11:28 / 25.10.2021
5298

Surxondaryoda auksionda sotilgan mulk savdoga chiqarish talablari buzilgani vaji bilan qaytarib olindi

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida auksionda sotilgan mulk savdoga chiqarish talablari buzilgani sababli savdo bekor qilinib qaytarib olingan. Bu haqda viloyat prokuraturasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat bo‘yicha bildirgan munosabatida ma'lum qilgan.

Foto: Shutterstock

Munosabatda yozilishicha, Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 14 yanvardagi qarzdor «Sho‘rchi agroservis MTP» MChJdan undiruvchi Sho‘rchi tumani Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 208 million 225 ming so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatiga asosan MIB Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan 2020 yil 17 yanvar kuni ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, MIB Sho‘rchi tumani ish yurituvida qarzdor «Sho‘rchi agroservis MTP» MChJ hisobidan undiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq jami 12 ta 687 million 159 ming so‘mlik ijro ishlari mavjud bo‘lgan. Ushbu ishlar «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 251-moddasiga asosan yig‘ma ijro ishiga birlashtirilgan.

Ijro ishi yuzasidan «Sho‘rchi agroservis MTP» MChJning bank hisobraqamlariga «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 47-moddasiga asosan inkasso topshiriqnomasi qo‘yilgan.

Shuningdek, qarzdorga tegishli mol-mulklarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan ijro harakatlari davomida, Sho‘rchi tumani, Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ma'muriy va yordamchi binolari mavjudligi aniqlanib, 2020 yil 18 mart kuni ushbu binolarning bir qismi xatlangan.

Xatlangan binolar tegishli tartibda baholangandan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan 2020 yil 7 aprel kuni mol-mulkni elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarish haqidagi qaror bilan auksion savdolariga chiqarilgan.

«Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan o‘tkazilgan auksion savdolar natijasida «Sho‘rchi agroservis MTP» MChJga qarashli bino «AVTO ORGATUVCHI» MChJ tomonidan 287 million 620 ming so‘mga sotib olingan. Bu haqda 01.05.2020 yil 1 may kuni AO-0813-021175-sonli bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mol-mulkni elektron-onlayn savdolariga chiqarishda davlat ijrochisi tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 51-moddasi talablariga rioya etilmagani aniqlanib, tuman prokuraturasi tomonidan 2020 yil 13 may kuni mol-mulkni elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarish haqidagi qarorni bekor qilish haqida protest keltirilgan.

Mazkur protest MIB viloyat boshqarmasi tomonidan ko‘rilib, qanoatlantirilgan va davlat ijrochisining 2020 yil 7 apreldagi qarori bekor qilingan.

Shundan so‘ng «Sho‘rchi agroservis MTP» MChJning «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK tomonidan 2020 yil 1 may kuni rasmiylashtirilgan AO-0813-021175-sonli bayonnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2020 yil 18 avgustda ko‘rilib, qanoatlantirilgan.

«AVTO ORGATUVCHI» MChJning Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 18 avgustdagi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, qilgan shikoyat arizasi viloyat iqtisodiy sudining apellyatsiya instansiyasida 2020 yil 13 oktyabrda ko‘rilib, qanoatlantirishdan rad etilgan.

Mavzuga oid
Top