09:09 / 26.10.2021
4382

YouTube Braziliya prezidentini bir haftaga videolar joylashtirish imkonidan mahrum etdi

YouTube videohostingi Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning rasmiy kanalini qisman cheklab, siyosatchini bir hafta davomida yangi videolar e'lon qilish imkonidan mahrum qildi. Ta'kidlanishicha, bu chora Bolsonaru videoportal qoidalarini takroran buzgani sababli qo‘llangan. 

Foto: Getty Images

“Biz Jair Bolsonaru kanalidan koronavirusga qarshi emlash virus yuqtirish xavfini kamaytirmasligi va boshqa yuqumli kasalliklarga olib kelishi haqidagi videoni haqiqatga mos emasligi sababli o‘chirib tashladik. Biz o‘z siyosatimizni kontent egasi kimligi va uning siyosiy qarashlaridan qat'i nazar, hammaga birdek qo‘llaymiz”, deb aytilgan portal ma'muriyatida.

Bolsonaru 21 oktyabrda ijtimoiy tarmoqlar orqali har haftalik efirida saytlardan biridagi ma'lumotga iqtibos keltirib, Britaniyada koronavirusga qarshi emlanganlarda go‘yoki OITS aniqlanayotganini ta'kidlagan. Biroq bu axborot Britaniya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rad etilgan. Braziliya prezidentining bu posti Facebook’ka tegishli platformalardan ham o‘chirib tashlangan.

Bu Bolsonaruning iyuldan beri YouTube qoidalarini ikkinchi marta buzishidir. U birinchi ogohlantirishni himoya niqoblarini taqish koronavirusga qarshi yordam bermasligi haqidagi so‘zlari uchun olgan. Bu safar prezident yangi videolarni joylashtirish imkoniyatidan mahrum etildi. Portal qoidalariga ko‘ra, siyosatchi keyingi 90 kun ichida yana qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, uning kanali o‘chirib tashlanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top