10:42 / 29.10.2021
10190

Davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan Xorazm viloyati «SES» boshlig‘iga sud hukmi o‘qildi 

U mansab vakolatini suiiste'mol qilib, pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag‘lardan foydalanishda davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan. 

Foto: Kun.uz

Kun.uz’ning Xorazm viloyat sudidagi manbasiga ko‘ra, Xorazm viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEO va JSX) sobiq boshlig‘i D.S. mansab vakolatini suiiste'mol qilib, “J.I.” MChJ hisobraqamiga Xorazm viloyati mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasidan ajratilgan 617,5 mln so‘mni o‘tkazib berib, dezinfeksiyalovchi vositalar hamda tibbiy anjomlarni bozor narxidan 252,7 mln so‘mga qimmat narxda sotib olgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudida ko‘rilgan ishda D.S. muqaddam sudlanmaganligi, qaramog‘ida 3 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, yetkazilgan zararni qoplash uchun viloyat prokuraturasining depozit hisobraqamiga yetarlicha pul o‘tkazgani, fuqaroviy da'vogar vakilining unga nisbatan boshqa da'vosi yo‘qligini inobatga olib hukm qilingan.

D.S. Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» (mansab vakolatini suiiste'mol qilib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va shu kodeksning 45-moddasi qo‘llanilib, 2 yil muddatga davlat va davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. 

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, davlat foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, ya'ni 30 million 409 ming 500 so‘m miqdorda jarima undirish jazosi tayinlandi.

Top