15:08 / 29.10.2021
29985

Ikkilamchi bozorda Malibu 18 foizga, Cobalt 12 foizga qimmatlashgan

Import qilinadigan avtomobillar narxlari ham sezilarli darajada oshgan. Xususan, Lada Vesta 27 foizga va Lada Niva 44 foizga qimmatlashgan.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ikkilamchi avtomobil bozoridagi narx o‘zgarishlarini tahlil qildi. Bunda 2020 yil va 2021 yil iyul-oktabr oylaridagi narxlar solishtirilgan.

2021 yilda narxlar sezilarli darajada oshgan. Xususan, ikkilamchi bozorda 2020 yilda ushbu yil ishlab chiqarilgan ikkinchi pozitsiya Chevrolet Cobalt uchun 10 ming dollar taklif qilingan bo‘lsa, 2021 yilda shu yil ishlab chiqarilgan avtomobil taklifi narxi 11,2 ming dollarga ko‘tarilgan.

Qayd etilishicha, Cobalt ʼning barcha pozitsiyalari o‘rtacha narxi 12 foizga, Spark 5 foizga, Lacetti 7 foizga, Malibu 18 foizga, Tracker 14 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, Damas va Labo narxlari deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Narxlarning sezilarli o‘sishi asosan avtomobilning o‘rta pozitsiyalarida (ikkinchi va uchinchi pozitsiyalar) kuzatilgan.

«Ikkilamchi avtomobil bozorida narxlarning keskin o‘sishi yangi mahalliy avtomobillarni ishlab chiqarishning sekinlashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, bu esa talabning doimiy o‘sishi bilan ikkilamchi bozorning faollashishiga olib kelgan», deyiladi tahliliy maqolada.

Shuningdek, import qilinadigan avtomobillar narxlari ham sezilarli darajada oshgan: Lada Vesta 27 foizga va Lada Niva 44 foizga qimmatlashgan. Bu Rossiyada ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar narxining oshishi bilan bog‘liqligi aytilgan.

Tahlilchilarning ta'kidlashicha, ekonometrik modellashtirish usuliga asoslangan ikkilamchi avtomobil bozorini o‘tgan yilgi o‘rganish natijalariga ko‘ra, avtomobilning bir yil davomida eskirishi uning narxini o‘rtacha 300-400 dollarga kamayishiga olib kelgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning iyul-oktabr oylarida UzAvto tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar ikkilamchi avtomobil bozorida 67,7 foiz ulushni egallagan. Ikkinchi o‘rinda VAZ markasi (Lada) bo‘lib, uning ulushi 15,3 foizni tashkil etgan.

Top