18:33 / 11.11.2021
13962

Davron Hidoyatov mahalliy gazetalar obunasi uchun yana 505 mln so‘m ajratdi

Toshkent viloyatida soliq to‘lovchilarning 1,5 mlrd so‘mi uchta gazeta obunasi uchun ajratildi. Bu uchta nashrdan ikkitasi bevosita hokimlik muassisligida chiqadi.

Foto: Kun.uz

Bugun, 11 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov “Ijtimoiy obunachilarga ijtimoiy-madaniy gazetalar uchun obuna bo‘lishni tashkillashtirish to‘g‘risida” farmoyish imzoladi.

Farmoyishda mazkur hujjat uchun Prezident administratsiyasi rahbarining 2021 yil 27 yanvardagi 02-PA 1-1905-son topshirig‘i va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 oktyabrdagi 01-07/1-2195-son yig‘ilish bayoni asos bo‘lgani yozilgan.

“Mahalliy budjetning 2021 yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan viloyatdagi kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda yolg‘iz keksalar uchun ijtimoiy-madaniy gazetalarga obuna bo‘lish va ijtimoiy obunachilar ro‘yxatini shakllantirgan holda ushbu gazetalar o‘z egalariga tarqatilishini tashkillashtirish maqsadida ilovaga muvofiq viloyat hokimligiga 505 120,0 (besh yuz besh million bir yuz yigirma) ming so‘m mablag‘ ajratilsin”, – deyiladi hujjatda.

1 iyuldan hokimlarning qaror va farmoyishlari E-qaror portalida e'lon qilinishi majburiy bo‘ldi.

Farmoyish ilovasidan ko‘rinishicha, viloyat hokimi obuna uchun shu yilning 9 mart va 20 may kunlari ham mos ravishda qariyb 510 mln va 498 mln so‘mdan mablag‘ ajratgan. Uchta transhning jami summasi – 1 mlrd 512 ming 660 so‘m.

Ilovaga ko‘ra, ijtimoiy-madaniy gazetalar toifasiga faqat uchta nashr kiritilgan. Bular – “Toshkent haqiqati”, “Tashkenskaya pravda” va “Adabiyot ziyosi” gazetalaridir.

Dastlabki ikki nashrdan kelib chiqilsa, farmoyishda mantiq ko‘rinadi: hokimlik 100 foiz o‘zining muassisligidagi gazetani o‘zi sotib olib, muhtojlarga tarqatmoqchi.

Biroq muhtojlar o‘zlari to‘layotgan soliqlar evaziga aynan “Toshkent haqiqati”ni o‘qishni istaydimi yoki boshqa gazetanimi (balki umuman gazeta o‘qishni istamas?), bu borada ijtimoiy o‘rganishlar olib borilgani yoki borilmagani ma'lum emas.

Farmoyishda sanalgan nashrlar aynan kimlarga yetkazib berilishiga ham aniqlik kiritilmagan. Aftidan, Toshkent viloyat hokimligi “ijtimoiy obunachilar” degan yangi terminni muomalaga kiritmoqda.

Matbuotni qo‘llab-quvvatlash faqat o‘z tasarrufidagi nashrlar doirasida davom etar ekan, shu nashrlar xalq dardini yoritish asnosida hokimlikning yoki bevosita hokimning biror faoliyatini tanqid qilishiga ishonish mumkinmi?

Uchinchi nashr – “Adabiyot ziyosi” gazetasi qanday qilib bu ro‘yxatga kirib qolgani va nega aynan unga eng katta adadda buyurtma berilgani qiziq.

“Adabiyot ziyosi” gazetasining orqa sahifasida muassis O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi deb ko‘rsatilgan. Gazetaning bosh muharriri O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir hisoblanadi.

U shuningdek, Toshkent viloyat hokimi Davron Hidoyatov kabi Oliy Majlis Senatiga Toshkent viloyatidan saylangan senator hamdir.

Ma'lumot uchun, ayni paytda Kun.uz Toshkent viloyatidagi muhum strategik davlat obektini qurib bitirgan tadbirkorning bir necha yuz million so‘m pulini viloyat hokimligidan ololmayotgani haqidagi murojaatini o‘rganmoqda. 

Avvalroq, viloyat markazi Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova sharafiga haykal va istirohat bog‘i qurish uchun 28 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi.

Top