21:14 / 22.10.2021
17629

2021 yil uchun davlat budjetiga yana o‘zgartirishlar kiritildi

Senatning 20–21 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan XX yalpi majlisida 2021 yilgi davlat budjeti parametrlariga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilindi.

Foto: Shutterstock

2021 yil uchun xarajatlar prognozi quyidagicha o‘zgartirilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • investitsiya dasturlari uchun – 6 trln so‘m;
  • ayrim muassasalarga kiritilgan qo‘shimcha shtat birliklarini, oylik lavozim miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq ish haqi va unga tenglashtirilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun – 1,4 trln so‘m;
  • mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash xarajatlari uchun – 1,4 trln so‘m;
  • koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun qo‘shimcha mablag‘ zaxirasini yaratishga – 1,3 trln so‘m ajratiladi;
  • “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga – 1,3 trln so‘m;
  • davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha ta'lim muassasalariga qo‘shimcha subsidiya ajratish uchun uchun – 1,1 trln so‘m
  • avtomobil yo‘llarini rivojlantirish uchun – 1,07 trln so‘m;
  • turizm obektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun 500 mlrd so‘m;
  • qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, ya'ni 50 ta davlat MTT va 50 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog‘chalarga imtiyozli kredit berish uchun – 280 mlrd so‘m;
  • Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi Bulung‘ur sum omborini qurish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi Daryooraliq suv omborini xavfsiz va samarali ishlashini ta'minlash uchun – 200 mlrd so‘m;
  • Urgut erkin iqtisodiy zonasining Mergancha va Sartiqtepa mavzelarida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarini uzluksiz elektr bilan ta'minlash maqsadida Urgut tumanidan o‘tuvchi yuqori kuchlanuvchi elektr uzatish tarmoqlaridan alohida tarmoq chiqargan holda nimstansiya qurish uchun – 150 mlrd so‘m;
  • sog‘liqni saqlash tizimidagi obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, jumladan, Endokrinologiya muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun – 140 mlrd so‘m;
  • Geologiya universitetining qurilishiga – 136 mlrd so‘m
  • Boyovut, Qarshi, Bo‘ston, To‘raqo‘rg‘on, Olot tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun – 110 mlrd so‘m;
  • “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish, umumta'lim maktablarini jihozlash xarajatlariga qo‘shimcha – 83 mlrd so‘m;
  • davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarining ijara to‘lovining 50 foizini qoplab berish uchun – 72 mlrd so‘m;
  • yangi tashkil etilgan Toshkent shahridagi Yangihayot tumani hokimligi va davlat organlari, tashkilotlarining tumandagi bo‘linmalariga ma'muriy binolar qurish hamda ularni jihozlash uchun – 25 mlrd so‘m.

 “Qo‘mitamizga “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun kelib tushdi. Qonunning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi 45-moddasiga asosan moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish, budjet xarajatlarini maqbullashtirishdan iborat.

Senatda moliya vazirining hisobotini ko‘rib chiqqanimizda 2021 yilning 1-yarmida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining jami daromadlari 91,3 trln so‘m yoki belgilangan prognozning 53 foizini tashkil etganidan xabarimiz bor. Bu ko‘rsatkich davlat budjeti daromadlarini ma'lum miqdorda ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, hisob-kitoblarga ko‘ra, yil yakuniga qo‘shimcha manbalar hisobidan daromadlar tushumining ko‘payishi, jumladan, davlat budjeti daromadlari qabul qilingan qonunda belgilangan 142,7 trln so‘m o‘rniga 173,1 trln so‘mni tashkil qilishi kutilyapti.

Shu bilan bir qatorda davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,1 trln so‘m o‘rniga 28,2 trln so‘mni tashkil qilyapti. Davlat budjeti daromadlarining ko‘payishi salkam 26 trln so‘mni tashkil qilyapti. Bu mablag‘lar, albatta, qo‘shimcha ravishda xarajat qilinishi belgilanishini talab qiladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimanki, davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlari belgilangan 40,7 trln so‘m o‘rniga 40,8 trln so‘m miqdorida hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari 13,4 trln so‘mdan 24,2 trln so‘mga ko‘payishi kutilmoqda.

Daromadlarning ko‘payishi hisobiga ma'lum bir miqdordagi xarajatlarni moliyalashtirishga mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilyapti. Shu munosabat bilan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunining davlat maqsadli jamg‘armalari prognozi va xarajatlari to‘g‘risidagi 3-ilovasiga muvofiq o‘zgartirish kiritilmoqda hamda xarajatlarning ko‘payishi, ya'ni moliyalashtirish miqdori ortishi munosabati bilan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari oshirilmoqda”, – deya ta'kidlagan Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev.

Senat axborot xizmatining xabar berishicha, qonun bilan ushbu qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilgan. Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ana shu tadbirlarning davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari taqchilligining tasdiqlangan miqdori doirasida bo‘lishi ham nazarda tutilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullangan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyul oyida ham 2021 yil uchun davlat budjetiga o‘zgartirishlar kiritilgandi.

Top