09:00 / 12.11.2021
16400

Go‘sht narxining pasayishi nimalarga bog‘liq? Mutaxassislar bilan suhbat

O‘zbekistonda qancha qoramol mavjudligidan xabaringiz bormi? Go‘sht narxi arzonlashishi uchun nimalar qilish lozim?

Kun.uz muxbiri Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislaridan sohaga oid qator savollarga javob oldi.

 - Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda respublikadagi jami qoramollarning 92 foizi aholi xonadonlarida, qolgani esa qoramol yetishtirishga ixtisoslashgan tadbirkorlar tomonidan boqilayotgan ekan. Ixtisoslashgan fermalarda go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish borasida qanday ishlar qilinyapti?

- Matyoqub Matyoqubov, Chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:

Keyingi to‘rt yillikda chorvachilikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash yuzasidan prezidentning 5ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 7ta qarori qabul qilindi. Bularning barchasi chorvachilik fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, ularda mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish choralarini qamrab olgan.

Matyoqub MatyoqubovFoto: Kun.uz

Natijada joriy yilning o‘zida aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida 7 trln 200 mlrd so‘mlik 1828ta loyiha rejalashtirildi. Bugunga kelib, loyihalarning deyarli 88 foizi, ya'ni 5,5 trln so‘mlik loyihalarimiz amalga oshirib bo‘lindi. Hozirgi kunda qoramollari soni 300 boshdan 500 boshgacha bo‘lgan fermer xo‘jaliklari soni 460tadan oshdi. 2019 yilda bu raqam 140tani tashkil etgan. 500 boshdan 1000 boshgacha bo‘lgan chorvachilik komplekslarimiz soni 2019 yildagi 50tadan bu yil 300taga yaqinlashib qoldi. 1000 boshdan 5000 boshgacha bo‘lgan komplekslarimiz soni hozirda 136tani tashkil qiladi. 2019 yilda esa bunday komplekslar umuman bo‘lmagan.

Bulardan samarali foydalanish maqsadida “O‘zbekchorvanasl” agentligi mutaxassislari tomonidan qoramollar doimiy nazoratga olinib, ularni ratsion asosida oziqlantirish, vitaminlar yetkazib berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda respublikamizda jami 13 mln 700 ming bosh qoramol bor bo‘lsa, ularning deyarli 92 foizi aholiga, 8 foizi chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa chorvachilik sub'yektlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bundan 3 yil oldin chorvachilik sub'yektlarining ulushi 5 foizni tashkil etgan.

Yaqinda qo‘mitamiz tomonidan belgilangan 5 yillik dastur asosidagi rejalarimizga ko‘ra, 2025 yilga borib jami qoramollarning 80 foizi aholi xonadonida, 20 foizi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilishiga erishish nazarda tutilgan. Bu bilan biz go‘sht narxini barqaror saqlash, xalqimizni go‘sht va sut bilan uzluksiz ta'minlash, eksport qilish rejalarini ham belgilab olganmiz.

- Fermer xo‘jaliklari yetishtirayotgan qoramollar ulushining oshishi go‘sht narxiga qanday ta'sir o‘tkazadi?

Matyoqub Matyoqubov: Fermerlarimiz yetishtiradigan mahsulotlar tannarxi aholi tomonidan yetishtiriladigan mahsulot tannarxiga nisbatan arzon tushadi. Chunki fermerlarimizda haqiqiy mutaxassislar ish olib borishi bilan birga u yerdagi qoramollarning nasli ham yaxshi bo‘lib, naslli qoramollardan mahsulot olish yuqori bo‘ladi. Qoramollarni ratsion asosida oziqlantirib, zootexnika-gigiyena talablariga javob beradigan qilib yetishtirsak, ulardagi mahsuldorlik oshib, mahsulot tannarxi pasayishiga olib keladi.

Aholida esa har doim ham mutaxassis bo‘lmasligi yoki yetarli imkoniyat yaratilmasligi mumkin. Shuningdek, xonadonda mahsulot kam yetishtirilishi uning tannarxini ko‘tarib yuboradi.

Shu sababli fermerlardagi qoramollar ulushining oshishi narxlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Bahriddin Rahmonov, Baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik bo‘limi boshlig‘i:

Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsam, maqsad aholidagi qoramolni kamaytirish emas, balki fermer xo‘jaliklaridagi chorvani ko‘paytirish hisobiga bozorda chorvachilik mahsulotlari narxini barqarorlashtirish, uzluksiz ta'minotini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

Bahriddin RahmonovFoto: Kun.uz

Narx-navoni barqarorlashtirishda yuridik shaxslar bilan ishlash osonroq bo‘ladi. Chunki ularda chorva hayvonlarini parvarishlashning ratsional usullari, ya'ni vaqtida oziqlantirish, vaqtida davolash, vaqtida naslchilik ishlarini davom ettirish imkoni mavjud.

Chorvachilikda eng muhim jihatlardan biri – bu naslchilik hisoblanadi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tarkibida “O‘zbekchorvanasl” agentligi faoliyat yuritadi. Joylarda naslchilik ishlarini samarali tashkil etish, qoramollarni sun'iy urug‘lantirish orqali naslni yaxshilash ishlari bilan 1,5 ming nafarga yaqin aholi band qilingan. Shu bilan birgalikda sun'iy urug‘lantirish ishlariga hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan veterinariya uchastkalaridagi xodimlar ham jalb etilgani uchun oylik maoshlariga qo‘shimcha ustamalar qo‘shilgan. Shuning hisobiga, birgina o‘tgan yilni aytadigan bo‘lsak, aholi qaramog‘idagi 2 mln 150 ming boshga yaqin sigir sun'iy urug‘lantirishga erishildi hamda ulardan birinchi avlod naslli hayvonlarni olish natijadorligini ko‘rishimiz mumkin.

Abbos Salaydinov / Foto: Kun.uz

- Qoramol yetishtirishda fermerning eng asosiy muammosi ekin ekish uchun yer olish hisoblanadi. Bu muammo qanday hal qilinyapti?

Matyoqub Matyoqubov: Chorvachilik fermer xo‘jaliklarimizning ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida respublikamiz bo‘yicha 339 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Bundan tashqari, takroriy ekin sifatida 176 ming gektar yer maydonlari ozuqa ekinlari ekish uchun ajratilgan.

Joriy yilda amalga oshirilgan loyihalar hamda ularni kengaytirish hisobiga hozirgi vaqtda chorvachilik fermer xo‘jaliklarimizga 12 ming gektar yer yetishmaydi. Biz bu maydonlarni ajratish yuzasidan tegishli tashkilotlarga, ya'ni viloyat va tuman hokimliklariga xatlar berganmiz.

Shuningdek, chorvani oziqlantirish bo‘yicha innovatsion usullar ham qo‘llanilmoqda. Masalan, hozirda naslchilik va sutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarimizning aksariyatida gidroponika usulida oziqlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu degani, chorvador bug‘doyni namlab, ko‘kartirish orqali – 300 kv metr maydondan deyarli 30 gektarga yaqin yerning hosilini oladi. Bunda, 1 kg bug‘doydan chorva uchun 7 kg shirali, to‘yimli ozuqa olinyapti. 1 kg bug‘doy narxi bozorda 3 ming so‘m bo‘lsa, kunjaradan qolishmaydigan 1 kg ozuqa narxi 450-500 so‘mga tushyapti. Fermerlarimiz gidroponika usulida olingan ozuqaga dag‘al xashakni aralashtirib ham berishmoqda. Fermerlar bilan gaplashib ko‘rganimizda, 8 litr sut berib kelgan sigirlari gidroponika usulida oziqlantirilganidan keyin 20 litrga yaqin sut berayotganini aytishdi.

Abbos Salaydinov suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Muhiddin Qurbonov, Azimjon Vohidov.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Top