12:47 / 01.11.2021
23537

Moskva meriyasi qurilishda migrantlardan butunlay voz kechish rejasini ishlab chiqmoqchi

Foto: RBK

Moskva shahar ma'muriyati qurilishda migrantlar mehnatidan foydalanishdan butunlay voz kechishni nazarda tutuvchi, kadrlar inqirozini bartaraf etish rejasini ishlab chiqadi, deya ma'lum qildi Moskva merining shaharsozlik siyosati va qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Andrey Bochkarev RBK’ga bergan intervyusida.

Bochkarevning so‘zlariga ko‘ra, Moskva shahridagi qurilish obektlarida ishchi kuchi tanqisligi yuzaga keldi. Bunga pandemiya davrida migrantlarning o‘z vatanlariga jo‘nab ketishi ham ta'sir ko‘rsatdi. Hozirgi vaqtda pandemiyadan oldin Moskva qurilish obektlarida ishlagan 120 ming muhojirdan faqat 40 ming kishi qolgan - qolganlari Moskvani tark etgan. 

Mer o‘rinbosarining hisob-kitobiga qaraganda, mehnat resurslari taqchilligi taxminan 40 foizni tashkil qilmoqda. Kadrlar inqirozini bartaraf etish usullaridan biri - mehnat unumdorligini oshirish. 

“Qurilish jarayoniga uch barobar kam odam talab qilinishi kerak, ularning maoshi esa ikki, hatto uch barobar ko‘p bo‘lishi lozim. Shunda biz ikki baravar tez qurayotgan bo‘lardik”, dedi Andrey Bochkarev. 

Bunga, Bochkarevning fikricha, qurilishdagi texnologik yechimlar, jarayonni mexanizatsiyalash va barcha darajadagi ishchilarni sifatli tayyorlash orqali erishish mumkin. 

Koronavirus pandemiyasi tufayli Rossiyaga kirish qoidalari, shu jumladan mehnat muhojirlari tufayli o‘zgartirildi. Qurilish tashkilotlari ishchi kuchining chetga chiqib ketayotgani haqida bir necha bor shikoyat qilgan. Mahkumlar mehnatidan foydalanish qurilishdagi kadrlar inqiroziga qarshi kurash choralaridan biri sifatida qaraldi. 

Avvalroq, Rossiyada migrantlarga genom bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish majburiyati yuklanishi mumkin ekani xabar berilgandi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning ma'lum qilishicha, Rossiyada mamlakatga yaqin va qo‘shni davlatlardan kelgan barcha mehnat muhojirlariga genom bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish majburiyati yuklab qo‘yilishi lozim. 

Aleksandr Bastrikin bunday choraga bo‘lgan ehtiyojni mamlakatga kelganlar tomonidan sodir etilayotgan o‘ta xavfli jinoyatlar sonining ortib borayotgani bilan bog‘lagan.

Mavzuga oid
Top