11:30 / 22.10.2021
4153

“O‘zbekneftgaz” AJ o‘z tarixida ilk bor “Barqaror” prognozi bilan “BB-” xalqaro kredit reytingiga ega bo‘ldi

O‘zbekiston neft va gaz tarmog‘ida eng yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lgan- “O‘zbekneftgaz” AJ “S&P Global Ratings”ning “BB-” darajasidagi “Barqaror” prognozi bilan uzoq muddatli xalqaro kredit reytingini oldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Kredit reytingi — reyting agentligining qarzdorning umumiy kredit layoqati yoki kredit oluvchining aniq qarzdorlik majburiyatlari bo‘yicha xavf omillarini baholashga asoslangan fikri.

2021 yil 30 sentyabr kuni “S&P Global Ratings” agentligi “O‘zbekneftgaz” AJga ilk marta xalqaro kredit reytingini taqdim etdi.

Ta'kidlash joizki, 2021 yil fevral oyida “O‘zbekneftgaz” AJ reyting agentliklaridan xalqaro bozorga bosqichma-bosqich kirish uchun xalqaro kredit reytingini olish ishlarini boshlagan edi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida va “O‘zbekneftgaz” AJning kredit qobiliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida “S&P Global Ratings” qo‘mitasi tomonidan uzoq muddatli kredit reytingi (VV-/Barqaror) berildi, ushbu reyting O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga mos keladi.

Ma'lumot uchun: “BB” – kredit xavflari mavjud bo‘lishi mumkin ekani, biroq kompaniya investorlar va kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini bajara olishini bildiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatining asosi uglevodorodlarni qazib olish, neft mahsulotlari, tabiiy gaz va polimerlarni saqlash, qayta ishlash va sotish hisoblanadi.

Bugungi kunda hukumat qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ kompaniyani jahonning yetakchi neft-gaz kompaniyalari tomonidan qabul qilingan biznes yuritishning eng yaxshi amaliyot va standartlari asosida ish olib borishi bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ O‘zbekiston Respublikasi uchun strategik ahamiyatga ega kompaniya hisoblanadi. Kompaniya sanoat sektorini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda va O‘zbekiston Respublikasi budjetiga ikkinchi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri hisoblanadi.

Hisobotga ko‘ra, agentlik “O‘zbekneftgaz” AJni O‘zbekiston hukumati uchun eng muhim davlat korporatsiyalaridan biri sifatida baholaydi, bu esa milliy iqtisodiyot uchun gaz va suyuq uglevodorodlarni nisbatan past tariflarda yetkazib berishini aks ettiradi.

Shuningdek, ushbu reyting tahlilchilarning kompaniyaning milliy iqtisodiyotdagi muhim roliga ko‘ra, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ehtimoli nisbatan yuqori bo‘lishini bildirgan.

Agentlik ta'kidlashicha, kompaniya yirik kapital investitsiya dasturini moliyalashtiradi va GTL zavodini ortiqcha xarajatlarsiz muvaffaqiyatli ishga tushiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top