20:44 / 04.11.2021
26740

«Bu qasos edi» – Trampning sobiq maslahatchisi Putin va saylovlarga aralashuv haqida

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga havas qilgan, Amerikani xuddi Putin Rossiyani boshqargandek boshqarishni xohlagan. Bu haqda Trampning Rossiya masalasidagi maslahatchisi lavozimida ishlagan Fiona Hill aytdi.

Hill 2019 yili Trampning impichment jarayonida guvoh sifatida chiqish qilgan / AFP

Siyosatchi 2017-2019 yillarda Trampning Rossiya bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Undan avvalroq esa Barak Obama hamda kichik Jorj Bush administratsiyasida faoliyat yuritgan. Talabalik davridanoq Rossiya siyosatini o‘rgana boshlagan Hill xonim sovetlar tarixi haqida Harvard universitetida dissertatsiya himoya qilgan. VVS'ga intervyu bergan Fiona Hill nega Tramp bilan ishlashga rozi bo‘lgani, sobiq prezident nega razvedka ma'lumotlari bo‘lishiga qaramay saylovlarga Rossiya aralashuvini tan olishni istamagani haqida gapirdi.

Hillning 2017 yil AQSh xavfsizlik kengashida Rossiya va Yevropa masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi sifatida ish boshlashi Vashington siyosiy elitasini hayratlantirgandi. Chunki rus siyosati bilimdoni bo‘lgan Hill siyosat olamida mashhur inson hisoblanar va 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga Kreml tomonidan aralashuv bo‘lganini ko‘p marta ta'kidlagandi. 2016 yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lgan Donald Tramp esa saylovlarda ruslarning aralashuvini keskin rad etib keladi.

Fiona Hill hech qachon qarashlari bir yerdan chiqmagan prezident bilan birga ishlaganidan afsuslanmaydi: «2017 yil Tramp administratsiyasida ishlashimga sabab 2016 yil sodir bo‘lgan voqealar edi. O‘shanda Rossiya razvedka tashkilotlari Kremlning topshirig‘i bilan Amerika prezidentlik saylovlariga aralashgan. Bu esa Amerika siyosiy olamida xaosni yuzaga keltirdi. Shu sabab menda tanlov imkoni paydo bo‘lgandi. Tasavvur qiling, uyingiz yonyapti va siz turib, nimadir qilishingiz kerak. Men o‘n yillar davomida Rossiya siyosatini o‘rgandim, 1984 yilda rus tilini o‘rgana boshlaganman. Ruslarning Amerika saylovlariga aralashuvi ham yangilik emas, ular sovuq urush vaqtida ham shunday qilgan. Shunda nega men nimadir qilmasligim kerak deb o‘ylab, ishga kirdim», deydi Hill xonim.

Moskva 2016 yilgi Amerika saylovlariga aralashuvni keskin rad etib keladi. O‘z navbatida Tramp ham buni saylovda o‘ziga yutqazgan Hillari Klinton tomonidan o‘ylab topilgan uydirma deb hisoblaydi. Hillari Klinton saylovdagi mag‘lubiyatini ko‘p marta Rossiyaning aralashuvi bilan bog‘lagan.

Rossiya nega Klintonning g‘alabasini xohlamadi? Bu qasosmidi?

Klinton o‘z mag‘lubiyatiga Rossiyaning saylovlarga aralashuvi sabab bo‘lganini aytgan / GETTY IMAGES

«Tramp saylovga ruslar aralashganini tan olishni istamasdi, chunki bu uning prezidentligi legitim ekaniga soya solardi. Ruslar amalda o‘z maqsadiga erishdi. Ular amerikaliklarda prezidentlik saylovlari natijasida shubha uyg‘onishini xohlagandi», deydi sobiq prezident maslahatchisi.

Hill xonimning aytishicha, Rossiya maxsus xizmatlari Amerika prezidentlik saylovlariga hakerlik hujumlari orqali aralashib, shu tariqa Hillari Klintondan qasos olgan. 2011 yilda AQSh davlat kotibi lavozimida ishlagan Klinton Rossiyada Putinning taxtda qolishiga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan.

O‘shanda Putin Klinton haqida shunday degandi: «U bizning mamlakat ichidagi ba'zi odamlarga signal berdi va odamlar Davlat departamentining qo‘llab-quvvatlovi bilan harakatni boshlashdi».

AQSh matbuotida bu mavzu juda keng muhokama qilindi, ular hamon to‘xtamagan. Tramp Finlandiyadagi sammitda AQSh razvedkasi bergan ma'lumotlarga emas, Putinga ishonishini aytganda tom ma'noda mamlakatga sharmanda bo‘lgandi. Hatto uni Rossiya agenti deb ham yozishdi. Ammo bu borada aniq isbot ko‘rsatilmagan. Maxsus prokuror Robert Myuller Tramp shtabining xorijiy razvedka tashkilotlari bilan aloqasini topa olmagandi.

Sobiq prezident maslahatchisining aytishicha, Tramp Rossiya bilan urushishni xohlamaganiga asosiy sabab shundaki, AQSh sobiq prezidenti Putinga havas bilan qaragan.

«U Putinga havas qilardi, buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Tramp uchun Putin u intiladigan yetakchi edi va bu prezidentning Rossiya bilan aloqasiga umuman aloqador emasdi.

Tramp Putinni juda katta hukumat sohibi deb bilar va u haqda gapirganda ko‘p marta shunday o‘xshatishni ishlatardi. Tramp mamlakatni shaxsiy biznesidek boshqaradigan va cheksiz vakolatlarga ega Putinni xuddi o‘zi havas qiladigan mashhur odamday qabul qilardi», deydi Fiona Hill.

Sobiq maslahatchining aytishicha, Tramp mamlakatni boshqarishda Putinning usulidan foydalanishga harakat qilgan.

Jo Bayden prezidentlikka kelgach, Amerika matbuotida Putin va Rossiya haqida kamroq yoza boshlashdi. Rossiya ikkinchi planga tushib qoldi va asosiy raqobatchi sifatida Xitoy qarala boshlandi. Hatto Xitoy bilan AQSh o‘rtasida yangi sovuq urush bo‘lishi mumkinligi haqida yozishmoqda.

Fiona Hillning fikricha, doim diqqat markazida bo‘lishni istovchi Kreml uchun bu unchalik yaxshi holat deb qabul qilinmaydi. Uning fikricha, Kreml doim o‘zi haqda gapirishlarini istaydi, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida esa Putin saylovoldi dasturida asosiy urg‘uni yana AQSh bilan munosabatlarga qaratadi. Biroq sobiq maslahatchi Moskva uchun AQSh bilan faqat dushmanlik emas, hamkorlik ham muhim deb hisoblaydi.

Fiona Hill kim o‘zi?

Hillning tan olishicha, ayrim do‘stlari haligacha uni Tramp administratsiyasida ishlagani uchun kechirmagan

Angliya shimolida tug‘ilgan Fiona Hill 1987 yil ilk marta Moskvaga borgan. U Moris Torez nomidagi Moskva chet tillar institutida 10 oy rus tilini o‘rganish imkonini beruvchi Britaniya kengashi grantini yutib olgandi. 1989 yil AQShga ketgan Hill sovet tarixi mavzusida dissertatsiya himoya qilib, doktorlik darajasiga erishadi. AQShda bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini uchratgan Hill shu yerda qolib, fuqarolik oladi.

Amerika tashqi siyosati va sovetlar tarixi haqida ko‘plab kitob yozgan Fiona Hillning oxirgi kitobi «Bu yerda senga nima bor?» deb nomlanadi. Siyosatchi AQShga kelishining sababi sifatida Angliyada mavjud bo‘lgan tabaqaviy cheklovlarni keltiradi. Uning fikricha, Angliya shimolidagi konchi oilasidan chiqqan shimolcha aksentda gapiruvchi qiz Londonda nimagadir erishishi qiyin edi.

«AQShda esa sen qanday aksentda gapirishingga qarashmaydi. Britaniyadan kelgan hammaning tili britancha deb qaraladi, tamom», deydi Angliya va AQShdagi farq haqida gapirar ekan siyosatchi.

Top