21:31 / 19.10.2021
5446

Erdo‘g‘an BMTning joriy tizimi yangi inqirozlar keltirib chiqarishini aytdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMTning joriy tizimi tahdidlarni bartaraf eta olmasligi va yangi inqirozlar keltirib chiqarishga mahkumligini aytdi.

Foto: Anadolu Agency

“Islom dunyosi yetarlicha ovoz huquqiga ega bo‘lmagan, Afrika, Lotin Amerikasi va Janubiy Osiyo davlatlari manfaatlari e'tiborsiz qoldiriladigan BMTning joriy tizimi istiqbolga ega emas. Vazifasi tinchlik uchun kurashish va xavfsizlikni ta'minlashdan iborat bo‘lgan xalqaro tuzilmalar hozirgi zamon tahdidlarini bartaraf etish bo‘yicha barcha imtihonlardan yiqildi”, deb aytgan Turkiya rahbari.

Uning aytishicha, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalarni isloh qilish vaqti keldi.

“Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllantirilgan BMTning amaldagi tizimi hozirgi kun tahdidlariga jaavob bera olmaydi, tinchlik va adolatni ta'minlashga qodir emas va yangi inqirozlar keltirib chiqarishga mahkum”, deb aytgan Erdo‘g‘an.

Jumladan, Turkiya prezidenti koronavirus pandemiyasidan keyin dunyo avvalgidek bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tgan.

“Pandemiya odamlar dunyoqarashini, dunyoga va global siyosatga yondashuvlarni tubdan o‘zgartirdi, dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ijtimoiy muhofaza va sog‘liqni saqlash tizimining zaif ekanini ko‘rsatdi. Kam rivojlangan va nochor davlatlar esa umuman tahdidlar oldida yakka o‘zi qoldi”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an. 

Turkiya prezidenti Angolaga safari oldidan BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari - Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan davlatlargina insoniyat taqdirini belgilamasliklari kerakligini aytgan. U dunyoda kengashning doimiy a'zosi bo‘lgan 5 ta davlatdan tashqari yana 200 davlat borligini ta'kidlab o‘tgan.

Ayni vaqtda BMT Xavfsizlik kengashi tarkibiga 15 ta davlat kiradi. Ulardan Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya doimiy, qolgan 10 davlat doimiy bo‘lmagan a'zolar hisoblanadi. Kengash tarkibi bir martagina – 1963 yilda kengaytirilgan. O‘shanda kengashga a'zo davlatlar soni 11 tadan 15 tagacha oshirilgan.

Top