23:09 / 09.11.2021
6650

Yevropa Ittifoqida noqonuniy migratsiya bilan shug‘ullanuvchi mafioz tuzilma bor - Lukashenko

Foto: president.gov.by

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Yevropa Ittifoqida Yaqin Sharqdan qochqinlarni Belarus orqali boshqa davlatlarga tranzit qiluvchi mafioz tuzilma borligini aytdi. Siyosatchi “Natsionalnaya oborona” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenkoga bergan intervyusida Polsha va Litva chegarasida yuzaga kelgan migratsiya muammosiga shunday izoh bergan.

“Migrantlar kelib, chegaraga yo‘l olmoqda. Mana kecha, bu birinchi marta bo‘lishi, 2 mingga yaqin migrant Belarusning turli joylarida – Minskda, o‘rmonlarda to‘plandi. Ularni bu joylarga keltirishgan. Ushbu tranzitni muayyan odamlar ta'minlamoqda: ular migrantlarni samolyotga o‘tqazmoqda, samolyot bu yerga kelmoqda, so‘ngra ular chegaraga olib borilmoqda va undan o‘tkazib qo‘yilmoqda. Narigi tomonda ularni o‘zlarining odamlari – polyaklar, nemislar, ukrainlar qabul qilmoqda. Bularning barchasi ma'lum haq evaziga qilinmoqda”, deb aytgan Lukashenko.

Uning aytishicha, “bu ish bilan nemislar va asosan polyaklar hamda ukrainlar va litvaliklar, ya'ni muayyan mafioz tuzilma” shug‘ullanmoqda. 

“Qochqinlarning Germaniya, Fransiya, boshqa davlatlarda yacheykalari mavjud. Ular bir-biriga qo‘ng‘iroq qilishadi — “keling, sizni kutib olamiz”. U yerda ularni allaqachon kutishmoqda”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Belarus rahbari.

Uning fikricha, migrantlar Yevropa davlatlariga ko‘r-ko‘rona emas, balki manzilli yo‘l olmoqda.

“Ular mavhum joyga, fazoga yo‘l olishmayapti. Migrantlar Germaniyada ularni kutayotgan aniq odamlar oldiga yo‘l olishmoqda – kimningdir u yerda yaqinlari, do‘stlari va yana kimlaridir bor. Agar kimdir ular ming kilometrlab telbalarcha yuguryaptilar deb o‘ylayotgan bo‘lsa, adashadi – bu tentaklik. Barchasi puxta tashkillashtirilgan. Belarus bunda faqatgina bir oraliq bosqich”, deb ta'kidlab o‘tgan Belarus prezidenti.

Ayni vaqtda Litva va Polsha Belarus hududidan migrantlar oqimiga to‘qnash kelgan. Avgust oxirida Polsha noqonuniy muhojirlarga qarshi kurash maqsadida Belarus bilan chegarada tikanli sim o‘rnatgan. Litvada esa chegarada favqulodda holat e'lon qilinib, devor o‘rnatila boshlangan.

8 noyabrda Belarus va Polsha chegarasidagi Bruzgi-Kuznitsa nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida yuzlab qochqinlar to‘plandi. Minsk va uning qo‘shnilari o‘rtasida migratsion inqiroz boshlanganidan buyon bu yerda qochqinlarning bu qadar katta oqimi kuzatilmagan. Varshava bunga javoban chegaradagi 12 mingdan ortiq harbiyni jangovar holatga keltirgan.

Mavzuga oid
Top