13:08 / 24.10.2021
4623

Jizzaxda surxondaryolik haydovchi uxlab qolib YTH sodir etdi. Ikki kishi vafot etdi, olti kishi shifoxonaga yotqizildi

Foto: videodan kadr IIV axborot xizmati

Jizzaxda haydovchining uxlab qolishi ortidan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etgan. Yana olti kishi shifoxona jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 16 oktyabr kuni soat 3:00larda M39 Almati-Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidan o‘tgan 989-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘lgan.

Surxondaryo viloyati Angor tumani Yangiobod mahallasida yashovchi haydovchi o‘z boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasini Termiz-Toshkent yo‘nalishida boshqarib kelayotib qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Buxoro shahrida yashovchi haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Chevrolet Optra rusumli mashinaga borib urilgan.

Foto: videodan kadr IIV axborot xizmati 

Oqibatda, Chevrolet Optra haydovchisi va uning bir nafar yo‘lovchisi og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari, Chevrolet Optra mashinasining ikki nafar yo‘lovchisi, shuningdek, Cobalt haydovchisi hamda uning to‘rt nafar yo‘lovchisi turli darajada tan jarohati olib shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, Cobalt haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolgan va boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada, mashina yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketib Chevrolet Optra bilan o‘zaro to‘qnashgan.

Mavzuga oid
Top