22:30 / 28.10.2021
4136

JSST xalqaro hamjamiyatni koronavirusga qarshi kurashga 23 mlrd dollar ajratishga chaqirdi

Foto: www.hd.se

JSST dunyoda koronavirusni diagnostika qiluvchi vositalar va dori-darmonlardan foydalanishni ta'minlash maqsad qilingan ACT-Accelerator hamkorligi uchun xalqaro hamjamiyatdan 23,4 mlrd dollar ajratishni so‘radi. JSSTning Jyenevadagi bosh qarorgohida ta'kidlanishicha, talab etilayotgan summa pandemiya olib kelayotgan “trillionlab dollar” yo‘qotishlar va davlatlar iqtisodiyotini tiklashga sarflanayotgan xarajatlar oldida “hech narsa emas”.

Xalqaro tashkilotda ma'lum qilinishicha, dunyoda qo‘llanayotgan barcha testlarning faqat 0,4 foizi va vaksinalarning 0,5 foizi past daromadli davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelgan, vaholanki ushbu davlatlarda dunyo aholisining 9 foizi yashaydi.

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus pandemiyaga chek qo‘yish uchun davlatlar, ishlab chiqaruvchilar va homiylar ACT-Accelerator’ni moliyalashtirishi kerakligini aytgan. Bu vaksinalar testlar va davolashda tengsizlik muammosini hal qilish uchun lozim. JSSTda ACT-Accelerator’ning strategik rejasi 5 mln o‘limning oldini olishga va jahon iqtisodiyotining tiklanishiga yordam berishi aytilmoqda.

“COVID-19’ga qarshi vositalarni olish jadallashtirgichi” (ACT-Accelerator) deb nomlangan xalqaro hamkorlik JSST, Yevropa ittifoqi, Fransiya hamda saxovatpeshalar Bill va Melinda Geyts tomonidan 2020 yil 24 aprelda yo‘lga qo‘yilgan. U koronavirusni bartaraf etish, diagnostikalash va davolash bo‘yicha xavfsiz va samarali texnologiyalarni ishlab chiqish va qo‘llashni ko‘zda tutadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top