13:45 / 24.10.2021
35945

Bir o‘rinli elektrovertolyot, yangi AirPods taqdimoti, Oyga internet tushirish loyihasi – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texno xabarlarni jamladi.

Foto: Jetson Aero

Shvetsiyada bir o‘rinli elektrovertolyot ishlab chiqildi

Shvetsiyada Jetson Aero kompaniyasi bir o‘rinli, vertikal uchib-qo‘nuvchi ixcham vertolyot The Jetson One’ni taqdim etdi. Qurilmaning o‘lchami 2845 mm x 2400 mm x 1030 mm.ni, og‘irligi 90 kg.ni tashkil qiladi.

Elektrovertolyot 8 ta parrakka ega, maksimal tezligi 102 km/soat, elektr dvigateli esa 118 ot kuchiga teng.

Vertolyot qayta quvvatlashsiz 15 daqiqa parvoz qila oladi. U ikkita joystik bilan boshqariladi. Qurilmaning narxi 92 ming dollar.

Dunyoning eng yirik texnologik gigantlari har daqiqada qancha daromad ko‘rishadi?

SNBC yettita eng yirik texnologik brendlardan (Amazon, Apple, Alphabet, Microsoft, Facebook, Tesla va Netflix) olingan rasmiy ma’lumotlari asosida ular 2021 yilning birinchi choragida daqiqasiga qancha daromad olganliklari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra:

  1. Amazon: daqiqasiga 837,3 ming dollar
  2. Apple: daqiqasiga 691,2 ming dollar
  3. Alphabet (Google): daqiqasiga 426, 8 ming dollar
  4. Microsoft: daqiqasiga 321,8 ming dollar
  5. Facebook: daqiqasiga 201,9 ming dollar
  6. Tesla: daqiqasiga 80,1 ming dollar
  7. Netflix: daqiqasiga 55,2 ming dollar.

Xiaomi elektromobillar ishlab chiqarishini e’lon qildi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 2024 yildan elektromobillar ishlab chiqarishni boshlaydi. Qayd etilishicha, ushbu loyihaga 10 mlrd dollar investitsiya kiritiladi. Xiaomi elektromobillar ishlab chiqarishda ishtirok etish uchun 300 nafar xodim yollagan.

Kompaniya ishlab chiqaradigan elektromobilning texnik xususiyatlari hozircha ma’lum qilinmagan. Ilk elektromobil taqdimoti 2023 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Apple yangi MacBook Pro, HomePod va AirPods taqdimotini o‘tkazdi

Apple kompaniyasi katta taqdimot marosimini o‘tkazdi. Marosimda uchinchi avlod AirPods simsiz quloqchinlari, yangi protsessorlari hamda yangilangan MacBook Pro’ni namoyish etdi.

Uchinchi avlod AirPods quloqchinlari namlik va ter ta’siridan himoyalangan. Quloqchinlarning akkumulyatori hajmi oshirilgan hamda yangilangan dizaynga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi AirPods “makon audiosi” va Dolby Atmos funksiyalari bilan jihozlangan.

Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, akkumulyator quvvati olti soat to‘xtovsiz musiqa eshitishga yetadi.

Apple, shuningdek, o‘zi ishlab chiqargan M1 Pro va M1 Max protsessorlarini namoyish etdi. M1 Pro 33,7 mlrd tranzistor va soniyasiga 200 gigabayt tezlikka ega 32 gigabaytli xotira bilan jihozlangan. M1 Max undan ko‘ra kuchliroq. U 57 mlrd tranzistor, tezligi soniyasiga 400 gigabayt bo‘lgan 64 gigabaytli xotiraga ega.

2021 yilning eng qimmat brendlari top-10 taligi

Interbrand Corp yilning eng qimmat brendlari ro‘yxatini e’lon qildi. Top-10 talik quyidagicha

  • Apple (408,25 mlrd dollar);
  • Amazon (249,25 mlrd dollar);
  • Microsoft (210,2 mlrd dollar)
  • Google (196,8 mlrd dollar);
  • Samsung( 74,635 mlrd dollar);
  • Coca-Cola( 57,488 mlrd dollar);
  • Toyota (54,107 mlrd dollar);
  • Mercedes-Benz (50,866 mlrd dollar);
  • McDonald's (45,885 mlrd dollar);
  • Disney (44,183 mlrd dollar).

LunaNet loyihasi — AQSh Oyga internet tushirishni rejalashtirmoqda

Foto: NASA

Ushbu yo‘riqnomaga ko‘ra, 2021 yil noyabr–2022 yil yanvarida Oyga AQShning Artemis-1 uchuvchisiz kosmik qurilmasi parvoz qiladi. NASA ushbu dastur doirasida ishlab chiqayotgan yangi texnologiyalardan biri Oy internetidir. Astronavtlar to‘plashni rejalashtirgan barcha ma’lumotlarni uzatishga mavjud aloqa radiokanallarining quvvati yetmaydi. NASA rejasiga ko‘ra, bo‘lajak missiya shunchaki Oyga parvoz bilan cheklanmaydi. Astronavtlar u yerda uzoq vaqt qoladi.

LunaNet loyihasi Oy yuzasiga bir nechta aloqa uzatish bog‘lamalarini o‘rnatishni ko‘zda tutadi.

NASA ushbu loyihani Ohayo shtatining eng katta shahri – Klivlendda sinovdan o‘tkazmoqda.

Insoniyat har daqiqada internetdagi platformalardan qancha miqdorda foydalanadi?

Amerikaning Domo kompaniyasi tadqiqotlariga ko‘ra, har 1 daqiqada Google’da 5,7 mln qidiruv amalga oshiriladi, TikTok foydalanuvchilari 167 mln video ko‘radi, Twitter’da 575 ming tvit yoziladi, Instagram’da 65 ming, Facebook’da esa 240 ming surat ulashiladi, Amazon mijozlari 283 ming dollarlik narsa xarid qiladilar.

Britaniya zarbxonasi eski smartfonlardan oltin olishni boshlaydi

Britaniya qirollik zarbxonasi smartfon va noutbuklarning ishlamaydigan qismlaridan oltin va qimmatbaho metallarni olishga qaror qildi. Zarbxona bu maqsadda Kanadaning Excir startapi bilan shartnoma tuzgan. Unga ko‘ra, startap zarbxonaga qurilmalarning platalarini xona haroratida eritish texnologiyasini foydalanishga beradi. Bu texnologiya bilan eritish zavodlari xizmatlariga ehtiyoj qolmaydi.

Texnologiya elektronika chiqindilarini kamaytirishda yordam berishi kutilmoqda. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda tashlab yuborilgan elektron va elektr qurilmalar hajmi 57 mln tonnadan ko‘proqni tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich yil sayin ortib boraveradi.

Top