15:51 / 26.10.2021
21561

Moliya vazirligi xatida 10 mlrd so‘m o‘rniga 100 mlrd so‘m yozilib ketdi

Prezident administratsiyasining Tibbiyot bosh boshqarmasi MSKT apparati sotib olish uchun budjetdan 10 mlrd so‘m ajratishni so‘rab, Moliya vazirligiga xat yozgan. Vazirlikning javob xatida 10 mlrd so‘m emas, 100 mlrd so‘m ajratilishi qayd qilingan. Vazirlik xatda texnik xatolik bo‘lganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-sonli Markaziy konsultativ-diagnostika poliklinikasi MSKT apparatini sotib olish uchun budjetdan mablag‘ ajratilishini so‘rab, Moliya vazirligiga murojaat qilgan.

Davletovuz kanali Davlat xaridlari portalidagi ma'lumotlarga tayanib yozishicha, poliklinika zamonaviy MSKT apparatini sotib olish uchun qo‘shimcha 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishiga amaliy yordam berishni so‘ragan bo‘lib, qolgan qismi (taxminan 3 mlrd so‘m) muassasaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi bildirilgan.

Moliya vazirligi “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, tibbiyot bosh boshqarmasi va uning tarkibiy muassasalarining xarajatlari uchun 2021 yilda jami 88,2 mlrd so‘m, shundan 1-sonli Markaziy konsultativ-diagnostika poliklinikasiga 24,9 mlrd so‘m ajratilishi belgilanganini, ammo MSKT apparatini sotib olish uchun mablag‘ ko‘zda tutilmaganini ma'lum qilgan.

Ammo vazirlik masalaning “ijtimoiy ahamiyati va respublika hududida koronavirus infeksiyasi keskin tarqalishi kuzatilayotgani” inobatga olingan holda, talab etiladigan 100 mlrd so‘m mablag‘ni respublika budjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplash bo‘yicha taklif bergan.

Vazirlikning bu holatga aniqlik kiritishicha, MSKT olish uchun 100 mlrd so‘m emas, balki 10 mlrd so‘m ajratilishiga rozilik berilgan – xatda texnik xatolik bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilda respublika budjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2021 yilning 15 iyul holatiga ko‘ra 1,7 trln so‘mi o‘zlashtirilgan.

Top