17:07 / 17.11.2021
8868

Donasi 36 mln so‘mlik «AAA» kabi seriyali davlat raqamidan 15 tacha qolgan - YHXBB boshlig‘i

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olim Saidov Kun.uz so‘roviga javoban 1 noyabr holatiga ko‘ra sotuvda 15 tacha «AAA» seriyali avtoraqam qolgani, ularni istalgan shaxs sotib olishi mumkinligini ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

«2021 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra «AAA» seriyali 15 tacha davlat raqam belgisi qolgan xolos. Ushbu avtoraqamlarni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 31 avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida belgilangan tartibda to‘lovni amalga oshirgan holda olish mumkin.

«AAA» seriyali auksion toifasiga kiradigan raqamlar onlayn auksionda sotib bo‘lingan. Qolganlari esa auksion toifasiga kirmaydi, shuning uchun ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtma asosida sotib olish mumkin”, deyiladi tahririyatga Olim Saidov imzosi bilan taqdim etilgan javob xatida.

Biroq IIV bosh boshqarma boshlig‘i 2021 yilning 10 oyida onlayn auksion orqali nechta «UZB» seriyali, nechta «AAA» seriyali avtoraqam sotilgani, ularning necha foizi jismoniy shaxslar, qanchasi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingani, mazkur seriyadagi avtoraqamlar savdosidan qancha pul tushgani haqidagi savollarga javob bermagan. Rasmiy xatda, shuningdek, xohlovchilar «UZB» seriyali avtoraqamlarni qay tartibda sotib olishi mumkinligiga oydinlik kiritilmagan.

Avvalroq Olim Saidov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida «UZB», «AAA» seriyali avtoraqamlar biron-bir tashkilot yoki muayyan shaxslarga biriktirilmagani, istalgan fuqaro ularni ochiq savdoda xarid qilishi mumkinligi, masalan, «AAA» seriyali davlat raqamlari 2017 yildan buyon 36 million so‘mga sotilayotgani, «UZB» seriali raqamlarni ham xuddi shunday tartibda istalgan fuqaro xarid qilishi mumkinligini aytgandi.

Mavzuga oid
Top