16:31 / 12.10.2021
98204

Shamollagan bolani davolashda yo‘l qo‘ymaslik kerak bo‘lgan xatolar – shifokor tavsiyalari

Ayni kunlarda bolalar va kattalar orasida shamollash yoki grippga chalinish holatlari ko‘p uchramoqda. Hududlardagi bolalar shifoxonalarida turnaqator navbat kuzatilayotgani sir emas. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari, bosh shifokor Abdumannon Abduqayumov bu holatlarda kerakli tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

Shamollashdan himoya qilishning tabiiy usullari

Kuz va bahor kelishi bilan bolalar orasida shamollash holatlari ko‘paya boshlaydi. Bunga sabab havo harorati keskin o‘zgaruvchanligidir.

Bolalarni bundan himoya qilishning yo‘li – ularni mavsumga qarab kiyintirish kerak. Ularning ovqatlanishiga, ayniqsa nonushtasiga juda e'tiborli bo‘lish kerak. Vitaminga boy mahsulotlarni iste'mol qilish, gigiyenaga rioya qilish va albatta sport bilan muntazam ravishda shug‘ullantirib, chiniqtirish lozim.

Shamollash mavsumida bolada shamollash alomatlari kuzatilsa, uni 3 kungacha jamoat joylariga jo‘natmay turish tavsiya etiladi. Chunki boshqalarga ham yuqtirish ehtimoli katta bo‘ladi.

Bolalarni shamollashdan tabiiy yo‘llar bilan himoya qilish mumkin. Ularni ochiq havoda sayr qildirish, chiniqtirish, D vitamini berish kerak. Bizning hudud serquyosh o‘lka hisoblansa-da, hozir ko‘pchilikda D vitamini tanqisligi kuzatilyapti. Shuning uchun bu vitaminni muntazam iste'mol qilish tavsiya etiladi. Bu vitaminning D immunitetni oshirishda ta'siri katta. Shu usullar orqali immunitetni oshirish mavsumiy kasalliklardan himoyalanishda yordam beradi.

Shamollaganda isiriq tutatish allergiya qo‘zg‘atadi

Shamollagan bolalarni davolashda o‘zboshimchalik bilan chora ko‘rish, aniq natijasi bo‘lmagan usullarni qo‘llash mumkin emas.

Ko‘pincha shamollagan, grippga chalingan bemorlar bor xonada isiriq tutatish kasallik ko‘payishining oldini olish chorasi sifatida qo‘llanadi. Lekin bugungi kunda bu usul foyda bermaydi. Chunki biz iste'mol qilayotgan oziq-ovqat o‘zgargan, biz nafas olayotgan havo o‘zgargan. Ekologik omillar ta'siri, daraxtlarning kamayishi, har qadamda uchraydigan qurilishlar sabab havoda chang miqdori ko‘payishi turli allergik kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Bolalar orasida ham allergik xastaliklar juda ko‘p uchramoqda. Isiriq tutatish bolalarda allergiyani qo‘zg‘atishi sababli shifokorlar tomonidan bu tavsiya etilmaydi.

Antibiotiklar umuman mumkin emas

Shamollaganda ko‘pincha uy sharoitida davolanishga o‘rganganmiz. Lekin bilib-bilmasdan turib bolaga turli antibiotiklar berish yoki inʼeksiyalar qilish umuman noto‘g‘ri. Ba'zi shifokorlar ham shunday vaziyatda antibiotik qabul qilishni buyurishadi. Bu davolash chorasi noto‘g‘ri. Har bir ota-ona o‘z farzandi salomatligi uchun mas'ul va kasal bo‘lganda bola qabul qiladigan har qanday dori yoki ukolga jiddiy qarashi kerak. Shamollash 99 foiz holatlarda viruslar orqali kelib chiqadi. Gripp yoki mavsumiy virusli kasalliklarda antibiotiklar umuman mumkin emas, tavsiya etilmaydi.

Kasallikka chalinganda nima qilish kerak?

Agar bolada shamollash alomatlari kuzatilsa:

  1. Agar bolada tana harorati 38,5 darajadan baland bo‘lsa, unga ibuprofen berish kerak. Bu dori vositasi nafas yo‘llaridagi yallig‘lanish holatini bartaraf etadi hamda tana haroratini pasaytiradi. 3 kundan 5 kungacha faqat shu dorini berish maqsadga muvofiq. Shu bilan birgalikda bemorning sifatli ovqatlanishiga va ko‘p suyuqlik iste'mol qilishiga e'tibor berish lozim.
  2. Bemor organizmida 3 kungacha isitma chiqishi normal holat hisoblanadi. 3-5 kun orasida tana harorati 38,5 daraja bo‘lishi organizmning kasallik bilan kurashayotganini bildiradi. Bu vaqtda bemorni hech qanday antibiotik yoki boshqa vositalar bilan davolash tavsiya etilmaydi. Agar bemor salomatligi shu vaqt ichida yaxshi tomonga o‘zgarmasa, shifokorga murojaat qilish kerak.
  3. Bemorni alohidalash, xona havosini vaqti-vaqti bilan tozalab turish zarur.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Top