18:00 / 13.10.2021
5369

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Buxoroda tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash ishlari holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari tomonidan geologik izlov-qidiruv ishlari, konlarda gaz quduqlarini burg‘ilash, kapital ta'mirlash hamda texnologik jarayonlar borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, amalga oshirilayotgan loyihalar holati o‘rganilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Jumladan, “Ishchi guruh”ning navbatdagi manzili Buxoro viloyatidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarma va zavodlari bo‘ldi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tashkil etilgan shtabda departament boshliqlari, boshqarma direktori, o‘rinbosarlari va mutaxassislari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Unda Gazli regionidagi konlarda olib borilayotgan geologik izlov-qidiruv ishlari tanqidiy muhokama qilindi. Bundan tashqari, “Uchqir” koni atrofida uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish hamda 3D seysmik-qidiruv ishlari holati ham tahlil qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan yangi maydonlarni ochish, gaz zaxiralarini oshirishga qaratilgan tadbirlar ijrosi borasida qilinayotgan har bir ish muhokama qilinib, tegishli departament boshliqlariga ko‘rsatmalar berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, Boshqarmada 2021 yil yakuni bilan uglevodorodlar qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarini bajarilishi, gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun qilinayotgan tadbirlarning samaradorligi ta'minlash masalalari ko‘rib chiqildi va burg‘ilash ishlarini, konlarni o‘zlashtirish uchun gaz quvurlarini qurish loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli departament va boshqarma boshliqlariga vazifalar belgilab berildi.

Quduqlardan tabiiy gaz qazib olishni jadallashtirish bo‘yicha kapital ta'mirlash va intensifikatsiya ishlarini olib borishdagi muammolar va ularning yechimlari borasida so‘z yuritildi. Intensifikatsiya ishlarida yangi texnologiyalarni keng qo‘llash, muhandis-texnik xodimlarning malakasini doimiy oshirish, mavjud masalalarni hal etish, kuz-qish mavsumida ishchi xodimlarning yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha tegishli mas'ullar, rahbarlarga topshiriqlar berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Kun tartibidagi yana bir masala, Gazli gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ning ijro holati ham muhokama qilinib, unda belgilangan ishlarning samaradorligi baholandi, belgilab olingan keyingi bosqichdagi ishlarni amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha mavjud muammoli masalalar ko‘rib chiqildi.

Kuz-qish mavsumida respublika aholisi uchun suyultirilgan gazni barqaror yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida, boshqarma rahbariyati va departament boshliqlariga “Yo‘l xaritasi” bandlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Tashrif doirasida, “Ishchi guruh” konlardagi yangi quduqlarni burg‘ilash qurilmalarida va quduqlarni kapital ta'mirlash uskunalarida mehnat qilayotgan master, kuzatuvchilar hamda barcha ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilandi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi, shuningdek gazni qayta ishlash zavodi qurilmalarini qishki mavsumga hozirlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar joyida o‘rganildi. Yo‘l quyilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha boshqarma va zavod rahbarlariga tadbirlarni to‘liq bajarish talabi qo‘yildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Boshqarmada transport xizmatlarini ko‘rsatish tizimi samaradorligini oshirish, yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini kamaytirish uchun, Gazli shaharchasidagi avtogaraj o‘rniga Gazli zavodi hududida avtotransport vositalarini saqlash uchun qurilayotgan avtomobillar saqlash binosi qurilish ishlari joyidan o‘rganildi.

Boshqaruv raisi joriy yilda sovuq havo harorati kutilganidan avvalroq boshlanganini inobatga olgan holda, qurilish ishlarini tezlashtirish uchun yengil konstruksiyali metallokonstruksiya va qurilish materiallaridan foydalanish zarurligi ta'kidladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top