13:14 / 19.10.2021
1543

Shavkat Mirziyoyev poytaxtda sharoiti ayanchli ahvolda bo‘lgan shifoxonalarni sanab o‘tdi

Toshkent shahrida “Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

“Shaharning sog‘liqni saqlash tizimida bir qator muammolar yig‘ilib qolgani aholimizning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Mavjud 76 ta poliklinikaning yarmida diagnostika uskunalari 20-30 yildan beri ishlatib kelinadi. Shuningdek, poytaxtning 74 ta shifoxonasidan 35 foizi kam quvvatli, 5 tasi ko‘p tarmoqli tibbiy xizmatlarni ko‘rsata oladi, xolos. 

Sergeli va Yangihayot tumanlarida birorta shifoxona yo‘q. Mirobod, Yakkasaroy, Yunusobod va Bektemir tumanlarida esa tug‘ruqxona mavjud emas. Yakkasaroydagi 3-son bolalar yuqumli kasalliklari, Shayxontohurdagi bolalar kardio-revmatologiyasi, Yunusoboddagi 7-son shifoxonalaridagi sharoitlar ayniqsa ayanchli ahvolda. 

Shu bois, Toshkent shahrida “Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturini amalga oshiramiz. Avvalambor, birlamchi bo‘g‘inda poytaxtning 575 ta mahallasida “tibbiyot brigadalari” tashkil etilib, ular tomonidan, diabet, ayollar onkologiyasi, homila nuqsoni, qamqonlik, va parazitar kasalliklar bo‘yicha skrining tekshiruvlari amalga oshiriladi. 

13 ta yangi oilaviy poliklinika quriladi, 25 tasi to‘liq ta'mirlanib, eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi, barcha bolalar shifoxonalari va tug‘ruqxonalar ta'mirlanib, jihozlanadi. Ayollar onkologiyasi, ko‘z va sil kasalliklarini barvaqt aniqlash maqsadida 5 ta tibbiy diagnostika avtobusi orqali shahar mahallalari va yirik korxonalarda muntazam skrining tadbirlari yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusi yilda 50 ta va keyinchalik yana 100 ta tez tibbiy yordam mashinasi olinadi, shu orqali chaqiruvga kechikish holatlariga barham beriladi.

Mirobod, Yakkasaroy, Yunusobod va Yangihayot tumanlarida poliklinika, diagnostika markazi, zamonaviy laboratoriya, tug‘ruqxona va ko‘p tarmoqli shifoxonani o‘ziga qamrab olgan tibbiyot klasterlari tashkil etiladi. Natijada, shahar shifoxonalarida 30 turdagi xirurgiya, 15 turdagi endokrinologiya va 12 turdagi kardiologiya yangi davolash amaliyotlari joriy etiladi. Bu – respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga murojaatlarni 4 barobarga kamaytiradi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi besh yilda budjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Shu bilan birga, kelgusi ikki yilda poytaxt aholisi uchun davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish boshlanadi. 

Yana bir masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Xalq orasida “Yangi ToshMI” deb tanilgan Toshkent tibbiyot akademiyasining 1,1 ming o‘rinli klinikasi 40 yildan beri biror marta kapital ta'mirlanmagan. Ushbu klinikani kelgusi besh yilda tibbiyot tizimining “flagmani”ga aylantirish dasturi amalga oshiriladi. Shuningdek, tutash hududda eng ilg‘or xorijiy texnologiyalar asosida Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi barpo etiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid
Top