18:26 / 19.10.2021
2621

Surxondaryoda fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytmoqda. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda

Foto: Surxondaryo viloyat IIB axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahrida yashovchi fuqaro o‘zini IIB xodimlari urib tan jarohati yetkazganini aytib video tarqatgan. Mazkur videolavha yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB axborot xizmati munosabat bildirdi. Unga ko‘ra holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. Xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 20 iyul kuni Termiz shahrida yashovchi ayol M.S. Termiz tumani IIBga murojaat qilib, 2005 yilda tug‘ilgan qizi M.S.ni joriy yil 19 iyul kuni mahalladoshlari K.T. va F.Z. kimsasiz joyga olib borib, kiyimlarini yechib, turli uyatsiz ishlar qilganini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvda hodisa Angor tumani sodir bo‘lgani aniqlangan. So‘ng, ariza Angor tumaniga yuborilgan va joriy yil 26 iyul kuni tuman IIBda qayd etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Viloyat sud-tibbiyot ekspertiza byurosining 2021 yil 23 iyuldagi xulosasiga ko‘ra, M.S.ning tanasida tan jarohatlari va ularning qoldirgan izi aniqlanmagan.

Qayd etilishicha, joriy yil 16 avgust kuni fuqaro F.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shu jinoyat ishi yuzasidan tergov o‘tkazilayotgan vaqtda qizning otasi G.Sh. 6 oktabr kuni sud-tibbiy ekspertizasi binosiga kelib, ekspertni haqorat qilgan.

Shu paytda ish yuzasidan bino yonida turgan Termiz shahar IIB xodimlari undan jamoat tartibini buzmasligini talab qilgan. Ammo G.Sh. haqorat qilishda davom etgan. Xodimlar G.Sh.ni shahar IIBga olib borish maqsadida avtomashinaga mindirmoqchi bo‘lganida u qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, IIB xodimlari kuch ishlatib uni xizmat «Damas»iga mindirgan.

Termiz shahar bo‘limida G.Sh va uning ortidan borgan qizi hamda xotini tushuntirish xati yozib berishgan va bo‘limdan chiqarib yuborilgan.

Bundan tashqari, fuqaro I.M. (ayol) joriy yil 11 avgust kuni Termiz shahar IIBga  G.Sh. uni 11 avgust uyali telefon orqali qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilganini 19 avgust kuni esa haqoratli so‘zlarni sms tarzida yozib yuborganini aytib murojaat qilgan.

Joriy yil 6 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida fuqaro G.Sh. MJtKning 183 va 194-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ta'kidlanishicha, IIB xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruv olib borilmoqda. Kelgusida qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi. G.Sh.ning videomurojaati yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ish viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Top