19:39 / 08.11.2021
6862

Mask Tesla aksiyalarini sotish haqida so‘rovnoma o‘tkazdi. Foydalanuvchilar “ha” deb ovoz berishdi

Tesla kompaniyasi asoschisi, milliarder va sayyoraning eng badavlat odami Ilon Mask Twitter’da obunachilaridan aksiyalarining 10 foizini sotishiga qanday munosabatda bo‘lishlarini so‘radi.

Tesla anchadan buyon jahon miqyosidagi biznesga aylangan, iqlim o‘zgarishlariga e'tibor kuchayishi barobarida u ishlab chiqarayotgan elektrokarlar katta mashhurlikka erishmoqda.  Foto: Getty Images

Maskning 62 milliondan ortiq kuzatuvchisi bor. U so‘rovnoma natijalari qanday bo‘lishidan qat'i nazar, unga muvofiq ish ko‘rishga va'da berdi. Ovoz berish natijasida aksiyalarni sotish tarafdorlari g‘olib bo‘lishdi: uni ishtirokchilarning 58 foizi qo‘llab-quvvatlagan, qariyb 42 foizi esa bunga qarshi bo‘lgan. Tadbirkorning savoliga 3,5 mln obunachi javob bergan.

Agar Mask o‘z va'dasini bajarsa, Tesla’ning 21 mlrd dollarlik aksiyalarini sotishi kerak. Oregon shtati senator-demokrat Ron Uayden faqat eng badavlat kishilargagina tegishli bo‘lgan yangi “milliarderlardan olinadigan soliq” turini kiritishni taklif etganidan keyin Tesla asoschisi mazkur so‘rovnomani o‘tkazishga qaror qilgandi.

“Milliarderlar uchun yangi soliq ular ham boshqa ishlaydigan amerikaliklarga o‘xshab har yili soliq to‘lashlarini ta'minlaydi. Ishlaydigan amerikaliklarning birortasi u soliq to‘lashga majburligi, milliarderlar esa majbur emasligiga rozi emas”, — dedi senatda o‘z qonun loyihasini taqdim etgan Uayden.

Sotish kerakmi yoki yo‘q? Moliya dunyosi 21 mlrd dollarning taqdirini Maskning folloverlari hal qilayotganidan hayratda. Foto: Getty Images

Uning rejasi eng badavlat kishilarni amalga oshirilmagan daromaddan 23,8 foizini to‘lashga majbur qilishdan iborat. Ya'ni milliarderlar aktivlarining bir qismini sotgani yoki sotmaganidan qat'i nazar, qimmatli qog‘ozlar qiymati oshishidan soliq to‘lash majburiy bo‘lishini nazarda tutadi. 

Mask mazkur qonun loyihasiga qarshi chiqdi. U Twitter’da maosh, mukofot puli olmasligi, faqat aksiyalari mavjudligini yozgan. “Shaxsan men uchun soliq to‘lash uchun yagona imkoniyat bu — aksiyalarni sotish”, — dedi u.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtda AQShda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash usullaridan biri — amalga oshirilmagan daromad haqida ko‘p gapirilyapti. Bu vaziyatda elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasining 10 foiz aksiyasini sotishdan boshqa chora qolmaydi.

Soliq AQShdagi 700 nafar eng badavlat kishiga taalluqli bo‘ladi, deb hisoblanmoqda. Biroq tanqidchilar aksiyalar narxi qimmatlashi ham, arzonlashi ham mumkinligi haqida gapirishmoqda. Natijada bu soliq doimiy bo‘lishi mumkin emas.

Mask aksiyalarni sotish haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. Yangi qonun loyihasi taqdim etilishidan oldin ham u BMTning Jahon Oziq-ovqat dasturi rahbariyati mablag‘ qanday sarflanishi haqida shaffofroq ma'lumot bersa, Tesla’ning qiymati 6 mlrd dollarlik aksiyalarining bir qismini sotishi va jami tushumni mazkur dasturga bermoqchi ekanini aytgandi.

Koronavirus pandemiyasi turli mamlakatlarda oziq-ovqat muammolarini yuzaga keltirgan. Braziliyada aholining eng qashshoq qatlami vakillari savdogarlar tomonidan bozorda tashlab yuborilgan sabzavot va mevalarni yig‘ishga majbur bo‘lmoqda.

Mask bu haqda Jahon Oziq-ovqat dasturi direktorining chiqishidan keyin gapirgan. 13 oktyabrda direktor dunyoning ko‘plab mintaqalaridagi gumanitar falokatning oldini olish uchun zudlik bilan yarim yil ichida 6,8 mlrd dollar to‘plash kerakligi, aks holda koronavirus pandemiyasi fonida vaziyat yanada jiddiy tus olishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Mask tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma moliya olamini hayratga soldi. “Biz keng omma qiymati 21 dollarlik tanga otganini ko‘rdik”, — deya yozdi venchur sarmoyador Chamat Palixatiya.

Kaliforniya universiteti iqtisodchisi Berkli Gabriel Zuxman esa sayyoradagi eng badavlat odamning soliq to‘lashi Twitter’dagi ovoz berishga bog‘liq bo‘lmaydigan kun kelishini sabrsizlik bilan kutishini aytgan.

Mavzuga oid
Top