10:06 / 13.10.2021
25733

Andijonda qo‘lbola ko‘prik yasab, undan o‘tish uchun pul olib kelgan shaxs 7 sutkaga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida pulli ko‘prik paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Buloqboshi tumani hokimligi holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul oyidagi tabiiy ofat tufayli Aravonsoy ko‘prigi avariya holatiga kelgan va ko‘prikdan o‘tish to‘xtatilgan, hozirda qurilish va ta'mirlash ishlari boshlangan. 

2021 yil 10 oktabr kuni soat 7:00larda “Bozorboshi” MFY, Chilonzor ko‘chasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, fuqaro X.I. soyga 2ta yog‘ochdan iborat ko‘prik yasab, odamlarni 1000 so‘m evaziga o‘tkazib qo‘yishni yo‘lga qo‘ygan. 

Ma'lum qilinishicha, ushbu xatti-harakat Buloqboshi tumani sudida ko‘rib chiqilgan va fuqaro Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- va 200-moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi. 

“Ikkala tuman aholisi rasmiy sahifalar orqali ko‘prik qurilishi tugallanib, foydalanishga topshirilmagunga qadar o‘z hayotlarini xatarga qo‘yib, soydan yasama ko‘priklar orqali o‘tmaslik haqida ogohlantirildi”, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid
Top