23:00 / 14.11.2021
8078

Hakerlar FQB elektron pochtasini buzib kirib, undan yolg‘on xabar tarqatdi 

AQShning Federal qidiruvlar byurosi 13 noyabrda hakerlar byuroning elektron pochtasini buzib kirib, u yerdan minglab akkauntlarga kiberhujumlar sodir etilishi mumkinligi haqida yolg‘on xabar yuborganini tasdiqladi.

Foto: Reuters

FQBda ta'kidlanishicha, maktublar byuroning @ic.fbi.gov bilan tugovchi elektron pochtasidan yuborilgan.

“Ayni vaqtda boshqa qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim qila olmaymiz”, deb aytilgan maxsus xizmat bayonotida.

Avvalroq Bloomberg axborot agentligi hakerlar FQB pochtasini buzib kirgani haqida ma'lum qilgan. 

Foydalanuvchilarga yo‘llangan maktubda hakerlik hujumini kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Vinni Troya amalga oshirishi aytilgan. Troya 2020 yilda The Dark Overlord hakerlik guruhiga nisbatan surishtiruv olib borgan. Ekspertlarning ta'kidlashicha, hakerlar shu tariqa Troya nomiga “dog‘ tushirmoqchi” bo‘lishgan.   

Spamhaus Project britan tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, hakerlar kamida 100 ming akkauntga spam jo‘natgan va buni Nyu-Yorkdan boshlagan.

Kiberxavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi BlueVoyant kompaniyasi bo‘limi boshlig‘i Ostin Berglasning ta'kidlashicha, FQBda bir nechta elektron pochta mavjud bo‘lib, 13 noyabrda buzib kirilgani umumiy foydalanish uchun mo‘ljallangan. FQB xodimlari undan jamoatchilik bilan yozishmalarda foydalanadi. Byuro xodimlari maxfiy axborot bilan bo‘lishish uchun esa boshqa elektron pochta tizimini qo‘llaydi.

Top