19:52 / 28.10.2021
15288

Mercedes-Benz elektromobili havoni tozalovchi mashinaga aylantirildi 

Mercedes-Benz kompaniyasi eSprinter elektromobili negizida yaratilgan havoni tozalovchi mashina Sustaineer’ni taqdim etdi.

Foto: Mercedes-Benz

Butlovchi qismlarining bir qismi qayta ishlangan materiallardan yasalgan konsept-kar havoni tozalovchi filtrlar tizimi va tomda o‘rnatilgan quyosh paneli bilan jihozlangan.

Mashinaning filtrlovchi tizimi atrof-muhitni qattiq va mayda zarralardan tozalaydi. Filtrlar yechiladi va bir yilda bir marta almashtirishni talab qiladi. Mashinada o‘rnatilgan datchiklar atrof-muhit ifloslangani darajasini aniqlashga imkon beradi.

Birinchi filtr mashinaning orqa o‘qi atrofida joylashgan. U mashina va boshqa transport vositalari yurayotganda havoga ko‘tariladigan zarralarni ushlab qolib, tashqariga tozalangan havo chiqaradi. Ikkinchi filtr old tomonga o‘rnatilgan va ichkariga tortuvchi ventilyator bilan birgalikda ishlaydi. U elektromobil bir joyda turganda havoni mayda zarralardan tozalashga mo‘ljallangan.

Mashina Mann+Hummel kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va kelgusida seriyali ishlab chiqarilishi mumkin.

Quyosh paneli esa mashinaga quyoshdan olinadigan energiya hisobiga yiliga bir necha ming kilometr ko‘proq yurish imkonini beradi. U mashina o‘chiq bo‘lganda ham uni quvvatlaydi. Bu esa mashina batareyalarini qayta quvvatlashga ehtiyojni kamaytiradi. Quyosh paneli yordamida olingan elektr energiyadan noutbuk kabi qurilmalarni ishlatishda foydalanish mumkin.

Mavzuga oid
Top