15:14 / 08.11.2021
4606

Foydalanilmayotgan imkoniyatlar, 20 mln yevrolik yordam va Afg‘oniston masalasi – O‘zbekiston-Avstriya TIV rahbarlari uchrashuvidan reportaj

Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Mixael Linhart bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, uchrashuvda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Avstriya tomoni o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.

Uchrashuvdan so‘ng ikki davlat OAV vakillari uchun tashkil etilgan brifingda Abdulaziz Komilov tomonlar ko‘p masalalarda umumiy qarashlarga ega ekanini, lekin hozirgi kunda o‘zaro hamkorlikning bor imkoniyatlaridan foydalanilmayotganini ta'kidladi.

«Shu ma'noda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi darajaga ko‘tarishda Avstriya tashqi ishlar vazirining tashrifi juda muhim hisoblanadi. Biz o‘zi bilan ko‘plab tadbirkorlardan iborat delegatsiyani olib kelgan vazir janoblarining barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu tashrif albatta o‘zining yaxshi natijalarini namoyon qiladi», - dedi Komilov.

Abdulaziz Komilov. Foto: Kun.uz

Mixael Linhart o‘zining Markaziy Osiyo davlatlariga safari davomida Samarqand shahriga tashrif buyurgani va bu unda katta taassurot qoldirganini aytib o‘tdi. Avstriya hukumati vakili O‘zbekiston bilan do‘stlik belgisi sifatida 150 ming doza Astra Zeneca vaksinasini olib kelganini ma'lum qildi. Mixael Linhart O‘zbekiston tomoni bilan muzokaralar asosan o‘zaro iqtisodiy hamkorlik va mintaqadagi xavfsizlik mavzularida bo‘lib o‘tganini qayd etdi.

Mixael Linhart. Foto: Kun.uz

«Biz koronavirus infeksiyasi tufayli dunyo bo‘ylab qiyin holga tushgan korxonalarimizni qo‘llab-quvvatlashga doir dasturimizni qayta ishga tushirdik. Shuningdek, bu dastur doirasida O‘zbekiston bilan iqtisodiy sohadagi munosabatlarimizni mustahkamlamoqchimiz. Biz iqtisodiy forum doirasida qatnashish uchun Avstriya biznes kompaniyalarining 40 nafar vakilini o‘zimiz bilan olib keldik», dedi u.

Shuningdek, Mixael Linhart O‘zbekistonga Avstriya fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishga ko‘mak bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Muzokaralar davomida biz hozirgi vaqtda Afg‘onistonda bo‘lib turgan fuqarolarga birinchi bo‘lib yordam berish kerakligi haqida umumiy to‘xtamga keldik. Shuningdek, holat barqarorligiga putur yetkazadigan «qora teshik» paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Biz mintaqadagi hamkorlarimiz birgalikda Afg‘onistondagi uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashda kuchlarimizni birlashtiramiz. Avstriya bu maqsadlar uchun 20 million yevro miqdoridagi yirik insonparvarlik paketini tayyorlagan. Shuningdek, yevropalik hamkasblarimiz bilan kelishuv asosida afg‘onistonliklarga 1 milliard yevro miqdorida yordam dasturi tayyorlaganmiz», deya Mixael Linhartning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, Avstriya tashqi siyosat idorasi rahbari tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston-Avstriya biznes-forumi ham bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va biznes tuzilmalarining 200dan ortiq vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, Linhart Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida ham uchrashuv o‘tkazadi.

Ushbu tashrif Avstriya TIV rahbarining so‘nggi 20 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir. Avstriya tashqi ishlar vaziri Benita Ferrero-Valdner O‘zbekistonga oxirgi marta 2000 yilda YeXHTning amaldagi raisi sifatida kelgan edi.

Mavzuga oid
Top