17:34 / 01.11.2021
6718

Namangan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida davlat xaridlari bilan bog‘liq 11,2 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari bilan bog‘liq 11,2 milliard so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot kotibi Durdona Ochilova tashkilot faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Xususan, Namangan viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida «tender.mc.uz» maxsus axborot portalida joylashtirilgan umumiy qiymati 4,7 mlrd so‘mlik 3 ta sog‘liqni saqlash muassasasi o‘rganilganda, tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilgani aniqlandi.

Xususan, Namangan shahar 9-son oilaviy poliklinikasini mukammal ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi tomonidan 2021 yilning 3 avgust kuni “Shaffof qurilish” elektron platformasida 2 mlrd so‘mlik e’lon berilgan.

2021 yil 10 avgust kuni ushbu lot bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarida bajarilishi ko‘zda tutilayotgan ish hajmi joyiga chiqib o‘rganilganida, poliklinika binosida mukammal ta’mirlash ishlari “Barkamol qurilish ta’mir servis” MChJ tomonidan boshlanib, ish hajmi qisman bajarilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat yuzasidan bajarilgan ishlar bo‘yicha hisob-varaqa, shartnoma va tender hujjatlarini taqdim qilish so‘ralganida, ularning umuman yuritilmagani, og‘zaki kelishuv asosida pudratchi qurilish tashkiloti pudrat ishlariga jalb qilingani, qurilish tashkiloti tomonidan bajarilgan ishlar bo‘yicha hisob-varaqalar buxgalteriyada umuman hisobga olinmagan.

Xorazm viloyatida 8 ta holatda jami 3,7 mlrd so‘mlik qurilish va joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha e’lonlar «dxarid.uz» maxsus axborot portaliga “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda joylashtirilgani aniqlandi.

Ushbu obektlarning 5 tasi Turizm va sport vazirligi (2,6 mlrd so‘m), 2 tasi Maktabgacha ta’lim vazirligi (680 mln so‘m) va 1 tasi Xalq ta’limi vazirligi (490 mln so‘m)ning quyi tizimlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Navoiy viloyatida buyurtmachilar tomonidan 5 ta holatda umumiy qiymati 1,8 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari tanlov (tender) savdolari o‘tkazilmasdan, pudrat shartnomalari tuzilmasdan bajarilgan.

Xususan, “Yagona buyurtmachi xizmati” IK buyurtmachiligida sog‘liqni saqlash sohasiga 2 ta (620 mln so‘mlik), xalq ta’limi (600 mln so‘mlik), madaniyat sohalari (487 mln so‘mlik) hamda davlat xizmatlari markaziga (125 mln so‘mlik) 1 tadan obektlar to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan RShTYoIM Navoiy filialida “Kislorod stansiyasini” qurish bo‘yicha “tender.mc.uz” saytiga 2021 yil 17 iyulda boshlang‘ich bahosi 364 560 153 so‘m bo‘lgan e’lon joylashtirilgan.

Tender komissiyasining 2021 yil 29 iyuldagi 3692-sonli yakuniy baholash bayonnomasiga asosan “TAYANCH QURILISH SERVIS” MChJ tanlov g‘olibi deb topilgan hamda buyurtmachi va jamiyat o‘rtasida 328 136 000 so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan.

Agentlik tomonidan qurilish obekti joyiga chiqib o‘rganilganida, “Kislorod stansiyasini” qurish ishlari tanlov savdolari o‘tkazilmasdan, pudrat shartnomasi tuzilmasdan 2021 yil mart oyida boshlanib, 2021 yil iyun oyida dalolatnoma asosida to‘liq foydalanishga topshirilganligi va hozirgi kunda stansiya ishchi holatda ekanligi aniqlangan.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilgani qayd etilgan bo‘lib, mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi va boshqa moddalari bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, ayrim holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Top