpusi) chilparchin bo‘lgan. «Interfaks» agentligi manbasining qayd etishicha, halokatning asosiy sababi sifatida texnikaning ishlamay qolgani ko‘rib chiqilmoqda. Samolyot boshqaruvi ishlamay qolgach, uchuvchi majburiy qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘lgan, ammo yerga juda kuchli zarb bilan urilgan.

Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, samolyot DOSAAF (Rossiya armiyasi, aviatsiyasi va flotiga ko‘mak berish ko‘ngillilar jamiyati)ga tegishli bo‘lgan. Undan 1987 yildan buyon foydalanilib kelingan.

MARINA LYSTSEVA/TASS

Sentabr oyi boshida ham xuddi shu rusumli samolyot Irkutsk oblastidagi Kazachinskiy qishlog‘ida majburiy qo‘nishni amalga oshirgandi. Samolyot quyuq tuman sharoitida yuqori bo‘lmagan balandlikdan qulagandi. Bortda 14 yo‘lovchi va ekipajning ikki a'zosi bo‘lgan. To‘rt kishi halok bo‘lgan, jumladan havo kemasi komandiri ham.

L-410 rusumli yana bir samolyot (uning ham bortida parashyutchilar bo‘lgan) joriy yil iyunida Kemerovo oblastida qulab tushgandi. Avariyaga dvigatel ishlamay qolgani sabab bo‘lgan, bu halokat to‘rt kishini hayotdan olib ketgandi.

Mavzuga oid
Top