16:17 / 11.11.2021
5657

JARning oxirgi oq tanli prezidenti Frederik de Klerk vafot etdi

Janubiy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti Frederik Villem de Klerk 85 yoshida vafot etdi. Bu haqda Klerk fondining sahifasida xabar berildi.

Foto: AP

Klerk saraton kasalligi sabab vafot etgan. Shu yil mart oyida Klerkning o‘zi unda kam uchrovchi tana saratoni – mezoteliom aniqlanganini e'lon qilgandi. Bu kasallik asosan inson o‘pkasining faoliyatini yomonlashtiradi. Tezda davolanishni boshlagan Klerk iyun oyida operatsiya qilingandi. 2020 yil oktyabr oyida Klerkning o‘g‘li ham 53 yoshida aynan shu kasallikdan vafot etgan.

Frederik de Klerk 1989 yildan 1994 yilgacha JAR prezidenti bo‘lib ishlagan. U mamlakatning oxirgi oq tanli prezidenti edi. Klerk 1990 yilda JARda 33 yil javom etgan irqiy aparteid tizimiga chek qo‘yib, ozodlik harakati yetakchisi Nelson Mandelani qamoqdan chiqaradi. 1993 yilda Mandela va de Klerk birgalikda tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritadi.

Nelson Mandela va Frederik de Klerk tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini qabul qilmoqda. 1993 yil

1994 yilda Nelson Mandela JAR prezidenti bo‘lgach, de Klerk 1996 yilgacha ikki yil davomida mamlakatning ilk vize-prezidenti bo‘lib ishlagan.

Ma'lumot uchun, 1961 yildan 1994 yilgacha JARda irqiy ayirmachilikka asoslangan aparteid hukm surgan. Bu vaqt davomida mamlakatni 11 rahbar boshqargan va ularning barchasi oq tanli bo‘lgan. De Klerk aparteidni yakuniga yetkazgach, mamlakatni Nelson Mandelladan boshlab faqat qora tanli prezidentlar boshqarib kelmoqda.

Mavzuga oid
Top