12:55 / 18.10.2021
4804

O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni tan olish masalasida muzokara olib bormoqda

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni O‘zbekiston-Xitoy hamkorligidagi vaksina bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni tan olish masalasida muzokara olib bormoqda. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligidagi vaksinani Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kerakli hujjatlar taqdim etilgan. 

“Agar JSST ushbu vaksinani tan olib, e'tirof etadigan bo‘lsa, bu masala tabiiyki yechiladi. Hozirda Diniy qo‘mita Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni tan olish masalasida muzokaralar olib bormoqda. 

Ayni vaqtda Saudiya Arabistoni o‘zbek-xitoy vaksinasini tan olmayotgan bo‘lsa, balki JSST gibrid vaksinatsiyani, ya'ni bitta vaksina olgandan keyin yana ikkinchi bir vaksinani olish va uni muddatini belgilashi mumkin bo‘ladi. Shunga qarab munosabat bildiriladi”, dedi Nurmat Otabekov. 

Uning aytishicha, aholini emlash va fuqarolarda immun tizimini shakllantirish bu tibbiyotning vazifasi, uni tan olinishiga erishish vazifasi Tashqi ishlar vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning zimmasida bo‘lishi kerak.

Avvalroq, Saudiya Arabistoni hukumati 17 oktyabrdan ochiq joylarda himoya niqobi taqish rejimini bekor qilish haqida qaror qabul qildi

Sentyabr oyi holatiga ko‘ra, aholisi 35 mln kishini tashkil qiluvchi Saudiya Arabistonida koronavirusga qarshi 40 mlnta vaksina qo‘llangan. Mamlakatda 4 ta vaksina - Moderna, Johnson & Johnson, AstraZeneca va Pfizer/BioNTech vaksinalari qo‘llashga ma'qullangan.   

Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, podshohlikda ayni vaqtda kasallanish yanvar oyidan beri eng past darajada.

Top