15:41 / 28.10.2021
23533

Propiska tizimi barham topdi, lekin oqibatlari hamon davom etmoqda

Sudya Nuriddin Murodov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida Toshkent propiskasi olish osonlashtirilishi ortidan fuqarolik sudlarida yuzaga kelayotgan uy nizolari haqida so‘z yuritadi.

Foto: Nuriddin Murodovning shaxsiy arxivi

Toshkent shahridagi propiska balosi bu borada korrupsiyani urchitganidan barchamiz xabardormiz. Shuningdek, noqonuniy nikohlar ko‘payib ketgani va uning oqibatlari ham hech kimga sir emas. Minglab xonadonlar va boshqa ko‘chmas mulklar propiskasi borlarning nomiga olinganini-ku qo‘yavering.

Yaxshiyamki, Toshkent shahridagi propiska balosi barham topdi. Lekin uning asorati ancha-muncha cho‘ziladigan ko‘rinadi yoki qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, “Birovni nomida bo‘lgan mulkimni olib bering”, degan da'volar sudlarda ko‘rilaveradi. Qonuniy qaror qabul qilinaveradi. Ammo adolatni doim qo‘llab bo‘larmikin?..

Agar da'vogarga “Yo‘q, adolat shundaki, siz o‘sha paytda qonunni chetlab o‘tgansiz, ayb sizda, chunki siz o‘z qo‘lingiz bilan o‘z mablag‘ingizga ko‘chmas mulk olib, tanishingiz, “zavjangiz” nomiga rasmiylashtirib bergansiz, ya'ni oldi-sotdi shartnoma siz bilan emas sotuvchi va ular o‘rtasida imzolangan”, desangiz; yoxud: “Noqonuniy nikoh qurish asnosida, o‘z oilangizni ham aldagansiz, “faqat propiska uchun” degansiz, ammo “ko‘zingizga yaxshi ko‘ringan ayol tanishingiz”ga mulk va'da qilgansiz, undan foydalanmoqchi bo‘lgansiz, hozircha pul bo‘lsa bor, biroz davron suray degansiz”, kabilarni aytsangiz ham baribir bu bechora adolat, lafz, omonat yig‘lab qolaveradi. Uning ustidan esa xiyonat kulib yuraveradi. 

Endi bu masalani chuqur o‘ylash kerak, o‘ylaganda ham ko‘pchilik bo‘lib, gina-kudratni unutib, xafa bo‘lib qolish o‘yinini unutib, bugunki kunda shu ijtimoiy muammo darajasiga ko‘tarilgan masalani butun bir jamoatchilik bo‘lib o‘ylash shart...

Nega? Chunki hamma ham yuqoridagi maqsadlar bilan ko‘chmas mulkni birovning nomiga olmagan. 99 foiz holatda propiskaga ehtiyoj sezilganidan, ishga kirish uchun propiska kerak bo‘lganidan, farzandlari poytaxtda o‘qishi uchun uy-joy kerak bo‘lganidan olgan bu mulklarni.

To‘g‘ri, soliq deklaratsiyasidan qochib, mablag‘larni legallashtirish va boshqa asoslar bilan ham uy-joylarni boshqalar nomiga olib, keyin majbur bo‘lib sudga da'vo qilish holatlari ham bor. Bugungi mavzu esa bu emas.

Agar Toshkent shahridagi ikkilamchi uy bozoridan birovning nomiga olingan uy-joylarni kimlar tomonidan olinganini tahlil qilsak, birinchi o‘rinda chetda oilasi uchun ishlab, pul topayotgan migrantlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. Keyingi o‘rinda O‘zbekistonning turli hududlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va ma'lum mablag‘i bor-u, propiskasi yo‘q yurtdoshlarimiz, shuningdek, turli viloyatlar miqyosidagi katta-kichik, sobiq va boshqa davlat xizmatchilari, ularning oila a'zolari, qarindosh-urug‘lari hamda ularga yaqin kishilarning hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yana bir gap, bunday mulklarni qarindoshi, do‘sti, tanishi va hokazolari uchun ming xijolat bilan o‘z nomiga rasmiylashtirishga majbur bo‘lgan, vijdonan qaytarib bergan va qaytib berayotgan, qaytarib bera olmay haqiqiy mulkdorning ortidan hozirgacha chopib yurgan insof-diyonatli, halol-pok, omonatga xiyonat qilmaydigan yurtdoshlarimiz ham ko‘p.

Ammo mana shunday omonat mulkni bilib-bilmay yoki majbur bo‘lgani holda qaytarib bermayotganlar ham tez-tez uchrab turibdi. Bunga sudlarda chiqarilgan va chiqarilayotgan bir necha o‘nlab qarorlar guvoh. 

Tasavvur qiling, da'vogar “Falonchining nomida bo‘lgan o‘z mulkimni olib bering” degan da'vo ariza bilan sudga murojaat qilgan. Agar sudya qaror qabul qilsa, sodda qilib aytganda, da'voni qanoatlantirishni 99 foiz foiz holatda rad etadi. Qaysi asoslar bilan? Asos shuki, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, shuningdek, “Xususiy mulk va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartib bo‘yicha notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va davlat ruyxatidan o‘tkazilgan guvohnoma bilan birovning nomiga olingan mulk siz aytgan “falonchi”ga tegishlidir.

Shunday ekan, bu nizolarda FIB sudlarda odil sudlov, avvalo, har bir taraf o‘zining talablari va e'tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart.

Amaliyotda javobgar buni isbotlaydi – o‘sha sizning mablag‘ingizga olingan uy-joy yuzasidan o‘zining nomiga tuzilgan va rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomani olib keladi, shartnomadagi bu imzo meniki, mulkni men sotib olganman deydi, notarius ham kelib buni tasdiqlaydi.

Da'vogarchi? U javobgarga qarab: “Bunchalik o‘zgarganingga hayron qolaman, omonatga xiyonat qilma, lafzing bormi?” deydi. 

Biroq sudning hal qiluv qarori qonuniy, to‘g‘ri va albatta asosli bo‘lishi kerak. Asos esa dalillar bilan isbotlanadi. Bir narsani hech qachon yoddan chiqarmang, bunday nizolarda maqbul dalil oldi-sotdi shartnomasi va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ruyxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi hujjat asosida mulkning kimga tegishli ekanidir.

Ammo da'vogar: “Sud qarori adolatli bo‘lishi kerak, men bu qarordan noroziman” deydi.

Bunda fuqaro o‘z mulkini, mablag‘ini o‘z qo‘li va ixtiyori bilan boshqalarga berib qo‘ygani holda hamma ham omonatga xiyonat uchun beriladigan jazoni doim yodda tutavermasligi, omonatga xiyonat uchun beriladigan Haq jazosining yukini anglab ola bilmasligiga tan bermagan holda, suddan sudning imkoniyati doirasida bo‘lmagan mujdani joy-joyiga qo‘yib berishni talab qilmoqda.

Garchi adolatsiz bo‘lsa ham qonunlarni chetlab o‘tishga harakat qilmang, chunki qonun agar u kuchda bo‘lsa, barcha uchun birday majburiy tartiblarni belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatdir. Shunday ekan, hurmatli da'vogar, avvalo, soddaligingiz, ishonuvchanligingiz, qonunga amal qilmaganingiz jabrini faqatgina siz va yaqinlaringiz ko‘rishini, real va hushyor holatda tushunib yetishingiz avvalo o‘zingizga foydalidir.

Shu o‘rinda, boshqa ortiqcha ishonchlarga ishonmang demoqchi bo‘laman-u, ammo xulosa yana o‘zingizdan.

Nuriddin Murodov,
sudya

Mavzuga oid
Top