20:53 / 26.10.2021
13815

Turkiy davlatlar birligi, “raqamli fashizm”, turk seriallari paviloni - Turkiy kengashning ilk media forumi qanday o‘tdi?

Turkiyada 900 gektardan ortiq maydonda kinoplatformalar tashkil etilgan. Shundan 150 gektarida seriallar suratga olinadi; bu yerda qasrlar, qishloqlar va kemalarni ko‘rish mumkin. Platforma suratlari va Turkiy kengash mediaforumi tafsilotlari – Kun.uz muxbirining Istanbuldan tayyorlagan reportajida.

22-24 oktabr kunlari Istanbulda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining «Olis o‘tmish, kuchli kelajak» nomli media forumi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri forumdan reportaj taqdim etadi.

Forumda Ozarboyjon, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Shimoliy Kipr va Vengriyadan 500 ga yaqin axborot sohasi rasmiylari, tilshunos olimlar, mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar va talabalar qatnashdi.

Turkiy kengashning media sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ilk xalqaro anjumani ochilish marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an video-konferens-aloqa bilan qatnashchilarga o‘z salomini yo‘lladi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, axborot asridagi tahdidlar haqida gapirib, g‘arb OAV tomonidan turkiy davlatlarga nisbatan ikki xil standartlar qo‘llanayotganini bildirdi va buni «raqamli fashizm» deya atadi.

Shuningdek, tadbirda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bagdat Amriyev, Ozarboyjon Respublikasi prezidentining maslahatchisi Hikmat Xojiyev nutq so‘zladi.

Tadbir rasmiy mehmonlari

Turkiya prezidenti administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Altun forumdan kutilayotgan natijalar haqida fikr bildirib, o‘zbek xalqini davlat tili kuni munosabati bilan tabrikladi.

Forumda Turkiy kengashga a'zo mamlakatlar mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan raqamli ko‘rgazmaning ramziy ochilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Forumning ikkinchi ish kuni davomida kengashga a'zo mamlakatlar OAVlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, dezinformatsiya va yolg‘on axborot tarqatilishiga qarshi kurash mavzularida muloqot sessiyalari tashkil etildi.

Mutaxassislar asosan Tog‘li Qorabog‘dagi 44 kunlik urush keysi asosida dezinformatsiya va yolg‘on axborot tarqatilishini tahlil qilib berdi.

O‘zbekiston vakili – Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Ahror Saidov ham forumda o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishlari, O‘zbekistonning Turkiy kengashdagi o‘rni to‘g‘risida fikr bildirdi.

Anjumanda faol pozitsiyasi, mavzuga doir chuqur tahlil va takliflar asosan turkiyalik, ozarboyjonlik va vengriyalik amaldorlar va mutaxassislar tomonidan bildirildi. Qo‘shni Qozog‘iston vakillari ham bir qancha mavzularda ishonch bilan ma'ruza qildi. Lekin qolgan davlatlar qatnashchilari umumiy va diplomatik ma'ruza bilan cheklandi.

Shuningdek, forumda mutaxassislar ishtirokida turkiy dunyoning Alisher Navoiy, Ulug‘bek, Ahmad Yassaviy, Yunus Emro kabi tarixiy shaxslari nomidagi xonalarda turli sessiyalar o‘tkazildi.

Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasi
Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasi

Tadbir dasturidan qadimdan turkiy xalqlarning jang quroli hisoblangan kamondan o‘q otish mashqlari ham joy olgan. Tashkilotchilar qatnashuvchilarning xavfsizligi uchun bu sport turi bo‘yicha mutaxassislarni ham jalb qilgani e'tirofga loyiq.

Tadbirning so‘nggi kunida mehmonlar Turkiyaning «yumshoq kuchi» hisoblangan tarixiy va zamonaviy seriallar hamda filmlarni suratga olishga mo‘ljallangan paviloniga tashrif buyurdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, TRT (Turk radio-televideniyesi) xalqaro kino platformalari uchun Turkiya o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan 900 gektardan ortiq yerlar ajratilgan. Ushbu maydonning 150 gektarida seriallar olinadi.

Uning 50 gektarga yaqin qismiga tarixiy seriallar suratga olish uchun turli asrlarga moslab qasrlar, qishloqlar, kemalar va boshqa zaruriy binolar qurilgan.

Suratga olish pavilonlarida yaratilayotgan aksar filmlar hali nihoyasiga yetmagani, mualliflik huquqlar va tijoriy maqsadlarga egaligi tufayli mehmonlar tomonidan barcha qiziq joylarni suratga olishga ruxsat berilmadi.

Tadbir rejasiga kiritilgan so‘nggi tashrif joylari Bosfor bo‘g‘ozi va Ayo Sofiya masjidi bo‘ylab sayohat mehmonlarning qaytish chiptalari ertaroq muddatga olib qo‘yilgani sababli bekor qilindi.

Umuman olganda, xalqaro anjuman tadbirlari deyarli mukammal tashkil qilindi. Media forum qatnashchilari XX asrdan bir-biridan sun'iy uzoqlashtirilgan turkiy xalqlarni yaqinlashtirish borasida jurnalistikaning o‘rni muhimligini qayd etdi.

Turkiy kengash media forumi Istanbulga taklif etilgan yuzlab OAV vakillari va mahalliy nashrlar tomonidan keng yoritib borildi.

Ma'lumot uchun, asosiy maqsadi – turkiy davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘lgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) 2009 yil oktabr oyida tashkil etilgan.

Turkiy kengashga Ozarboyjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston a'zo. Mamlakatimiz bu tuzilmaga 2019 yilning kuzida qo‘shilgan edi.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri

Top