17:00 / 28.10.2021
11274

Yer qa'ri go‘zalliklaridan so‘zlovchi maskan - Geologiya muzeyi yangi binoda ish boshlaydi

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzeylar insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy madaniyat namunalarini o‘zida jamlab keladi va kelajak avlodlar uchun o‘tmish va madaniyat haqida yetarlicha tasavvur beradi. Lekin shunday soha muzeylari ham borki, ular tabiat in'om etgan go‘zalliklarni o‘zida jamlaydi. Shunday madaniy muassasalardan biri Toshkent shahrida joylashgan Geologiya muzeyidir.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzey tarixi va faoliyatining asosiy maqsadi

O‘zbekiston davlat Geologiya muzeyi 1926 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 12 ta ko‘rgazma zallariga ega. Ko‘rgazma zallarida Yerning geologik o‘zgarish bosqichlari, geologik davrlar izi qoldiqlari, qadimgi tog‘-kon sanoat qazilmalari, qadimgi jonzotlar, dinozavrlar qoldiqlari, ularning tosh qotgan qadam izlari, toshlarda abadiylikka muhrlanib qolgan boshqa jonzotlar va asosiysi, O‘zbekistonning geologik boyligi va turfa xilligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Ta'kidlash joizki, tabiiy axborot tashuvchilar hisoblangan muzey eksponatlari geologik jismlarning tuzilishi va tarkibi to‘g‘risidagi eng asosiy va yagona ma'lumot bo‘lib xizmat qiladi.

Muzeyda mamlakatning geologik xilma-xilligidan so‘zlovchi 50 mingdan ortiq hayratlanarli, chiroyli va qimmatbaho namunalar saqlanadi.

Bu yerdagi minerallar kolleksiyasi qazilma ishlari natijasida yig‘ilgan, bu minerallarda deyarli Mendeleyev jadvalining barcha elementlari mavjud. Minerallar xalq sanoati ishlab chiqarilishining turli xil yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan. Bulardan metallurgiya, kimyoviy sanoat, keramika, meditsina, optika, zargarlik ishlari va yana bir necha yo‘nalishlarda ishlatiladi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzey uchun yangi bino — geologiyaning yangi davri

Geologiya muzeyining ko‘rgazma zallaridagi eksponatlar bizning geologik nuqtayi nazardan jahon miqyosida tanilganimizni ko‘rsatadi, qolaversa, milliy g‘ururimiz, fanimiz, milliy urf-odatimiz, iqtisodimiz, siyosatimiz rivojlanishida katta ahamiyatga ega.

Zamonaviy axborot texnologiyalari asrida Geologiya muzeyi oldida geologik obektlarda mujassam ilmiy axborotni imkon qadar eng yuqori darajada taqdim etish va yoritib berish masalasi turibdi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Ular barchasi birlamchi tabiiy (toshdagi) va ikkilamchi (qog‘oz, rasm, elektron, video va boshqalar) geologik fondlariga, ma'lumotlar bankiga tayangan holda olinajak ilmiy bilim va ekspert darajasida baholashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, muzey tabiiy axborot tashuvchilar geologik jismlarning tuzilishi va tarkibi to‘g‘risidagi eng asosiy va yagona ma'lumot bo‘lib xizmat qiladi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Prezidentimizning “Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” maxsus qarori e'lon qilindi. Qaror bilan Geologiya fanlari universiteti tashkil etilishi va uning tarkibida muzey ham kiritilgan yangi zamonaviy bino qurilishi belgilandi. Bu esa ushbu soha muzeyi uchun yangi davrni boshlab bersa ajab emas.

Bugungi kunda universitet kampusi va tarkibida muzey uchun alohida 5 qavatli bino qurilishi tugallanib foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzey xodimlari oldida esa ulkan vazifa: eksponatlarni asrab-avaylab, bir donasiga ham zarar yetkazmasdan yangi binoga ko‘chirib o‘tkazish vazifasi turibdi. Bu ulkan vazifaning og‘irligi shundan iboratki, 50 mingdan ortiq eksponatlar orasida bir necha million yillar avval yashagan jonzotlarning tosh qotgan qoldiqlari alohida maxsus sharoitlarda saqlab kelinadi va ularni yangi joyga ko‘chirib o‘tkazish muzeyning professional xodimlaridan yanada ehtiyotkorlik va diqqat talab qiladi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzey yangi binosida bugungi zamonaviy muzeylar talablariga javob beradigan barcha imkoniyatlar yaratilishi reja qilingan. Unda dunyo muzeylarida qo‘llanayotgan, jahon standartlariga mos keladigan ilg‘or texnologiyalardan foydalaniladi. Muzeyga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar o‘tmishni va yer qa'ri tuzilishini ko‘z oldilarida jonlantirishlari mumkin.

Turkiya va Koreya geologiya xizmati ekspertlari xulosalari asosida konsepsiya ishlab chiqilgan zamonaviy muhtasham muzey binosi eski binodan 3-4 barobar katta hamda eksponat zallari ham ko‘paygan va zamonaviy ko‘rinish olgan.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Muzey zallari quyidagi bo‘limlardan iborat

  • Geologiyaga kirish zali
  • Qadimgi tog‘ kon sanoati zali
  • “Kitob davlat qo‘riqxonasi” zali
  • Umurtqalilar zali
  • Asosiy zal. O‘zbekiston geologik rivojlanish tarixi zali
  • Foydali qazilmalar zali
  • Petrografiya zali
  • “Mintaqaviy geologiya” zali. Regional zal
  • Monografiya zali
  • Ekspeditsiya zali
Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Geologiya muzeyi nafaqat fanning dalili sifatida, balki davlat Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi xodimlari uchun bilim olish va malaka oshirish dargohi sifatida qadrli. Bu yerda respublikaning barcha geologik bilim yurtlaridan: oliy o‘quv yurtlari, kollej va maktablardan asosiy bilim bazasini o‘rganib ketishadi hamda mineralogiya, petrografiya, paleontologiya va boshqa geologik yo‘nalishlarda ma'ruzalar o‘tkaziladi.

Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmati Ⓣ

Top