07:59 / 22.10.2021
7872

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Cobalt bilan bog‘liq vaziyatning qonun talablariga muvofiqligini o‘rganmoqda

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi UzAuto Motorsning Cobalt’ni o‘rindiq isitish modulisiz yetkazib berish taklifi qonun talablariga muvofiqligini o‘rganmoqda. Bu haqda agentlik xabarida aytilgan.

Foto: UzAuto Motors

Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan joriy yil yanvar-sentabr oylari davomida savdo va umumiy ovqatlanish sohasiga taalluqli masalalar bo‘yicha iste'molchilarning 4637 ta murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularga qaytarilgan mablag‘lar va yangisiga almashtirilgan tovar moddiy boyliklari (transport vositalari, maishiy texnika vositalari va boshqalar) qiymati 4,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shundan, avtotransport vositalari va ularning butlovchi qismlariga taalluqli 250 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard so‘m bo‘lgan 14 ta avtotransportni qaytarish yoki almashtirishda yordam ko‘rsatilgan (shu jumladan «UzAuto» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan Damas, Nexia-3, Cobalt, Lacetti va Malibu-2 rusumli jami 12 ta avtotransport vositalari).

“Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan keng muhokamalar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayevning so‘rov xatiga asosan, UzAuto Motors AJ tomonidan iste'molchilarga Chevrolet Cobalt rusumli 4-pozitsiya avtomobillarini modulsiz yetkazib berish taklifi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan agentlik tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari haqidagi ma'lumot agentlik rasmiy sahifalari orqali batafsil yoritiladi”, deyiladi ma'lumotda.

Avvalroq, UzAuto Motors 4-pozitsiya Chevrolet Cobalt avtomobillarini o‘rindiqni isitish modulisiz taklif etayotgani, bunga sabab mikrochiplarning global tanqisligi ekani, to‘lovni amalga oshirgan mijozlarga 1 mln so‘m qaytarib berilishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid
Top