14:01 / 12.10.2021
8977

Buxoroda amalga oshirilishi rejalashtirilgan «mega-loyihalar» ma'lum qilindi

Viloyatning salohiyati, mavjud resurslarini qayta ishlash imkoniyatlarini inobatga olib, kelgusi yillar Buxoroda “sanoatda keskin burilish davri” bo‘ladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida aytib o‘tdi.

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

“Jumladan, jami 8 milliard dollarlik 5 mingta loyiha amalga oshirilib, 100 ming yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bunda, eng avvalo, sanoatning strategik tarmoqlarida xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratilgan 5 ta “mega-loyiha” amalga oshiriladi.

Xususan, Qorako‘l tumanida qiymati 2,7 milliard dollarlik, yiliga 1,3 milliard kub metr gazni qayta ishlaydigan gaz-kimyo kompleksini barpo etish loyihasi boshlanadi. Bu loyiha doirasida, eng zamonaviy texnologiyalar asosida, yiliga 770 ming tonna polimerlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonaning atrofida sanoat klasteri tashkil etilib, unda qurilish materiallari, kimyo, yengil sanoat, elektrotexnika, avtomobilsozlik va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlari uchun 100 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali, Qorako‘l, Olot, Jondor va Peshku tumanlarida 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratilib, yiliga 110 million dollarlik mahalliy sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda viloyatda elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari mavjud emas. Shuning uchun, 1,6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobidan 4 ta shamol, quyosh va issiqlik elektr stansiyalari barpo etiladi. Ushbu stansiyalar yiliga 6,3 milliard kilovatt soat yoki viloyat ehtiyojiga nisbatan ikki barobar ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Jumladan, 2023 yilda Peshku va G‘ijduvonda jami quvvati 1 ming megavatt bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi quriladi. 

Shu bilan birga, aholini yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta'minlaydigan mahalliy sanoat ravnaqiga alohida e'tibor qaratiladi. Bunda, eng avvalo, to‘qimachilik sanoatida jami 450 million dollarlik 180 dan ziyod yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilib, 40 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, islohotlarimiz natijasi sifatida, paxtani yetishtirishdan boshlab, tayyor kiyimgacha bo‘lgan va ishlab chiqarishning barcha sikllarini qamrab olgan klaster tizimi Buxoroda o‘z samarasini ko‘rsatdi. Ushbu ishlarimizni davom ettirib, viloyatda kelgusi besh yilda paxta tolasi va ip-kalavani qayta ishlash darajasi 35 foizdan 100 foizga yetkaziladi va eksport 4 barobarga ko‘payadi.

Hudud uchun salohiyati yuqori bo‘lgan yana bir tarmoq – qurilish materiallari sanoati ham yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun viloyatdagi 78 ta kon uchastkasi auksionga chiqariladi, 37 ta istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi. Qorovulbozor va Peshku tumanlarida qurilish materiallari klasterlari tashkil etilib, 10 trillion so‘mlik 282 ta loyiha amalga oshiriladi.

Charm sanoatida terini qayta ishlash darajasi 70 foizga yetkaziladi. Buning uchun, Vobkent, G‘ijduvon, Romitan, Shofirkon, Qorako‘l, Jondor va Kogonda eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha 400 milliard so‘mlik 42 ta loyiha amalga oshiriladi va 8 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid
Top