10:19 / 22.10.2021
5911

Farzandlikka olishni istisno qiluvchi jinoyatlar aniq belgilandi 

«Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Foto: Getty Images

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, kiritilgan o‘zgartishlar bilan farzandlikka olishni istisno qiluvchi jinoyatlar aniq belgilandi. 

Hayotga, sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga qarshi, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq va boshqa bir qator jinoyatlarni qasddan sodir etgan shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas. 

Ma'lum qilinishicha, ilgari qasddan har qanday jinoyatni sodir etganlar farzandlikka oluvchi bo‘lishi taqiqlangan.

Shuningdek, hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ayrim kasalliklarga chalinganlar ham farzandlikka oluvchi bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

Senatning XX yalpi majlisida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general mayor Rustam Jo‘rayev talabgorlarning farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida yillab navbatda turishi, amaldagi tartibning qiyinligi odamlarni noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olishga majbur qilayotganini ta'kidlagandi.

Bildirilishicha, respublikada faoliyat yuritayotgan 13 ta bolalar uylarida jami 504 nafar bola tarbiyalanayotgan bo‘lsa, ularni farzandlikka olish uchun hozirgi kunda navbatda 5792 nafar fuqaro turibdi.

Fuqarolar yillar davomida farzandlikka oluvchilar ro‘yxatida navbatda turishlari ular tomonidan qonuniy hujjatlar rasmiylashtirish jarayonini chetlab o‘tib, noqonuniy yo‘llar bilan bola sotib olish darajasiga yetib borayotgani aytildi. 2017−2021 yillar mobaynida bola savdosi bo‘yicha 206 ta jinoiy holat aniqlangan.

«Hozir bolani farzandlikka olish masalasida kuniga o‘rtacha 53 tadan ortiq murojaat bo‘lmoqda. 20 kun ichida jami 1057 nafar fuqaro murojaat qildi», dedi Rustam Jo‘rayev.

Milliy gvardiya qo‘mondoni avgust oyidan buyon mehribonlik uylaridagi bolalar soni 670 nafarga kamayganini ma'lum qilgan.

Top