13:28 / 11.10.2021
2243

Prezident: G‘ilon qishlog‘ida keyingi besh yilda bironta ham oilaviy ajrashish qayd etilmagan 

Foto: Milliy mass-media fondi

Qashqadaryo viloyatidagi G‘ilon qishlog‘ida keyingi besh yilda bironta ham oilaviy ajrashish qayd etilmagan. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Qashqadaryodagi mashhur G‘ilon qishlog‘ini hammamiz yaxshi bilamiz. Ma'lumotlarga qaraganda, mana shu qishloqda keyingi besh yilda bironta ham oilaviy ajrim qayd etilmagan. Biz buni qishloq ahlining o‘zaro hamjihatligi, mahalla faollari, ayniqsa, nuroniylarimizning jonkuyarligi natijasi deb bilamiz. Bunday ijobiy tajribani butun el-yurtimizga ibrat qilib ko‘rsatsak albatta arziydi. 

Men Qashqadaryoda tug‘ilib voyaga yetgan qahramon shoirimiz Abdulla Oripov bilan yaqin do‘st, ijodining chinakam muxlisi bo‘lganimdan doimo faxrlanaman. Ulug‘ shoirimiz: “Toleimga bitgan Qashqadaryomsan”, deb tug‘ilgan yurtini cheksiz ardoqlar edi. 

Xalqimiz: “Oltin konlaridan hamisha oltin chiqadi”, deb bejiz aytmagan. Bundan keyin ham Qashqadaryo vohasining shahar va qishloqlaridan, xususan, Qarshi shahridagi atoqli shoirimiz nomi bilan ataladigan ijod maktabidan Abdulla Oripov, Jumaniyoz Jabborov, Normurod Narzullayev, Muhammad Rahmon, Samar Nur, Ismoil To‘xtamishev, Chori Avaz, Nazar Shukur kabi iste'dodli shoir va yozuvchilarning munosib izdoshlari yetishib chiqadi, deb ishonaman”, dedi prezidentlikka nomzod.

Top