11:36 / 14.10.2021
9190

Tanqidga munosabat: Boysundagi maktab o‘quvchilarini tashish uchun Damas mashinasini olishga shartnoma tuzilgan

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 13 oktyabr kuni Kun.uz’da «Otalarni qiynagan muammo bolalarga meros o‘tyapti: Boysunda «ijarada yurgan» maktab filiali bor» sarlavhasi bilan tanqidiy maqola e'lon qilingandi. Mazkur maqola yuzasidan tuman hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, Boysun tumanidagi «Darband» MFYga qarashli Balandi qishlog‘ida bugungi kunda 47 ta xo‘jalikda jami 233 nafar aholi istiqomat qiladi. Ushbu qishloqdagi 21-maktabning filiali sifatida foydalanib kelinayotgan binoda 26 nafar, 2, 5, 8, 11-sinf o‘quvchilari 2 smenada tahsil oladi.

Qayd etilishicha, Boysun tuman XTB tomonidan 2021 yilda Balandi qishlog‘idagi filialda o‘qiyotgan o‘quvchilarning eng yaqin hududda joylashgan 61-maktabga qatnovini yo‘lga qo‘yish maqsadida Damas mashinasini sotib olish uchun shartnoma tuzilgan hamda haydovchilik o‘rni ajratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi «2019-2022 yillarda Boysun tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 709-sonli qaroriga asosan, tumandagi 4R-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo‘lining 5-70-kilometr qismlarini 4 tasmali sement beton qoplamaga o‘tkazgan holda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Ushbu avtomobil yo‘lining ta'sir doirasiga Darband mahallasi va unga qarashli Balandi qishlog‘idagi fermer xo‘jaliklariga qarashli yer maydonlari, 15 ta turar va noturar joylar, shu jumladan, 21-maktab filiali sifatida foydalanilayotgan binosi tushgan.

Ta'kidlanishicha, 21-maktab filiali sifatida foydalanilayotgan bino Darband mahallasida yashovchi F.Eshonqulovga tegishli bo‘lib, bino buzilishi uchun kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilgan

Mavzuga oid
Top