19:43 / 04.11.2021
8115

Toshkentda mast holda shifokor ayolni kaltaklagan shaxs 4 yilga qamaldi

Toshkentda mast holatda shifokorga jiddiy jarohat yetkazgan shaxsga sud hukmi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Foto: SSV matbuot xizmati

Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limida ishlovchi shifokor ayolni kaltaklab, jiddiy jarohat yetkazgan shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea 24 mart kuni yuz bergandi. Soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida tekshiruvga olib kelingan. Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.T.ga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganini bildirgan.

Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganini va undan so‘ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. Shunga qaramay, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuhmat so‘zlar bilan e'tiroz bildirishni boshlagan va bemor U.N. to‘satdan shifokor ayolga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Shifokor N.T. qo‘shma kraniofatsial jarohati, bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyish, subaraxnoidal qon quyilishi, burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi, ensa va burun sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, nazogemorreya tashxisi va bosh miya shishi asorati bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

O‘sha paytdayoq Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan qonunga muvofiq hukm chiqarilishini so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat bilan chiqqandi. Shundan so‘ng tibbiyot xodimiga qo‘l ko‘targan fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilib, surishtiruv ishlari boshlandi. Jarayon yakunlangach, 2 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida fuqaro U.N.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, sudlanuvchiga jazo turi va muddatini tayinlashda fuqaroning muqaddam sudlanmagani, o‘z aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti hamda kasalligi, mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan iltimosnoma jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholandi. Ammo sudlanuvchining mazkur qilmishni g‘arazli niyatda hamda mastlik holatida sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida baholangani aytildi.

Hukmga ko‘ra, U.N.ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top