08:41 / 11.10.2021
6941

“Zarafshon daryosidagi holat bo‘yicha “Navoiyazot” jamoatchilikka tushuntirish berishi kerak” - Ekopartiya

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Zarafshon daryosiga oqizilgan sanoat chiqindilari sabab ko‘plab baliqlarning nobud bo‘lishi yuzasidan “Navoiyazot” AJ mas'ullari jamoatchilikka tushuntirish berishlarini talab qilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Ekopartiya bayonotida “Navoiyazot” AJ tomonidan Zarafshon daryosiga hayot uchun xavfli bo‘lgan sanoat chiqindilarining oqizilishi nafaqat ekologiyaga, balki insonlarga ham ziyon keltirishi aytiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta'sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-son qaroriga ko‘ra, “Navoiyazot” AJ atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatishning I toifasi, ya'ni yuqori darajadagi xavfli obektlar qatoriga kiradi. Atrof-muhitga xavf darajasi yuqori bo‘lgan bu korxonadan bunchalik ko‘p miqdorda xavfli kimyoviy moddalarning ochiq tabiatga chiqarib yuborilishi birinchi galda qo‘pol qonunbuzarlik va shu bilan birga, korxona tomonidan atrof-muhit muhofazasiga e'tiborsizlikning yaqqol ko‘rinishidir”, deyiladi partiya xabarida.

Ta'kidlanishicha, bunga “Navoiyazot” AJ kabi yuqori darajada xavfli obektlarda atrof-muhitga chiqariladigan har qanday chiqindilarni bartaraf etish nazoratga olinmagani, mas'ul mutaxassislar va mexanizm yo‘qligi sabab bo‘lyapti. Bunday holatni shu kabi boshqa korxonalarda ham kuzatish mumkin.

Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning saylovoldi dasturida sanoat chiqindilarining zararini kamaytirish bo‘yicha maqsadlar belgilangan.

“Xavfli kimyoviy moddalar ta'sirida yer, suv va atmosferaning ifloslanish holatlarini qisqartirish hamda ekologik jihatdan xavfli obektlarning transchegaraviy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha huquqiy ta'sir choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda. Atrof-muhitni me'yoridan ortiq ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash orqali ularning texnologik jarayonlarini modernizatsiya qilish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. Shuningdek, sanoat va maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsad qilingan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur holatni qattiq qoralaydi. “Navoiyazot” AJ mas'ullari mazkur holat bo‘yicha jamoatchilikka tushuntirish berishlarini so‘raymiz va sanoat chiqindilarining bu kabi zararlari nafaqat ekologiyaga, balki insonlarga ham ziyon keltirishini eslatib o‘tamiz”, deya ta'kidlangan partiya rasmiy munosabatida.

Avvalroq, Zarafshon daryosiga oqizilgan sanoat chiqindilari sabab daryo suvi zaharlanib, ko‘plab baliqlar nobud bo‘lishi Ekologiya qo‘mitasi tomonidan noinsoflik deya baholangan edi.

Ayni paytda “Navoiyazot” tomonidan yetkazilgan zarar 4 milliard so‘mdan ortiq deb taxmin qilinmoqda. Baliqlar orasida “Qizil kitob”ga kiritilganlari ham bor. Tekshiruvlar hali yakuniga yetmagan, zarar bundan ham kattaroq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Top