14:27 / 08.11.2021
45991

«Svet» o‘chishi, zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil oldingi tarix edi» – Senat raisi nima demoqchi bo‘lgandi?

Foto: Senat matbuot xizmati

6 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Senat raisi Tanzila Norboyevaning O‘zbekistonda «svet» o‘chishi besh yil avvalgi tarixda qolgani haqida gapirgani aks etgan videolavha tarqaldi. 

«Umuman olganda, «svet» o‘chishi, zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil oldingi tarix edi. Hozir bularning barchasi bartaraf qilindi», deydi Norboyeva videoparchada.

Ma'lum bo‘lishicha, Senat raisi bu gaplarni shu yil 18 oktabr kuni prezident saylovini yoritish bo‘yicha Toshkent shahridagi Xalqaro media hollda o‘tkazilgan «Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari» mavzusidagi ochiq muloqotda aytgan. 

Kun.uz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida Senat axborot xizmati bilan bog‘landi.

Oliy Majlis Senati matbuot kotibi Mo‘min Ibodov bu lavha jamoatchilik tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotganini aytib o‘tdi.

«Ushbu tadbir O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgani uchun biz yig‘ilishni tasvirga tushirmagan edik. Norboyeva bu tadbirda boshqacharoq, to‘liqroq gapirgan edilar. Bu tarqalgan lavha kontekstdan yulib olingan va noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayni paytda to‘liq videoni surishtiryapmiz. Videoni topib, undagi Senat raisining fikrlarini to‘liq va batafsil taqdim etamiz», deya ta'kidlagan Mo‘min Ibodov Kun.uz muxbirining savollariga javoban.

Ma'lumot uchun, ayni kunlarda ham respublikaning turli hududlarida elektr energiyasi ta'minotida ko‘plab uzilishlar davom etmoqda. Kunlar sovishi bilan bu jarayon yanada avj olgan. Odamlar tok va gaz yo‘qligi sabab sovuqdan aziyat chekayotgani haqida murojaatlar kelishda davom etmoqda.

Top