21:17 / 15.11.2021
46802

«Sen Putinning malayisan» – Saakashvilining qamoqdagi videolari e'lon qilindi. Unga noinsoniy munosabatda bo‘lishgani aytilmoqda

Gruziya jazoni ijro etish xizmati mamlakat sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining Rustavidagi qamoqxonadan kuch bilan kasalxonaga olib ketilayotgani tasvirlangan video e'lon qildi. Bir oydan ko‘proq vaqt davomida ochlik e'lon qilgan sobiq prezident Yevropa sudi chaqiruviga ko‘ra ochlikni to‘xtatishga roziligini aytgan, faqat u aytgan shartlar bajarilishi talabi bilan.

FACEBOOK.COM/SAAKASHVILIMIKHEIL

Video Saakashvilining feysbuk sahifasida ham e'lon qilindi. Gruziyaning uchinchi prezidentining advokatlari esa videoda unga nisbatan qilingan muomala ular avvalroq aytgani kabi ekani va kadrlar ular ilgari surgan da'volarni isbotlashini ta'kidlagan. Ularning fikricha, qamoq kasalxonasi Saakashvili uchun xavfsiz emas.

Ammo Gruziya hukumati bu videoni boshqa maqsadda tarqatdi. Ularning fikricha, video Saakashvili o‘zini qanchalik yomon tutadigan inson ekanining isboti. «Jamoatchilik haqiqatni bilishga haqli. Aynan shu sababdan videolar jazoni ijro etish xizmati tomonidan e'lon qilindi», dedi bu haqda Gruziya adliya vaziri Rati Bregadze.

E'lon qilingan videolar 8 noyabr kuni yozib olingan. O‘sha kuni Saakashvili mahbuslar davolanadigan Tbilisidagi 18-kasalxonaga ko‘chirilgandi. Videolarda bir necha kishi Saakashvilini qo‘l-oyog‘idan ko‘tarib kasalxona palatasiga olib kirgani ko‘rinadi. Beligacha yalang‘och bo‘lgan sobiq prezident bir videoda oq xalatdagi odamni palatadan turtib chiqarishga uringan. Kadrlarda sobiq prezidentning shu kabi harakatlari ko‘ringan.

Navbatdagi video esa boshqalaridan farqli ovozli edi. Unda Saakashvili uni kasalxonaga olib borganlar bilan janjallashgani eshitiladi. «Kadrlarda Saakashvili mahkama xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ularni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgani ko‘ringan», deyiladi video izohida.

Kadrda Saakashvili mashinadan tushmasligini aytib, uni qamoqxonaga qaytib olib borishlarini so‘raydi. Uni tinchlanishga undagan xodimga esa «Sen Putinning malayisan, Putinning aytganini bajaryapsan. Tinchlan deganing nimasi, jin urgur», deydi.

Sobiq prezidentning advokatlari u kasalxonaga o‘z xohishi bilan bormagani va Saakashvili bunga qarshilik qilmagani haqidagi gaplar yolg‘on ekanini isbotlashini aytgan. Shuningdek, ular Saakashviliga qamoqda noinsoniy munosabatda bo‘lishayotganini ta'kidlashgan.

Saakashvilining shartlari

Sentabr oyi oxirida Gruziyaga yashirincha kelgan Saakashvili 1 oktabr kuni qo‘lga olingandi. Avvaliga samolyotda qaytishini aytgan sobiq prezident keyinchalik suv yo‘li orqali mamlakatga kirgani taxmin qilindi. Uning Gruziyada ekanini o‘zi Batumidan video joylagach, bilib qolishdi. Gruziya hukumatida boshlanishiga bu video yangi ekaniga shubha ham bildirishgandi.

Mixail Saakashvili avtomobilda o‘tirganida olingan videoning ovozi bor
SPECIAL PENITENTIARY SERVICE OF GEORGIA

Gruziyada Saakashviliga nisbatan bir nechta jinoiy ish ochilgan. Ularning ikkitasiga asoslanib sobiq prezidentga sirtdan 6 yillik qamoq jazosi tayinlangandi ham. Saakashvili uni qo‘lga olishgan kundan boshlab ochlik e'lon qildi va o‘zining qo‘lga olinishini siyosiy holat deb baholab keladi.

Siyosatchini avvaliga Rustavidagi qamoqxonaga olib borishdi. 8 noyabr kuni shahar markazida minglab odamlar uni kasalxonaga yuborishlarini so‘rab yig‘ilgach, sobiq prezident Gldandagi kasalxonaga o‘tkazildi. Videolarda o‘sha ko‘chish holati aks etgan.

Payshanba kuni Saakashvili ochlikni o‘zi aytgan shartlar evaziga bas qilishga tayyorligini bildirgan. Birinchi shart Gldan kasalxonasidan ketish. Siyosatchi ushbu kasalxonada davolanish uchun yetarli sharoit yo‘q deb hisoblaydi va u yerdagi xavfsizligi ham ta'minlanmagan degan fikrda. U Goridagi harbiy gospitalda qolishga ham qarshi. Siyosatchining fikricha, «rus bosqinchilari ta'siridagi armiya» va maxsus kuchlar u yerdan bir necha kilometr masofada bo‘ladi.

Shuningdek, sobiq prezident shifokorlar konsiliumi uning ochlikdan keyingi reabilitatsiyasi qayerda o‘tishi mumkinligini belgilashini talab qilmoqda. «Bu tavsiya emas, majburiy qaror bo‘lishi kerak. Unga men ham bo‘ysunaman va hukumat ham bo‘ysunishi kerak deb hisoblayman. Shu talablar bajarilsa va men mana bu kasalxonaga emas, men aytgan talablar bajariladigan kasalxonaga o‘tkazilsam, ochlikni bas qilaman», degan Saakashvili bayonotida.

Sobiq prezidentning fikricha, hukumat yuqoridagi videolarni e'lon qilish orqali mamlakatdagi ahvolni tizgindan chiqarib yuborishi mumkin. Uning fikricha, bu «chegara yaqinidagi turg‘un vaziyatni tinchlantirish» maqomidagi «Rossiya bosqini» boshlanishiga ham olib kelishi tayin. Shu sabab Saakashvili Strasburg sudi chaqiruviga ko‘ra ochlikni to‘xtatmoqchi.

Oldinroq Strasburgdagi inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Saakashvilini ochlikni to‘xtatishga chaqirib, o‘z navbatida hukumat sobiq prezidentga davolanish sharoitini yaratib berishi kerakligini ta'kidlagandi. Gruziya adliya vaziri Rati Bregadze Saakashvili ochlikni to‘xtatishidan faqat xursand bo‘lishini aytgan. Ammo hech qanday shartlarsiz.

Nega Saakashvilini qamoqxona kasalxonasi qoniqtirmayapti?

Saakashvili boshqa muassasaga o‘tgani tezda bilinmadi. Avvaliga siyosatchining onasi uni ko‘rgani borib, ko‘risha olmagach, to‘polon ko‘tardi. OAV esa sobiq prezident Goridagi harbiy kasalxonaga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Jazoni ijro etish qo‘mitasi ham shundan keyingina Saakashvili 18-kasalxonaga o‘tkazilganini ma'lum qildi. Shungacha mahkama sobiq prezidentning ahvoli barqaror ekanini aytayotgandi.

Tarqatilgan kadrlarda Saakashvili xotirjamlik bilan narsalarini yig‘ishtirayotgani aks etgan
SPECIAL PENITENTIARY SERVICE OF GEORGIA

Saakashvilining qamoqxonadan e'lon qilingan birinchi kadrida u xotirjamlik bilan hujjatlarini yig‘ishtirayotganini ko‘rish mumkin. Ya'ni siyosatchi kasalxonaga majburlab olib ketilmagan degan ma'noda shu video e'lon qilindi. Siyosatchining advokatlari esa 18-kasalxona uning hayoti uchun xavfli deb hisoblaydi. Ularning fikricha, kasalxonada nafaqat uning sog‘ligiga, balki xavfsizligiga ham tahdid bor, chunki u Gldan qamoqxonasining hududida joylashgan va u yerda o‘ta og‘ir jinoyati uchun qamalganlar ham saqlanadi.

Saakashvili prezident bo‘lgan vaqtida Gruziya hukumati uyushgan jinoyatchilik bilan jiddiy kurash olib borgan, lekin o‘z navbatida mahkumlarning huquqlari buzilayotgani uchun inson huquqlari faollarining tanqidlari ostida ham qolgandi. Saakashvilini qamoqxonaga olib borishganda mahkumlar kamera derazalaridan baqirayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Advokatlarning fikricha, Saakashvili qamoqxonada ruhiy terror holatida turibdi.

Adliya vazirligiga ko‘ra esa Saakashvili kasalxonaga faqat salomatligini yaxshilash uchun olib borilgan, boshqa maqsadda emas. Siyosatchining o‘zi davolanishdan bosh tortgani iddao qilinmoqda.

Saakashvilini aldashgan

Saakashvili qo‘l-oyog‘idan ushlab qamoqxona kasalxonasiga olib borilayotgani inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning tanqidiga sabab bo‘ldi.

Saakashvili ozod etilishini talab qilib minglab kishilar mitingga chiqqan / REUTERS

Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman Nino Lomjariya bu harakatni inson huquqi, sharafi va daxlsizligiga zid, deb atadi. Uning fikricha, yarim yalang‘och va abgor holatdagi Saakashvilining ko‘rsatilishi qonunsizlikning hammasini ham ifoda eta olmaydi. Ombudsman vakilining aytishicha, Saakashvilini yolg‘on bilan kasalxonaga olib borishgan. Sobiq prezident ham uni shifoxonaga olib boramiz, deb aldaganliklarini bayonotida keltirgan.

«Rad qilishimga qaramay, meni mashinadan tushirib, yerga yotqizib, yuzimga urishdi, sochimdan tortishdi. Tabiiyki qarshilik qildim. Palatada ham shunday bo‘ldi, tushunarsiz kriminal tibbiyotchi tanamga qandaydir modda yubormoqchi bo‘ldi, men qarshilik qilib uni itarib yubordim. Mening xatti-harakatlarim qo‘pol muomala va zo‘ravonlik sabab yuzaga kelgan stress vaqtida sodir bo‘ldi», degan Saakashvili bu haqda.

Gruziyada kuch ishlatar tuzilmalar faoliyatini nazorat qilish va shaxsiy ma'lumotlarni himoya qiluvchi maxsus tashkilot bor. Bu tashkilot Saakashvili bilan qamoqxonada noinsoniy munosabatda bo‘lishgani da'vosi bo‘yicha surishtiruv boshlagan. Bu boradagi davlat inspektorining aytishicha, e'lon qilingan videolar da'voning asosli ekanini isbotlashi mumkin. Inspektor hukumatni Gruziya uchinchi prezidentining shaxsiy ma'lumotlari bo‘lgan kadrlarni chiqarishni to‘xtatishga, insonning qadr-qimmatini hurmat qilishga chaqirgan.

Bu vaqtda Gruziya adliya vazirligi Saakashvilining tibbiyot muassasasi xodimlariga qarshilik qilgani va ularning qimmatli uskunalariga zarar yetkazgani bo‘yicha surishtiruv boshlanganini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, Mixail Saakashvili 2004 yildan 2013 yilgacha Gruziya prezidenti bo‘lgan. Saakashvili asos solgan, muxolif kayfiyatdagi «Yagona milliy harakat» partiyasi amalga oshirgan norozilik aksiyalari sabab 2004 yil Gruziyada hukumat almashadi. Saakashvilini Gruziyada ham, dunyoda ham islohotchi prezident deb bilishadi. Ko‘plab gruziyaliklar Saakashvili mamlakatdagi hayot tarzini yaxshi tomonga o‘zgartira olgan deb hisoblashadi.

Mavzuga oid
Top