17:15 / 06.11.2021
11336

Manchester va Milanda derbi, Konte uchun dastlabki jiddiy sinov, «Liverpul» Moyyes jamoasiga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Kelasi haftada klublar futboli joriy yildagi so‘nggi tanaffusiga chiqadi. Milliy jamoalar JCh saralashi va o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘z kuchlarini sinab ko‘radi. Ammo bu hafta ham bizni ancha shiddatli bahslar kutib turibdi. Manchester va Milanda derbi, Liverpulda Antonio Kontening debyuti, «Barselona» esa Xavining tayinlanishi rasman e'lon qilganidan so‘ng ilk o‘yinida maydonga tushadi. Shuningdek, Germaniyada ham qizg‘in o‘yinlar bor.

MANCheSTeR YuNAYTeD – MANCheSTeR SITI (6 noyabr, 17:30)

 Navbatdagi derbiga har ikki Manchester klublari o‘ziga yarasha bosim bilan yetib kelmoqdalar. «Yunayted»dagi bosim deyarli murabbiy iste'fosi darajasida – Sulsherga uch o‘yinga imkoniyat berishgandi. Safardagi ikki og‘ir uchrashuvda «qizillar” mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsalar-da, Bergamodagi o‘yin jamoa atrofidagi salbiy fikrlarni yangilab yubordi. So‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgan Sulsher jamoasi buning ustiga Rafael Varanni 3-4 haftaga yo‘qotdi. Vaziyatni uch markaziy himoyachi bilan o‘nglashga urinayotgan murabbiyda Varandan tashqari, Lindelyofning ham holati hali aniq emas. Norvegiyalik mutaxassis derbida qaysi jamoa birinchi raqamda o‘ynab, tashabbusga ega bo‘lsa, imkoniyat kattaroq bo‘lishi haqida aytdi. Rostdan ham, himoyadagi bu yo‘qotishlar «Yunayted»ga boshqa imkoniyat qoldirmayapti. To‘qson daqiqa himoyalanib «Siti»dan gol o‘tkazmaslik uchun jamoa juda yaxshi formada bo‘lishi kerak.

Foto: Getty Images

Pep Gvardiola shogirdlarida ham bosim katta. Chempionlik uchun asosiy da'vogar sifatida tilga olinayotgan «Manchester Siti» kutilmaganda o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga imkoniyati boy berib qo‘ydi va «Chelsi»dan 5 ochkoga ortda qolmoqda. Bu hafta «Byornlini qabul qiladigan «Chelsi» agar «Siti» g‘alaba qozona olmasa, o‘rtadagi farqni yanada oshirishi mumkin. Bunday shartlarda kurashish esa, albatta oson bo‘lmaydi. Bu jihatdan «Siti» nima qilib bo‘lsa ham, g‘alaba haqida o‘ylaydi. Taxmin qilish mumkinki, o‘tgan yildagi kabi, har ikki jamoa rozi bo‘ladigan nursiz durang bo‘lmaydi.

«Yunayted» safida Varandan tashqari Pol Pogba ham jamoaga yordam bera olmaydi. U «Liverpul»ga qarshi o‘yindagi qizil kartochkasi tufayli uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan. Bunday futbolchi mehmonlar safida ham bor. Emerik Lyaport yuqorida eslangan o‘tgan tur o‘yinida maydondan chetlatilgandi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, qizig‘i, Sulsher Pepga nisbatan ijobiy statistikaga ega. O‘tgan 8 duelning 4 tasida norvegiyalik mutaxassisning qo‘li baland kelgan. Pep hisobida 3 g‘alaba bor, lekin ulardan 2 tasida Angliya Liga kubogiga to‘g‘ri keladi. 

Ya'ni «Manchester Yunayted» Sulsher boshqaruvga kelganidan so‘ng, faqat ilk APL derbisida imkoniyatni boy bergan xolos. Uch o‘yindan beri esa, «Siti» umuman gol urishning uddasidan chiqa olmayapti.

BAVARIYa – FRAYBURG (6 noyabr, 19:30)

«Bavariya»ning Bundesligadagi biror o‘yinida shiddatli kurashni taxmin qilish mushkul. Masalan, oxirgi marta «Bayyer»ga qarshi o‘yinga to‘xtalgandik va «Bavariya» raqibini 5:1 hisobida chilparchin qilib tashladi.

Ammo aynan «Frayburg»ni «Bavariya» imtihonida kuzatish chindanam qiziq bo‘ladi. Jamoa Bundesligada mag‘lubiyat nimaligini bilmagan yagona jamoa hisoblanadi. Umuman ushbu mavsumda nafaqat Bundesliga, shuningdek, Germaniya kubogi va hatto o‘rtoqlik o‘yinlarini ham qo‘shganda, Kristian Shtrayx shogirdlari 15 o‘yinda biror marta ham yutqazmadilar. «Frayburg» «Leypsig» bilan durang o‘ynadi, «Volfsburg» va «Borussiya» ustidan g‘alaba qozondi. Chempionlar Ligasiga ishtirokchilariga qarshi bu ijobiy natijalar albatta, Myunxendagi o‘yinda ham ishonch bag‘ishlashidan umidimiz bor.

Foto: Getty Images

O‘zaro o‘yinlarda «Frayburg»ning natijalari yaxshi emas – oxirgi 20 o‘yinda atigi bir g‘alaba xolos. Ammo o‘tgan mavsumdagi so‘nggi uchrashuv 2:2 hisobida jangovar durang bilan yakunlanganini ham e'tirof etish lozim. «Frayburg»ga yordam berishi mumkin bo‘lgan yana bir jihat shuki, myunxenliklar hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida «Benfika»ga qarshi maydonga tushdilar. «Frayburg» esa, ushbu uchrashuvga tayyorlanish uchun bir hafta vaqtga ega bo‘ldi.

LeYPsIG – BORUSSIYa DORTMUND (6 noyabr, 22:30)

Har ikki jamoa u qadar yomon formada bo‘lishmasa-da, Chempionlar Ligasida tarsaki qabul qilishdi va og‘ir holatga tushib qolishdi. «Leypsig» ikki o‘yinda ham «PSJ» ustidan qozonilayotgan g‘alabani ushlab qola olmadi va rasman turnirning pley-offidan umidini uzdi. «Borussiya» esa, ikki o‘yinda «Ayaks»dan mag‘lubiyatga uchrab, yaxshi holatini qiyinlashtirib qo‘ydi. Endi yo‘llanma taqdiri «Sporting»ga qarshi safar o‘yinida hal qilinishi mumkin.

Foto: Getty Images

«Borussiya»ning Bundesligadagi ishlari yomon emas, axir «Bavariya»ni bir ochkolik masofada ta'qib qilib borish oson ish emas, to‘g‘rimi? Ammo Holandning jarohati yana kamida bir oy dortmundliklarga muammo tug‘dirishi mumkin. Nafaqat Holand, hozirda jamoada deyarli bir butun tarkib lazaretdan o‘rin olgan. Gerreyru, Shuls, Morey, Volf, Shmelser, Dahud, Reyna, Jan – ha, hammasi ham asosiy tarkib o‘yinchilari emas,  lekin bir necha turnirlar, milliy jamoalar yig‘inlari turganda, murabbiy uchun imkon qadar ko‘proq futbolchilar tayyor holatda bo‘lishlari juda muhim.

«Leypsig»ning pasayishi kutilgan edi, zero Nagelsmanning ketishi jamoa o‘yinida vaqtinchalik muammolarni paydo qilishi turgan gap. Ammo jamoa o‘yinida, futbolchilarning harakatlarida u qadar o‘zgarish yo‘qdek, «Leypsig» xuddi o‘tgan yildagi kabi yuqori saviyali futbol ko‘rsatishda davom etmoqda. Asosiy muammo esa, vaziyatlardan foydalanish va kerak bo‘lganda kerakli hisobni saqlab qolishdagi o‘quvsizlikda ko‘rinmoqda. «Leypsig» YeChL dagi 4 o‘yinning 3 tasida hisobda oldinda borayotgandi va bu shunchaki, kutilmagan gollar hisobiga emas, aynan raqibdan ustunlik evaziga sodir bo‘layotgandi. Lekin yakunda atigi 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Bundesligada ham bunday o‘yinlar talaygina. O‘tgan hafta «Ayntraxt»ga qarshi o‘yinda g‘alaba 90-daqiqada qo‘ldan chiqarildi. Undan oldingi safar o‘yinida ham durang qayd etilgan va o‘shanda «Frayburg» hisobni tenglashtirgandi. Xulosa qilganda, «Leypsig» o‘yinida qandaydir yengillik kuzatilmoqda va maydonda ko‘rsatilayotgan o‘yin kerakli natijaga mos kelmayapti.

O‘zaro o‘yinlarda «Borussiya» yaqqol ustunlikka ega. «Leypsig» Bundesligaga chiqqan dastlabki yillari raqibi ustidan g‘alaba qozongan, shundan so‘ng, 8 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Oxirgi to‘rt uchrashuv ham dortmundliklarning g‘alabasi bilan yakunlangan.

EVeRTON – TOTTeNHEM (7 noyabr, 19:00)

Antonio Konte Angliyaga qaytdi, «Tottenhem»da ish boshlab, Konferensiyalar ligasida g‘alaba qozonib ham ulgurdi. Ammo uning haqiqiy debyutini yakshanba oqshomida tomosha qilishimiz mumkin. «Everton»ga qarshi o‘yinda.

«Everton» so‘nggi paytlarda yomon natijalar ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, xavfli raqib. Mavsum boshida Kalvert-Lyuin, Risharlison kabi yetakchilarsiz harakat qilsa-da, ularsiz ham o‘ynashni o‘rganib oldi, hatto «Old Trafford»da ochkolik bo‘ldi. Lekin Abdulay Dukuresiz o‘ynash yanayam qiyinroq ekan. Fransiyalik yarimhimoyachi jarohatlangach, «Uotford» va «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyat qayd etildi. «Vest Hem»ga qarshi o‘yinni ham qo‘shsak, Benites shogirdlari qatorasiga uch o‘yindan beri yutqazmoqdalar. Bunday holatda, albatta, ayniqsa, o‘z maydonida «Everton yaxshi qarshilik ko‘rsata oladi. O‘tgan mavsumni eslasak ham, «Everton» «Tottenhem»ga qarshi o‘yinlarni ishonchli o‘tkazgan – Liverpulda durang va safarda g‘alaba. Bundan tashqari, Angliya kubogi o‘yinida ham 5:4 hisobida «Everton»ning qo‘li baland kelgandi.

Bundan tashqari, «Tottenhem» payshanba oqshomida yevrokubok o‘yinida «Vitess»ga qarshi maydonga tushganini ham e'tiborga olish kerak. Konte ilk o‘yini bo‘lgani uchun rotatsiya qilib o‘tirmadi va asosiy tarkibni sinab ko‘rdi. Katta ehtimol bilan xuddi shu futbolchilar «Evertonga qarshi ham harakat qiladilar.

Ko‘p obektiv faktorlar «Everton»ning ustunligini dalolat qilsa-da, yangi murabbiy Antonio Konte omili ham kattaroq tosh boshsa kerak va bu o‘yinda biz oldingilarga o‘xshamagan mutlaqo boshqa «Tottenhem»ni ko‘rishimiz mumkin.

VeST HEM –LIVeRPUL (7 noyabr, 21:30)

Yurgen Klopp «Liverpul» murabbiyi etib tayinlangach, «Vest Hem»ga qarshi ilk uchrashuvini 0:2 hisobida boy bergan. Bir oy o‘tib jamoalar «Enfil»dda Angliya kubogida to‘qnash kelib, hisob ochilmagan. Takroriy o‘yinda esa, yana «Vest Hem»ning qo‘li baland kelgan. Keyingi mavsumda ham ilk o‘yinda «Liverpul» o‘z maydonida londonliklar qarshiligini sindira olmadi va 2:2 hisobida durang qayd etildi. Nihoyat beshinchi o‘yinga kelib, Klopp ushbu murosasiz jamoaning darvozasiga yo‘l topdi va shogirdlari 4:0 hisobida safarda ustun keldilar. Shu-shu «Liveppul» uchun «Vest Hem» juda qulay raqibga aylanib qoldi va keyingi 8 o‘yindan 7 tasida ham Klopp jamoasi g‘alaba qozondi. Bir durang.

Ammo bu safar oson bo‘lmasligi tayin. Zero Moyyes jamoasi o‘tgan yilgi grafikda ochko olishda davom etib, hozirda kuchli to‘rtlikda boryapti. Bu o‘yindagi g‘alaba «Vest Hem»ga «Liverpul»ni quvib o‘tishni ta'minlaydi hatto. Lekin tan olish kerak – «Liverpul»hozirda nafaqat Angliyada, balki Yevropada eng yaxshi jamoalardan biri bo‘lib turibdi va 25 o‘yindan beri barcha musobaqalarda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Buning ustiga «Vest Hem» ham kuni kecha, safarda Yevropa Ligasi doirasidagi «Genk»ka qarshi maydonga tushdi. Ushbu o‘yinda Antonio ham, Rays ham, Kressuel ham, umuman bir qator asosiy tarkib o‘yinchilari harakat qildilar.

Bir necha turnirlarda qatnashish, tabiiyki, «Liverpul»ga ko‘proq zarar keltirmoqda va bir qator jarohatlangan futbolchilarga ega. Uzoq muddatga safdan chiqqan Elliotdan tashqari, Firmino, Milner, Keyta, Jons, Gomes kabi futbolchilarning maydonga qaytish muddatlari eng yaqin holatda terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng ro‘y beradi. Mezbonlar safida esa, Yarmolenko va Vlashichning sheriklariga yordam berishi so‘roq ostida, lekin har ikkisining jarohati og‘ir emas, hatto shu o‘yinda ham tayyor bo‘lish ehtimoli bor.

 NAPOLI – VeRONA (7 noyabr, 22:00)

«Napoli» nafaqat A Seriya, balki Yevropada ham eng yaxshi performans namoyish etayotgan jamoadir. 11 o‘yinda atigi 1 durang va atigi uch marotaba o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqan. Chempionatda besh o‘yindan beri gol o‘tkazib yubormayapti. Ammo bir nechta sabablar «Napoli»ning bu yurishi oxirlab borayotganidan dalolat qiladi.

Birinchidan, jarohatlar. Oldingi chiziq vakillari Osimhen va Insine bir necha haftaga safdan chiqqanlar. Markaziy himoyada Manolasning jarohati ham katta muammo edi, buning ustiga «Salernitana»ga qarshi o‘yinda Kulibali maydondan chetlatildi va navbatdagi turda diskvalifikatsiyaga ega. Peshqadam uchun bir nechta futbolchining yo‘qotilishi katta muammo tug‘dirmasligi kerakdir, ammo bu safargi raqib ham anoyi emas, «Napoli»dan kam bo‘lmagan seriyada kelmoqda.

«Verona» mavsumni qatorasiga uch mag‘lubiyat bilan boshladi va murabbiyini iste'foga chiqardi. Jamoaga Igor Tudor kelgach, natijalar sezilarli darajada yaxshilandi – keyingi 8 o‘yinda 4 g‘alaba va 3 durang. Faqat «Milan»ga qarshi o‘yinda imkoniyat boy berildi. G‘alabalar ham «Latsio», «Yuventus» va «Roma» kabi yetakchilar ustidan qo‘lga kiritilganini ham unutmaslik kerak. Jovanni Simeone esa, oxirgi uch o‘yinda 6 gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu vaziyatda «Napoli» hafta o‘rtasida Yevropa Ligasida «Legiya»ga safar qilganini, ya'ni bu o‘yinga tayyorlanish uchun atigi 2 kunga ega bo‘lganini ham e'tiborga olsak, «Verona» ancha muammo tug‘dirishini taxmin qilsak bo‘ladi. Yaxshiyamki, bu turda asosiy raqobatchi bo‘lmish «Milan»ga ham qiyin raqib tayyorlab qo‘yilgan.

MILAN – INTeR (8 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

«Milan» shahar derbisida azaliy raqibiga qarshi maydonga tushadi. Pioli shogirdlari Chempionlar Ligasida ishonchsiz harakat qilayotgan bo‘lsalar-da, Italiyada, hatto katta o‘yinlarda ham ancha ishonchli harakat qilmoqdalar. «Yuventus» bilan durang, «Roma» ustidan qozonilgan g‘alabalar ham shular jumlasidandir. Ya'ni «Milan»ning bu o‘yinda ham favorit sifatida maydonga tushishi tushunarli.

Aslida bu o‘yinga «Inter» nazaridan qarash qiziqroq. Peshqadamlardan 7 ochko ortda qolib ketgan, shu bilan birga 4-o‘rindan 5 ochko oldinga o‘tib olgan «Inter» keyingi ikki turni «Milan» va «Napoli»ga qarshi o‘tkazadi. Aynan mana shu o‘yinlarda «Inter»ning ushbu mavsumdagi o‘rni haqida savolga oydinlik kiritiladi – xo‘sh, chempion bu o‘yinlardan foydalanib peshqadamlarga yaqinlashib olib, poygaga qo‘shiladimi yoki ochkolar yo‘qotib, kuchli to‘rtlik uchun qizg‘in kurash qozoniga tushib ketadimi?

«Roma»ga qarshi g‘alabali o‘yinda Teo Ernandes ikkinchi sariq kartochka uchun maydondan chetlatilgandi va u diskvalifikatsiya tufayli, sheriklariga yordam bera olmaydi. Rebich va Kastilexoning qaytishi shu kunlarga mo‘ljallangan edi, ammo to‘liq formaga qaytish vaqt talab qiladi va bu o‘yinlar ularning tayyor bo‘lishi imkonsiz. «Inter» safida esa, yo‘qotishlar yo‘q.

Shu o‘rinda oxirgi 7 Milan derbisining 6 tasida «Inter»ning qo‘li baland kelganini ta'kidlash joiz. O‘tgan mavsumdagi so‘nggi to‘qnashuvda «ko‘k-qoralar» 3:0 hisobida yirik g‘alabaga erishgandilar.

BOShQA O‘YINLAR

6 noyabr. CheLSI – Byornli (20:00), Selta – BARSeLONA (20:15), YuVeNTUS – Fiorentina (22:00), ReAL – Rayo Valekano (7 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00), Bordo – PSJ (7 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

7 noyabr. Venetsiya – ROMA (16:30), ARSeNAL – Uotford (19:00), Valensiya – ATLeTIKO (20:15), LATsIO – Salernitana (22:00).

Top