15:05 / 04.11.2021
14267

Klopp Simeonedan qasd oldi, «PSJ» Messisiz ochko yo‘qotdi, «Ayaks»ga shubhali chetlatish yordam berdi. YeChLda kun o‘yinlari

Chorshanba kuni Chempionlar ligasining guruh bosqichida yana to‘rt guruhda 4-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi va yana ikki jamoa pley-off yo‘llanmasini hal qildi.

Ikki xil «Milan»

V guruhi
«Liverpul» — «Atletiko» — 2:0
(Diogu Jota, 13. Mane, 21)

Yurgen Klopp va Diyego Simeone bir-birining qo‘lini siqishi masalasi — endi sensatsiya mavzusi emas. Ikki murabbiy ham bu borada o‘z fikrini bildirgan va ular bir-biriga maksimal darajada hurmat saqlashgan. Futbol borasida esa aytish mumkinki, «Liverpul» xuddi Madriddagi o‘yinda bo‘lgani kabi yorqin boshladi. Qizillar chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi, Aleksandr-Arnold esa shunchaki qoyilmaqom, uning uzatmalarini Diogu Jota va Mane golga aylantirishdi.

Oktyabrdagi o‘yinda ham «Atletiko» ikki gol o‘tkazib yuborgach, ishonchli harakat qilib vaziyatdan chiqib ketgandi, ammo bu safargi vaziyat biroz farqli bo‘ldi. Birinchidan, o‘tgan o‘yinda ikki gol urgan Grizmann «Enfild»dagi o‘yinda diskvalifikatsiya tufayli qatnasha olmadi. Ikkinchidan, arbitr birinchi bo‘limdayoq raqibga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lgan Felipeni maydondan chetlatdi. Ushbu braziliyalik maydonda ekanida ham «matraschilar»da himoyada muammolar kuzatilayotgandi, usiz ham yaxshi bo‘lib qololmasdi.

Mehmonlarni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashdan faqat Oblakning harakatlari va «Liverpul» forvardlarining xato zarbalari qutqarib qoldi. Shu bilan birga ikki tomonning ham bittadan goli ofsayd tufayli bekor qilindi, o‘yin oxirigacha hisob o‘zgarmay qoldi.

Bu o‘yinning asosiy syujyeti — revansh bo‘ldi. «Liverpul» 2019/2020 yilgi mavsumda «Atletiko»ga mag‘lub bo‘lib, Chempionlar ligasini tark etishidan qolgan alamlarini yuvdi. O‘shanda 1/8 finalda Klopp jamoasi avvaliga safarda mag‘lub bo‘lgan, «Enfild»da madridliklardan yaxshiroq o‘ynab, ikki gol urgan, ammo uch gol o‘tkazib yuborib, o‘z yurishini to‘xtatgandi. Endi barchasi aksincha — «Liverpul» ikki o‘yinda ikki g‘alabaga erishdi. Qasos olindi.

Inglizlar pley-off yo‘llanmasi va guruhdagi birinchi o‘rinni kafolatladi, «Atletiko» esa ikkinchi o‘rin uchun «Portu» bilan kurash olib boradi.

«Milan» — «Portu» — 1:1 (Mbemba, 61, avtogol — Dias, 6)

Aytish mumkinki, Stefano Pioli qo‘l ostida bu mavsumda ikki xil jamoa bor. Biri A Seriyada o‘ynamoqda va yetakchilik uchun «Napoli» bilan shiddatli kurashda 11 turda 10 g‘alabaga erishgan. Boshqasi esa uzoq kutilgan Chempionlar ligasiga qaytishga tayyor emasligi ko‘rinib qolgan jamoa, milanliklar o‘z tarixida ilk bor guruh bosqichining dastlabki to‘rt turida biror g‘alabaga erisha olmadi. «Milan» 2014 yilda boshlanib avvalgi turlardagi mag‘lubiyat tufayli besh o‘yindan iborat mag‘lubiyatli seriyaga yakun yasalgani haqidagi fakt esa taskin bo‘la olmaydi. Dastlabki ochko qo‘lga kiritildi, lekin «Rossoneri» — guruhda so‘nggi o‘rinda.

24 noyabr. «Liverpul» — «Portu», «Atletiko» — «Milan».

Donnarumma sehrgar emas

A guruhi
«Leypsig» — «PSJ» — 2:2
(Nkunku, 8. Sobosloi, 90+2, penalti — Veynaldum, 21, 39)

Krishtianu Ronaldu «MYu»da birin-ketin jasorat ko‘rsatayotgan mahalda, uning azaliy raqobatchisi Leo Messi yangi jamoasida ochilib keta olmayapti va jarohatlanib safdan chiqdi. Mushaklarida og‘riq bo‘lgan argentinalik futbolchini «Lill»ga qarshi o‘yinda tushirish to‘g‘ri qaror emasdi, u baribir o‘sha o‘yinda «PSJ»ga yordam berolmadi va tanaffusda almashtirildi, Leypsigdagi o‘yinga olib ketilmadi.

Mbappe safga qaytgan, ammo safar o‘yinining dastlabki qismida uning maydondaligi deyarli sezilmadi. «Leypsig» tezkor gol urdi va Nkunku golni nishonlamadi - parijliklar klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Agar Donnarumma «Milan»dagi sobiq jamoadoshi Andre Silvaning penaltidan bergan zarbasini qaytarmaganida, mehmonlar uchun barchasi juda qiyinlashib ketgan bo‘lardi. Ammo darvozabon Parijni hayotga qaytardi, Mbappe Veynaldumni qulay vaziyatga chiqardi, hisob tenglashdi.

Keyin Maurisio Pochettino tomonidan doim ham maydonga tushirilmayotgan niderlandiyalik futbolchi dublni rasmiylashtirdi, uning ikkinchi goli faqat videotakrordan keyin inobatga olindi. Agar boshqa parijliklar ham u kabi hujumda faol bo‘lganida, o‘yindagi intriga final hushtagi chalinishiga ancha vaqt borligidayoq so‘nib bo‘lardi. Lekin mehmonlar ko‘p holatlarda sust harakat qilishdi, ayrim holatlarda Gulachi nemislarni gollardan qutqardi va bu qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘yinni qutqarish imkonini taqdim etdi. Aniqrog‘i, bu imkoniyat o‘z jamoasi jarima maydonida qoida buzgan Kimpembe tomonidan taqdim etildi, Donnarumma esa baribir sehrgar emas va bu safar Sobosloi uni dog‘da qoldira oldi.

«Manchester Siti» — «Bryugge» — 4:1 (Foden, 15. Mahrez, 54. Sterling, 72. Gabriel Jyezus, 90+2 — Stouns, 17 avtogol)

«Siti»ni oldinda Manchester derbisi kutmoqda, ammo Xosep Gvardiola uning uchun «Bryugge»dagi o‘yin ahamiyati ham boshqalaridan kam emasligini aytdi. Bu nafaqat eng yaqin o‘yin bo‘lgani, balki Chempionlar ligasidagi taqvim bilan ham bog‘liq, guruhda olti o‘yinda barchasini hal qilish kerak, APLda esa yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini mavsum davomida qoplab borish mumkin.

Murabbiyning so‘zlariga kulishgandi, ammo o‘yinning birinchi bo‘limi durang hisobda yakunlandi, Stouns ijrosidagi ahmoqona avtogol Gvardiolaning xavotiri bejiz emasligini ko‘rsatdi. Lekin o‘yin baribir kutilganidek yakunlandi, Mahrez ijrosidagi hal qiluvchi gol esa uning muvaffaqiyatsiz uzatmasiga Joau Kanselu yetib borishi va uning o‘ziga golli pas qilib uzatishi orqali urildi. Uchinchi golda Foden va Gundo‘g‘anning kombinatsiyasi yakunida Sterling bo‘sh darvoza qarshisida qoldirilishi belgiyaliklar raqibdan saviya borasida naqadar ortda ekanini ko‘rsatib berdi.

Bu gol shunisi bilan e'tiborliki, Angliya termasiga nomzod bu futbolchi avgustdan buyon gol urmayotgandi, uning Chempionlar ligasidagi aniq zarbasini ko‘rishmaganiga roppa-rosa bir yil bo‘lgandi. Ehtimol, endi Sterlingga avvalgi kabi ishonch qaytar va u murabbiyga APL o‘yinlarida ham asqotib qolar, YeChLda vaziyatni yaxshilab olgan «Siti» endi bor e'tiborini ichki chempionatga qaratishi mumkin.

24 noyabr. «Manchester Siti» — «PSJ», «Bryugge» — «Leypsig».

Holandsiz dortmundliklarning ahvoli yomonlashmoqda

S guruhi
«Borussiya» D — «Ayaks» — 1:3
(Roys, 37, penalti — Tadich, 72. Aller, 83. Klassen, 90+3)
«Sporting» — «Beshiktosh» — 4:0 (Pedru Gonsalvesh, 31, penalti, 38. Paulinyu, 41. Pablo Sarabiya, 56)

Holand va boshqa asosiy tarkib futbolchilarining yo‘qligi «Borussiya»da revansh imkoniyatlarini avvaldan pasaytirib yuborgandi. Birinchi bo‘limdayoq Hummels maydondan chetlatilgach imkoniyat nolga tenglashdi, germaniyalik himoyachi maydon markazida chindan ham ahmoqona harakat qildi, ammo u aslida Antonining oyoqlariga tegmagandi. Bu vaziyatda amsterdamliklar futbolchisining o‘zi podkat vaqtida Hummelsning oyoqlarini bosib o‘tib ketgandi. Bu to‘qnashuvdan keyin braziliyalik futbolchi hech narsa bo‘lmagandek o‘yinni davom ettirdi.

Aynan Antoni «Ayaks»ning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi, u Roysning penaltidan urgan goliga javob qaytara oldi. Mehmonlar darvozasiga 11 metrlik jarima zarba berilgan vaziyatda dastlab bosh hakam Oliver o‘yinni davom ettirish ishorasini bergandi, ammo angliyalik referining xatosini VAR to‘g‘riladi. O‘yinning 72-daqiqasigacha mezbonlar kichik ustunlikni saqlab turishdi, shundan keyin Antoni assistlar bo‘yicha het-trik qayd etdi. Dastlab uning uzatmasi himoyachiga tegib maydondan chiqib ketishi arafasida Tadich to‘pga teginib hisobni tenglashtirdi. Keyin Aller turnirdagi yettinchi golini urib, jamoasini oldinga olib chiqdi, qo‘shimcha daqiqalarda Klassen yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Ayaks» to‘rt o‘yinda to‘rt g‘alabaga erishib, muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini hal qildi, «Borussiya» uchun keyingi turda «Sporting»ga qarshi kechadigan o‘yin hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, portugallar ikki o‘yinda «Beshiktosh»ga sakkiz gol urib, nemislarga yetib olgan. Turklar safardagi o‘yinda tengma-teng o‘ynashga harakat qilishdi, ammo o‘yin bosh hakami Sergey Karasev ularning darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasi belgilagach, amalda o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Nuqtaga yaqinlashgan Pedru Gonsalvesh «Sporting»ning «Joze Alvalade»dagi 30-rasmiy o‘yinida gol urdi. «Sporting»ga transferi katta miqdorda pul keltiradigan navbatdagi futbolchisi aynan u (Brunu Fernandeshdan keyingi) bo‘lishi yaqqol ko‘rinib turibdi.

24 noyabr. «Beshiktosh» — «Ayaks», «Sporting» — «Borussiya» D.

Madrid superklubi pley-off sari katta qadam tashladi

D guruhi
«Real» — «Shaxtyor» — 2:1
Gollar: Benzema, 14 (1:0). Fernandu, 39 (1:1). Benzema, 61 (2:1).
«Real» (Ispaniya): Kurtua, Alaba, Karvaxal (Nacho, 66), Mendi, Eder Militau, Modrich, Kroos, Kazemiru, Benzema (Yovich, 79), Vaskes, Vinisius Junior.
«Shaxtyor»: Trubin, Ismaili, Marlon, Matviyenko, Dodo, Stepanenko (Markos Antoniu, 80), Patrik (Sudakov, 80), Maykon, Fernandu (Dentinyu, 86), Mudrik (Solomon, 71), Tete (Marlos, 79).
Ogohlantirishlar: Mendi, 39. Kazemiru, 63. Dentinyu, 90+3.
Hakam: Basten (Fransiya).
3 noyabr. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

«Shaxtyor» avvaldan yevrokuboklarda munosib ishtirok etib keladi va muxlislar ulardan har safar yaxshi natijalar kutishadi. Koronavirus tanaffusidan keyin Luish Kashtru boshchiligidagi klub Yevropa Ligasi yarimfinaliga qadar yetib bordi. O‘tgan mavsumda — jamoa Chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmagan bo‘lsa ham — «Inter» bilan ikki durang qayd etib, Konte jamoasini to‘rtinchi o‘rinda qoldirdi, «Real» esa ikki bor mag‘lub etildi. Ayniqsa, Madriddagi birinchi o‘yin yodda qolarli bo‘lgandi, o‘shanda «konchilar» koronavirus avj olishi va jarohatlar epidemiyasi tufayli ikkinchi tarkibni tushirishga majbur bo‘lib ham g‘alabaga erishgandi.

Lekin hozirgi natijalar kutilmagan darajada yomon, chunki klub ko‘p vaqtlar ichida ilk bor transferlar bozorida faollik ko‘rsatgan, Marlon, Pedrino va Traore uchun 40 million yevro sarflagandi. Hozirgi natijalar sababini Roberto De Dzerbining YeChLda tajribasizligi bilan ham bog‘lash mumkin. Masalan, «Real»ga qarshi avvalgi o‘yinda italiyalik mutaxassis tajribali tayanch yarimhimoyachisi Stepanenkoni boshlang‘ich tarkibdan tashqarida qoldirgandi.

32 yoshli yarimhimoyachi Kiyevdagi 0:5 hisobli qaqshatqich mag‘lubiyatdan keyin «Santyago Bernabeu»da ilk daqiqalardan maydonga tushirilishi murabbiy tomonidan o‘z xatosini tan olish bo‘ldi. Faqat bu o‘yinda «Shaxtyor»ning muammolari maydon markazida emas, orqaroq chiziqda bo‘y ko‘rsatdi, qaymoqranglilar raqibni juda erta qarshi olib, yuqori pressing qilishdi. Bu nafaqat ukrainlar jamoasi hujumlarini boshlashiga xalal berdi, balki Karlo Anchelottining hujum chizig‘idagi qurollaridan foydalanishiga sharoit yaratdi.

Birinchi golda himoyadagi qo‘pol xato jazolandi. «Real» futbolchilari raqibning uzun uzatmasini to‘sishganidan keyin to‘p yana mehmonlar jarima maydoniga qaytdi, Vinisius Junior chaqqon harakatlari bilan to‘pni olib qo‘yib Benzemani bo‘sh darvoza qarshisida qoldirdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida Modrichning yaqin masofadan bergan zarbasini to‘sib qolgan Trubin bu safar o‘z jamoasini qutqarishining imkoni yo‘q edi. Fransuz hujumchisi muallifligidagi gol Madrid jamoasini asosiy yevrokubokda ilk bor 1000 gol urgan jamoaga aylantirdi.

Ukrainlar ham birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan saboq chiqargan holda harakat qilishdi, mehmonlar birinchi gol urilishidan avvalroq Kurtua darvozasiga jiddiy xavf solishgandi - Alan Patrik yo‘llagan zarba darvoza ustunini titratdi, keyin ham qiziqarli hujumlar uyushtirildi, qanotlarda Mudrik va Dede faol bo‘lishdi. Matviyenko uning uzun uzatmalari raqib yulduzlarinikidan yomonroq emasligini bir necha bor isbotladi, shunday uzatmalardan biri berilgan vaqtda Alaba Alan Patrikka tashlab berilgan to‘pni to‘sishga ulgurmadi, bu hujum Fernanduning kuchli va aniq zarbasi bilan yakunlandi. Agar Kurtuaning mahorati bo‘lmaganida, tanaffusga qadar hisob 1:2 ko‘rinishiga kelishi mumkin edi.

Mezbonlar darvozasiga Fernandu tomonidan xavf solinishi davom etdi. Bu braziliyalik futbolchi so‘nggi sakkiz o‘yinida olti gol urishga erishdi, uning samaradorligi uzoq vaqtga safdan chiqqan Traorening yo‘qligini bilintirmay turibdi. Ammo tushunish kerakki, «Real» darajasidagi raqibga qarshi o‘yinda vaziyatlar ko‘p berilmaydi, ulardan foydalanilmasa, barchasi shu oqshom yakunidagi kabi ko‘rinish oladi.

«Shaxtyor»ning pozitsion hujumlari Madrid himoyasi devoridan o‘tmadi, mezbonlar esa shunday hujumlar bilan darvozaning narigi tomonidagi himoyani yakson qildi. Kazemironing tovon bilan bergan pasidan keyin Vinisius vatandoshlarini aldab o‘tib, to‘pni darvoza oldida turgan Benzemaga tashlab berdi.

Bu juftlikning harakatlari — joriy mavsumning haqiqiy bezagi bo‘lmoqda. Qiziq matematika. Barcha turnirlar hisoblanganda, fransuz forvardida 13 gol va 7 golli uzatma bor. Braziliyalikda — mos ravishda 9 va 5. Bu professor Anchelottining eng g‘alabali formulasi. Hozircha bu hujum tandemiga qarshi la ligada «Espanol», YeChLda «Sherif» himoyachilari chora topa olgan. «Shaxtyor» esa Ispaniya poytaxtida munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, endi amalda pley-offdan umid uzdi va jamoa hatto Yevropa Ligasida ishtirokini davom ettirish imkoniga ega bo‘lmasligi mumkin.

«Sherif» — «Inter» — 1:3 (0:0)
Gollar: Brozovich, 54 (0:1). Shkrinyar, 66 (0:2). Sanches, 82 (0:3). Traore, 90+2 (1:3).
«Sherif»: Atanasiadis, Kristianu, Dulanto, Arboleda, Kostansa, Kolovos (Brunu, 73), Till, Addo (Radelich, 62), Yaxshiboyev (Jyulen, 82), Traore, Kastaneda.
«Inter»: Xandanovich, Darmian (Dyumfris, 46), de Vrey (Ranokkia, 85), Dimarko (Perishich, 64), Shkrinyar, Bastoni, Vidal, Brozovich, Barella, Djyeko (Korrea, 81), Martines (Sanches, 82).
Ogohlantirishlar: Addo, 35. Darmian, 43. Kristianu, 51. Kolovos, 61. Kostansa, 63. Shkrinyar, 67.
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).
3 noyabr. Tiraspol. «Sherif» stadioni.

«Inter»ga qarshi javob uchrashuvida «Sherif»ning asosiy darvozaboni Georgis Atanasiadis va o‘zbekistonlik hujumchisi Jasur Yaxshiboyev qaytishdi. 

Lekin «Inter» o‘yinning ilk daqiqalaridanoq maydon egalariga o‘yin bermadi. «Sherif»ning qarshi hujumlari naf keltirmadi: birinchi bo‘limda «Sherif» bir marta burchak zarbasi ishladi va bir marta darvoza sohasiga aniq zarba yo‘lladi. Italyanlar esa doimiy ravishda xavf solib turishdi. Statistikada bu ustunlik to‘liq aks etmagan, «Inter» 14 zarbadan faqat bittasini darvoza tomon aniq yo‘llay olgan: Atanasiadis Edin Djyeko bilan yakkama-yakka vaziyatda masofani qisqartirib, «Sherif»ni goldan qutqardi. Raqibning ko‘plab zarbalari noaniq ketgan bo‘lsa-da, gretsiyalik darvozabonga tin olishga imkon berishmadi. U doimiy ravishda jarima maydoniga uzatilgan paslarga chiqib kelish bilan band bo‘ldi, Lautaro Martinesning 40-daqiqadagi zarbasi darvoza ustuniga tegdi (bu zarba ham aniq zarbalar qatoriga qo‘shilmagan).

Tanaffusga qadar mezbonlar tablodagi nollar saqlanib qolishini ta'minladi, ammo o‘yinning ikkinchi qismida hammasi o‘z joyiga tushdi. 54-daqiqada Marselo Brozovich jarima maydoniga kirar kirmas bergan zarbasi blan hisobni ochdi. 12 daqiqadan keyin «Inter» aniq zarbalar bo‘yicha statistikasini yaxshilashga qaror qildi. Brozovich burchakdan to‘pni uzatib bergach, Stefan De Frey boshi bilan zarba berdi, darvozabon to‘pni darvoza chizig‘i ustida qaytarib yubordi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib boshqa bir himoyachi Milan Shkrinyar yetib keldi. Slovakiyalik futbolchi faqat ikkinchi urinishda maqsadiga erishdi va hisob baribir 0:2 ko‘rinishini oldi.

Guruhning sobiq yetakchisi darvozasiga uchinchi gol Aleksis Sanches tomonidan urildi. Chililik futbolchi «Sherif» ikki himoyachisi to‘pni kim egallashi kerakligini hal qila olmay turganida ildamlik qilib, kuchli zarba yo‘lladi, Atanasiadis qo‘llarini qimirlatishga ham ulgurmadi.

«Sherif» qo‘shimcha daqiqalarda bitta javob qaytarishga ulgurdi, bu safar Vernidub jamoasiga standart yordam berdi. Sebasten Tillning uzatmasini ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashda ustun kelgan Adam Traore boshi bilan darvozaga yo‘lladi.

Bu g‘alaba evaziga «Inter» «Sherif»ni ortda qoldirib, 7 ochko bilan guruhda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Moldaviyaliklar klubi 6 ochko bilan qoldi, ammo bu «Shaxtyor»ning ochkolaridan beshtaga ko‘p. «Sherif» bahordagi o‘yinlarda qatnashishi uchun ukrainlar qolgan ikki o‘yinda olti ochko ololmasligi kifoya qiladi. Ishni bungacha qoldirmaslik uchun «Real»ga uyda yutqazmaslik yoki ukrainlar «Inter»ni safarda mag‘lub etmasligiga umid qilish ham mumkin.

24 noyabr. «Sherif» — «Real», «Inter» — «Shaxtyor».

Kun statistikasi
«PSJ» darvozaboni Donnarumma professional faoliyatida 16-marta penalti qaytardi.

Mane YeChLda «Liverpul» safida 21-golini urdi, u bu ko‘rsatkich bobida Stiven Jyerrard bilan tenglashib oldi.

33 yoshu 319 kun — «Real» hujumchisi Benzema madridliklarning asosiy yevrokubokning hozirgi formatida dubl qayd etgan eng yoshi katta futbolchisiga aylandi. Turnir Chempionlar kubogi deb atalgan davrlarda, 1965 yilda undan kattaroq yoshda afsonaviy Ferens Pushkash ham bir o‘yinda ikki gol urishga erishgandi (38 yoshu 173 kun).

«Shaxtyor»ning YeChLdagi gollarining 62 foizini — 137tadan 85tasini — braziliyalik futbolchilar urishgan.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top