09:42 / 09.11.2021
7673

«IFly Airlines» aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi

“IFly Airlines” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Flickr

Qayd etilishicha, yo‘lovchilar huquqlari va tashuvchi majburiyatlariga rioya etishni ta'minlash maqsadida "O‘zaviatsiya" agentligi tomonidan 2020 yil oktabr oyida aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ - “O‘zaviatsiya”dan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.

“IFly Airlines” aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay, tegishli ruxsatnomalarni olmasdan qo‘pol ravishda talablarni buzib,  2021 yil noyabr oyida Moskva – Urganch – Sankt-Peterburg – Urganch – Moskva, Navoiy – Moskva hamda Sankt-Peterburg – Navoiy – Sankt-Peterburg yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada, aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi yo‘lovchilar o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan”, deyiladi xabarda.

“O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan “IFly Airlines” aviakompaniyasiga sanksiya tariqasida O‘zbekistonga charter parvozlarini amalga oshirishni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Aviakompaniyalar tomonidan bunday holatlar takrorlangan taqdirda “O‘zaviatsiya” agentligi parvozlarni amalga oshirish uchun berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qiladi.

Yo‘lovchilar va aviakassalar mutasaddilariga aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin "O‘zaviatsiya"  agentligi veb-saytining bosh sahifasidagi "Axborot jadvali" bo‘limida rejalashtirilgan charter parvozlarining  holati bilan tanishib chiqish tavsiya etilgan.

Avvalroq, Toshkent aeroportida 200dan ortiq yo‘lovchi to‘planib qolgani, ularning reysi jadvalga kiritilmagani ma'lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, yana bir turkompaniya 290 kishiga jadvalga kiritilmagan reysga aviachipta sotgani aniqlandi.

Kecha, 8 noyabr kuni esa Navoiy xalqaro aeroportida 200 yo‘lovchi to‘plangani, ularga ham jadvalda bo‘lmagan reysga chipta sotilgani ma'lum bo‘ldi.  

Mavzuga oid
Top