21:42 / 03.11.2021
8603

Janjalkash, telba, daho - Luis Suaresning «Liverpul»dagi hikoyasi

Angliyaning Goal.com nashri muxbiri Nil Jons mersisaydliklar sobiq futbolchisi Luis Suaresning «Enfild»da o‘tkazgan davrlari xususidagi maqolani taqdim etdi. Urugvaylik forvardning «Liverpul»ga qarshi o‘yini oldidan quyida maqolaning tarjimasini e'tiboringizga havola etamiz.

Foto: Getty Images

Ushbu maqolani yozishimga Stiven Jyerrard Suaresga yozgan xatning sarlavhasi sabab bo‘ldi: «Men birga to‘p tepgan eng zo‘r futbolchiga»

Mersisaydliklar afsonasi Kenni Dalglish ham Luis bilan xayrlashuv maktubida shunday degandi: «Hech qachon o‘zgarma».

Bu maktublar «Liverpul»ning tom ma'nodagi afsonalari tomonidan bitilgan va ularning e'tirofidan shuni anglashimiz mumkinki, Suares ham «Enfild»dagi 3,5 yili orqali ular qatoridan o‘rin ola bilgan.

Sen telbamisan yoki daho, Jyerrard va Dalglish sening muxlislaring qatorini bezab turar ekan, demak faoliyatingda qandaydir buyuk ishlarni amalga oshirgansan.

Suares jonajon shahriga boshqa jamoa libosida qaytmoqda. U 2019 yilda «Barselona» bilan ham «Enfild»ga kelgan va «Liverpul»ning tarixiy g‘alabasini raqib jamoa safida kuzatishga majbur bo‘lgandi. Lekin u ushbu mag‘lubiyatdan u qadar tushkunlikka tushmasligi kerak.

«Liverpul» muxlislari ularni larzaga solgan futbolchini unutishmaydi va tarixda Suareschalik bu muxlislarni xursand qila olgan afsonalar juda kam. Ha, u 2014 yilda Kataloniyaga yo‘l olganida atigi bittagina medal yutishga erishgandi. Undan keyin mersisaydliklar tarkibida harakat qilgan bir qator futbolchilar undan ko‘proq o‘yin o‘tkazishga va balki, ko‘proq gollar urishga muvaffaq bo‘lishdi. U 82ta gol bilan klub to‘purarlari ro‘yxatida 22-o‘rinda turibdi. Lekin Luis liverpulliklar nazdida eng suyukli afsonalar qatorida tilga olinadi.

Foto: GOAL.COM

Jyeymi Karrager: «U klub tarixidagi eng kuchli futbolchilardan biri va so‘zsiz top-5ga kiradi. Luisning gollari va o‘yin uslubi hayratlanarli edi».

Hozir, keyin, doimo — Luis Suares klub tarixidagi eng yaxshi, eng yomon va eng bezori futbolchi. Intervyularidan birida Jo Koul «Liverpul» Suares transferini e'lon qilganida, eng ko‘p qo‘rquvga tushgan men edim, deb aytadi.

«Qizillar» uni «Ayaks»dan xarid qilish uchun 23 mln funt-sterling berishadi. U 4 mavsumda 111ta gol urishga erishgandi. O‘sha paytdagi «Liverpul» direktori Damiyen Komolli klub skauti Stiv Hitchen Suaresning «PSV» futbolchisi Otman Bakkalni o‘yin vaqtida tishlab olganligi tufayli diskvalifikatsiyaga uchraganidan ogohlantirganini eslaydi. O‘sha paytda Komolli Suares yoki «Nyukasl» hujumchisi Endryu Kerroldan birini tanlashi kerak edi. U esa barchani hayratda qoldirib ikkala futbolchini ham xarid qiladi. Chunki, o‘shanda liverpulliklar Fernando Torresni sotib yuborishgandi.

«Hozirgi holatdan kelib chiqsak, bu juda g‘alati eshitiladi. Lekin o‘shanda rostdan ham Kerrolning transferi bizga yorqinroq ko‘ringandi va undan umidimiz katta edi. U faoliyatini «Nyukasl»da super tarzda boshlagandi. Torresdan qolgan 9-raqamni unga ishonib topshirdik. Melvudda (klub mashg‘ulot bazasi) esa 7-raqamli futbolchi barchani hayratda qoldira boshladi», – deydi Komolli.

Foto: Getty Images

«Luis birinchi mashg‘ulotdayoq barchamizning «tilimizni osiltirib qo‘ygan. Esimda, Jo Koul mendan qanday qilib bunaqa futbolchini transfer qilishni uddaladik, deb so‘ragandi», – deya eslaydi Karrager.

«Uning jamoamizdagi ilk mashg‘ulotidayoq boshqacha darajadagi futbolchi bo‘lib yetishishini sezgandim. Ha, bizda Stivi (Jyerrard) va Karra (Karrager) singari kuchli futbolchilar bor edi. Lekin u o‘zgacha bo‘rondek kirib keldi. U rostdan ham boshqacha futbolchi edi. Unga qarab shunchaki qoyil, deb qo‘ygandim», – deya intervyu bergandi Koulning o‘zi.

O‘sha paytda endigina yoshlar jamoasidan kattalar tarkibiga qo‘shilgan Jey Spiring esa Suares haqida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgandi: «Uning birinchi mashg‘uloti qanday futbolchi ekanligini bizga ma'lum qilib ulgurgandi. U g‘olib edi, u takrorlanmas edi. Men juda baxtli futbolchilar sirasiga kiraman. Faoliyatim davomida ham Torres, ham Suares bilan to‘p tepishga muvaffaq bo‘lganman. Agar ulardan birini tanlashim kerak bo‘lsa, ikkilanmay Suaresni tanlardim. U kuniga 100 kilometr yugurardi, unda iqtidor, xohish, g‘oliblik mentaliteti jam bo‘lgan. U hech qachon o‘zgarmaydi va doim hayratlanarli ishlarni amalga oshirishda davom etadi».

Suares 31 yanvar sanasida rasman transfer qilingan bo‘lsa, 2 fevralda «Stok Siti»ga qarshi bellashuvda zaxira o‘rindig‘ida qayd etilgan. U ikkinchi taymning 18 daqiqasida maydonga tushdi. 16 daqiqa o‘tib esa mersisaydliklar safidagi ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Dirk Kuyt uzatgan to‘pni qabul qilgan Luis darvozabon Asmir Begovichni ham aldab o‘tdi va darvozani ishg‘ol qildi. O‘shanda liverpullik muxlislar «qirol Luisning orzudagi debyuti» deb kuylashgan va yangi qahramonlarini yaqindan tanib olishgandi.

U «Liverpul»ga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, muttasil o‘sib bordi. Ha, kelganidayoq juda kuchli hujumchi edi, ajoyib gollar urdi. Lekin bir qator golli vaziyatlarni ham ko‘kka sovurib turardi. Keyinchalik unda jamoaga foyda keltirish aspektlari rivojlandi. U Kerrolga o‘zaro kurashda hech qanday imkon qoldirmadi.

Foto: Reuters

«U hamma bilan urishib chiqqan, - degan edi Styuart Dauning. «U Jordan (Henderson) bilan bahslashib qolardi. Daniel Agger bilan yoqalashib ketishiga oz qolgan. Ular har mashg‘ulotda bir-birlarini ayamay tepishardi. Suares oddiy mashg‘ulot o‘yinida ham yutishni istardi, yosh bolalardek janjalkash bo‘lgan. Vaqt o‘tgan sari u hissiyotlarini boshqarishni o‘rgandi».

Jordan Henderson Suares Barselonaga ketgach ham, u bilan bog‘lanib turardi. Lekin u ham Luisdan nafratlangan davrlarini yodda saqlab qolgan. U «Sanderlend»dan transfer qilingan va o‘zini ko‘rsatishni ko‘rsatuvchi yosh yigitcha edi. Suares esa bu yo‘lda uning eng katta raqibi bo‘lgan.

«Ha, bir nechta mashg‘ulotlarda Suares qilgan ishlar menga yoqmagan va jahlim chiqqan. U bilan kurashlarimizda doim Luisning qo‘li baland kelardi va men o‘zimni yetarlicha kuchli emasdek sezardim. Bu kabi holatlar 2-3 marta takrorlangach, men portlardim. Uni maydonda o‘ldirishga tayyor bo‘lardim.

Lekin aynan mana shu g‘azab tufayli ham, kelgusida u bilan yaxshi aloqalarni shakllantira oldim. «Stok Siti»ga qarshi bellashuvda uni golli vaziyatga chiqarib yubordim. O‘shanda jamoa yetakchisi Lukas Leyva menga Luis bilan yaxshi sheriklar bo‘la olishimizni aytdi. Men unga yaqinlasha boshladim», - degandi Jordan Henderson.

Styuart Dauning o‘z intervyusida Suaresning Ivanovichni tishlab olish voqeasini ham eslab o‘tgandi: «Biz bu haqida uchrashuv yakunlanguniga qadar bilmaganmiz. Keyinchalik voqeadan xabar topib unga qaraganimizda, ha men shunday qildim, degandek turardi. U o‘zini boshqara olmay qolgandi. Ivanovich shu kuni unga qarshi zo‘r o‘ynadi va har gal Suaresdan to‘pni olib qo‘yaverdi. U qilgan ishi uchun afsuslangandi. Bu — uning mentaliteti. G‘alaba uchun barcha narsaga tayyorlikning yorqin ifodasi edi».

O‘shanda uni 10ta uchrashuvga chetlatib yuborishgandi. Mavsumning so‘nggi qismida jamoasiga yordam bera olmadi. Kelgusi mavsumlarning dastlabki uchrashuvlarida ham maydonga tusha olmasdi. U ketishga qaror qildi. Avvaliga uni «Real» bilan bog‘lashdi. OAVning ta'qibidan qutilish uchun Angliyadan ketishga majbur bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach, unga «Arsenal»dan 40 mln funt-sterlingli taklif bo‘ldi. Lekin bu liverpulliklarni qoniqtirmadi. Ular taklif qilingan summani oshirishni aytishdi. «Arsenal» vakillari esa 1 funt qo‘sha olishlarini bildirib, o‘ziga xos keskin javob berishdi va bu kelishuv amalga oshmasligi ma'lum bo‘lib ulgurdi.

«Ular ustimizdan kulishayotgan edi. 40 mln funt-sterlingga ko‘nmadik. Balki, londonliklar 45 mln to‘laganda Suaresni sotgan bo‘lishimiz mumkin edi», – degandi klubning egasi Jon Henri.

Foto: AP

Suares o‘sha paytlarda juda xafa edi. Chunki, Brendan Rojyers jamoa YeChLga yo‘llanma ola bilmasa, uni qo‘yib yuborishlari haqida va'da bergandi. 2012/2013 yildagi Rojyersning debyut mavsumida mersisaydliklar 7-o‘rinni egallashdi. U va'dani bajarishlarini so‘raganida, uni mashg‘ulotlardan chetlatish bilan qo‘rqitishdi va Suares qolishga majbur bo‘ldi.

Luisning bo‘ysunishida jamoa sardori Stiven Jyerrardning roli katta bo‘lgani barchaga ma'lum. U yana bir yil qolishni, «Arsenal» bu qadar shoshishga arziydigan klub emasligini aytadi. Rojyers bilan Jyerrard hamrohligida ko‘rishgach, u yana bir yil qolishga rozi bo‘ladi va bu unutilmas voqealarga sabab bo‘lgan yilning debochasi bo‘ladi.

U diskvalifikatsiya bilan boshlangan mavsumni Premer-liga «oltin butsa»si va ko‘plab talqinlarda mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida yakunladi. «Liverpul»ning eng so‘nggi pallada chempionlikni boy bergani ham bunga to‘siq bo‘la olmadi.

Foto: Getty Images

«Men hech qachon bu qadar ajoyib futbolchini ko‘rmagandim. U to‘xtatib bo‘lmas hujumchiga aylangandi», - deb eslaydi «Liverpul» afsonasi Maykl Ouen. Urugvaylik futbolchi 37ta uchrashuvda 31ta gol, 14ta assist amalga oshirgandi. Tasavvur qilyapsizmi?!

Suares «Liverpul» uchun borini berishga tirishdi va afsona sifatida klubni tark etdi. Uning ketishi klub muxlislari uchun og‘ir bo‘lsa-da, amalda to‘g‘ri qaror edi. U «Barselona»da muvaffaqiyatini davom ettira oldi. Ammo bu — boshqa hikoya.

Bugun El-Pistoleroni «Enfild»da o‘zgacha o‘yin kutyapti. O‘z uyingda seni olqishlagan muxlislarni ranjitish maqsadida o‘ynash… Birinchi marta bu uning uchun yaxshi yakun bilan tugamadi. Bugun-chi?

Goal.com saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi.

Mavzuga oid
Top