22:18 / 12.10.2021
5113

Filippin prezidenti vaksinalarga qarshilarni uyquda bo‘lganlarida emlashni taklif qildi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte mutasaddi idoralarga koronavirusga emlashga qarshi chiquvchilarni uxlayotganlarida emlashni taklif qildi.

Foto: Reuters

Duterte aholiga murojaatida shaxsan o‘zi ushbu kampaniyaga yetakchilik qilishini aytgan.

“Ko‘pchilik hanuzgacha emlanishni istamayapti. Bu ularning muammosi. O‘z qishloqlaringizda shundaylarni toping va biz ularni emlash uchun uylariga boramiz. Keling, bundaylarning uylariga kirib, ularni uxlayotganlarida emlaymiz. Men shaxsan o‘zim ushbu tashabbusga boshchilik qilaman”, deb aytgan Duterte.

Shu bilan birga, siyosatchi mamlakatning aksariyat aholisi hanuzgacha emlanmaganida o‘zi ham aybdor bo‘lishi mumkinligini tan olgan. Uning ta'kidlashicha, 2021 yil boshida vaksinalar yetishmaganida uning aybi bor.

Bu orada mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi emlanish majburiy emasligini, emlash fuqarolarning roziligi bilan o‘tishi kerakligini bir necha marotaba ta'kidlab o‘tgan.

Filippinda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash 1 martdan boshlangan. Mamlakatda 8 ta vaksina emlash uchun ma'qullangan.

Aholisi 110 mln kishidan iborat Filippinda ayni vaqtda 23 mln fuqaro koronavirusga qarshi to‘liq emlangan. Dutertening ta'kidlashicha, mamlakatda emlash sur'atlari past darajada. U joriy yil oxirigacha 70 mlndan ko‘proq fuqaro emlanishi kerakligini aytgan.

Duterte bu maqsadga erishish uchun keskin choralarni taklif qilmoqda. Jumladan, u vaksinaga qarshilarga hibsga olish bilan po‘pisa qilgan va kuch tuzilmalariga karantin cheklovlariga qarshilarni o‘qqa tutishga ruxsat bergan. Iyunda u koronavirusga chalinganini bila turib karantin qoidalariga bepisandlik qiluvchilarga qotillik sodir etish ayblovi qo‘yilishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid
Top