23:07 / 03.11.2021
9093

AQShda Eron Vetnam bayrog‘i ostida suzgan tankerni egallab olgani ma'lum qilindi

Foto: MarineTraffic/marinetraffic.com/James Brown

Eron oktyabr oyida Ummon ko‘rfazida Vetnam bayrog‘i ostida suzgan MV Southys tankerini egallab olib, hanuzgacha uni Bandar-Abbos port shahrida ushlab turibdi. Bu haqda AQSh ma'muriyatidagi manbalarga tayanib AP axborot agentligi xabar berdi.

Manbalardan birining ta'kidlashicha, 24 oktyabrda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bo‘linmalari tankerni egallab olgan. Voqea ortidan amerikalik harbiylar kuzatib turgan, biroq tanker Eron suv hududlariga kirgani sabab bunga qarshi hech qanday harakatlar amalga oshirmagan.

Eron tomondan tankerning olib qochilishi sababi hanuzgacha noma'lum. Voqea yuzasidan izoh olish uchun Vetnamdagi rasmiy shaxslar bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan. Kemalar harakatlanishini kuzatuvchi servislar ma'lumotlariga ko‘ra, kema hamon Bandar-Abbos yaqinida qolmoqda. 

Ta'kidlanishicha, kemaning egallab olingani haqidagi ma'lumot Eron bilan yadro kelishuvi bo‘yicha Venadagi muzokaralarni tiklashga urinishlar davom etayotgani sababli hanuzgacha oshkor qilinmay kelgan. Biroq 3 noyabrda Eron davlat televideniyesi eronlik harbiylar va AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Yaqin Sharqdagi 5-floti harbiylari o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida bir qator reportajlarni namoyish qilgan.

Ularda neft tankeri Ummon ko‘rfazida AQSh tomonidan egallab olingani, eronlik harbiylar esa tankerni Eronga qaytara olgani aytilgan. Tehronning ta'kidlashicha, amerikalik harbiylar MV Southys’ni bir nechta vertolyot va kemalarda ta'qib qilgan.

Biroq Vashington voqeaning Tehron keltirgan versiyasini rad etgan. AQShning ta'kidlashicha, Tehron na kema nomini aytgan, na amerikalik harbiylar kemani nima uchun egallab olishga uringani sababini tushuntirgan.  

Top