12:26 / 28.10.2021
2206

Urganchda birinchi o‘zbek fotosuratchisi va kinooperatori ko‘rgazmasi ochildi

Urganch shahridagi O‘zbekiston zamonaviy san'ati muzeyida «Xudoybergan Devonov arxividan» nomli fotoko‘rgazma o‘z ishini boshladi.

Foto: Xorazm viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi

Fotoko‘rgazma ekspozitsiyasida birinchi o‘zbek fotosuratchisi va kinooperatori, xorazmlik  Xudoybergan Devonovning arxividan joy olgan 50 ga yaqin fotoasarlar namoyish etilmoqda. Ular Xiva xonligining bir asr oldingi tarixi haqida qimmatli ma'lumotlarni beradi.

Ko‘rgazma Xorazm viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi tomonidan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda Xorazm viloyati televideniyesining 60 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.

Fotoko‘rgazma ishi 31 oktabr kuniga qadar davom etadi. 

Ma'lumot o‘rnida, Xudoybergan Devonov 1879 yilda tug‘ilgan. 1908 yilda Sankt-Peterburgga sayohat qilib, 2 oy davomida fotosuratchilik ishini o‘rgangan. Xivaga qaytgach, xonlik hayoti, madaniyati, tarixiy obidalari haqida ko‘plab foto va filmlarni suratga olgan. Uning serqirra ijodi tufayli dunyo ahli Xorazmning qadimiy va o‘ziga xos madaniyati bilan tanishgan. 

Devonov 1938 yilda sovetlar tomonidan hibsga olinib, xoinlikda ayblanib, Yangiyo‘ldagi sisyosiy mahkumlar lageriga yuborilgan. 1940 yilda o‘sha lagerda vafot etgan. 1958 yilda aybsiz ekani tan olinib, reabilitatsiya qilingan.    

Devonovning fotosurat va filmlardan iborat juda boy kolleksiyasining ko‘p qismi sovetlar tomonidan yo‘q qilingan.

Mavzuga oid
Top